Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huawei «Green Uzbekistan» loyihasini davom ettirmoqda

Huawei «Green Uzbekistan» loyihasini davom ettirmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi akselerator laboratoriyasi 2020 yilda Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha kraudfanding (ommaviy mablag‘ to‘plash) tadbirini boshladi. Ushbu tadbir doirasida mamlakatdagi har bir fuqaro, tashkilot va kompaniya saksovul ko‘chatlarini ekishga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.

O‘tgan yili Huawei Uzbekistan kompaniyasi Green Uzbekistan tashabbusini ilgari surgan va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi Green Aral Sea nomli loyihasiga qo‘shilgan edi. Mazkur loyiha Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish orqali iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va Qoraqalpog‘iston aholisining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan.

«Loyiha ishga tushgani zahoti Huawei darhol qo‘llab-quvvatladi va deyarli 20 mingga yaqin ko‘chatni o‘tqazishda yordam berib, «Yashil chempion» unvonini qo‘lga kiritdi. Biz loyihada faqatgina bir marta ishtirok etish bilan cheklanib qolmaymiz, bu yil kompaniyamiz tomonidan ekilgan ko‘chatlar sonini 30 mingtaga yetkazmoqchimiz. Kelgusi 10 yil ichida Orol dengizining tubi yashil tusga kirishiga o‘z hissamizni qo‘shishni davom ettirmoqchimiz. Yaqinda BMT Bosh assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish bo‘yicha maxsus qaror qabul qildi. Unda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy holatini yaxshilashga qaratilgan qator chora-tadbirlar va tashabbuslar belgilab qo‘yildi. O‘ylaymanki, bizning kompaniyamiz qo‘shgan arzimas hissa ham mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha umumiy ishga katta foyda keltirishi mumkin», – deya ta’kidladi Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Lyu Szyasin.

Huawei Uzbekistan jamoasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakillari bilan birgalikda Mo‘ynoqdan 85 km uzoqlikda joylashgan 100 gektarlik alohida yer uchastkasiga tashrif buyurdi. Bu yerda loyiha bo‘yicha tajribalar amalga oshirilmoqda.

«Biz Orol dengiziga, aniqrog‘i qachonlardir dengiz bo‘lgan joyga yetib keldik. O‘sha yerda turibgina o‘zgarishlarning butun ko‘lamini va ekologik fojea oqibatlarini to‘liq anglab yetar ekansiz. Aynan shu tufayli ham biz mintaqaga ko‘proq e’tibor qaratishga qaror qildik. Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish – biz o‘z hissamizni qo‘shishni istagan yo‘nalishlardan biri xolos. Bundan tashqari biz ushbu mintaqada raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, Qoraqalpog‘istonning AKT sohasidagi salohiyatini aniqlash, yoshlarning IT-texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, hamda, aloqa operatorlari uchun «green» yechimlarni taqdim yetish uchun bel bog‘ladik», – dedi korporativ aloqalar departamenti rahbari Davron Azizov.

Green Uzbekistan loyihasi Huawei kompaniyasi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan yagona loyiha emas. May oyining boshida Huawei va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) 5G texnologiyalari, aqlli datchiklar va katta ma’lumotlarga intellektual ishlov berish platformalari asosida ma’lumotlarni boshqarish, monitoring qilish va qayta ishlash tizimlaridan foydalangan holda «aqlli qishloq xo‘jaligi» loyihasini ishga tushirdi. Mazkur loyiha O‘zbekistondagi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring