Ikki talaba qanday qilib «Apple»ni salkam million dollarga «tushirdi»?
AQShda xitoylik ikki nafar talaba bilan bog‘liq mojaro qo‘zg‘aldi. FBR surishtirib bilsa, Oregon shtatida yashovchi chinlik ikki fuqaro — Yanyan Chjou va Syuyan Szyan o‘zlari tuzgan firibgarlik sxemasi orqali kimsan «Apple» kompaniyasini qariyb million dollarga chuv tushirib ketishgan.
Talabalarning rejasi juda oddiy, ammo samarali edi: ular «Apple»ning servis markazlariga qalbaki «iPhone»larni «ta’mirlatishga» berishgan: kompaniya tuzata olmagan telefonlarini yangisiga almashtirib berishi esa hech kimga sir emas...
Sxema qanchalik pul keltirishini solishtirib bilsa bo‘ladi: ta’mirtalab qalbaki «ayfon — 30 dollar, tuzatib bo‘lmas smartfon o‘rniga beriladigan «ayfon» — o‘rtacha 600 dollar.
Qizig‘i, topshirilgan qurilmalarning «originalligi»ni tekshirish servislardagi xodimlarning xayoliga ham kelmagan. Ishlamayaptimi, bas, o‘rniga yangisini jo‘natib yuboraverishgan.
Xullas, ikkovlon kompaniyaning avtorizatsiyadan o‘tgan servislariga 3069 marotaba (!) murojat qilib, 1493 martasida yap-yangi «korobka ayfon»li bo‘lishgan. Keyin esa bularni o‘z yurtlariga «eksport qilishgan»: qarindoshlariga, hamtovoqlariga yo‘llashgan, onlayn maydonchalar va ijtimoiy tarmoqlarda pullashgan.
Ikki talaba bir bo‘lib korporatsiyaga 895 800 dollarlik zarar yetkazgan. Chjou noqonuniy eksport, Szyan esa kontrafakt tovarlar savdosi bilan bilan shug‘ullanganlikda ayblanyapti. Ular 10 yilgacha panjara ortiga yuborilib, yetkazilgan zarar badaliga 2 million dollar jarima to‘lashlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter