Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gran-pri — Madridga yo‘llanma! Toshkentda Open Data Challenge tanlovi o‘tkaziladi

Gran-pri — Madridga yo‘llanma! Toshkentda Open Data Challenge tanlovi o‘tkaziladi

Фото: «Xabar.uz»

Joriy yilning 30-noyabridan 2-dekabriga qadar poytaxtimizda Open Data Challenge-2018 (Xakaton) — ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ilovalar ishlab chiqish bo‘yicha an’anaviy tanlov bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi ostida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari kordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakilligi, Jahon bankining Toshkentdagi vakilligi tomonidan tashkil qilinmoqda.

Tanlov hamkorlari – «UZINFOCOM» MChJ yagona integratori, «Xabar» gazetasi va «ICT News», «InfoCOM.UZ» jurnallari.

Open Data Challenge tanlovida ishtirokchilar ochiq ma’lumotlardan foydalanib, aniq belgilab berilgan muddat ichida abstrakt g‘oyalarni yangi veb yoki mobil xizmatlarning tajriba namunalariga yoki alfa-ko‘rinishlariga keltirishadi.

Uch kun davomida Open Data Challenge-2018 ishtirokchilari jamiyatning barcha jabhalari – moliya, transport, ta’lim, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ekologiya va boshqa yo‘nalishlarda foydali bo‘lgan yangi loyihalarni taqdim etadilar.

Open Data Challenge-2018 tanlovida ishtirok etish bepul. Faqatgina qatnashchilar ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Tashkilotchilar ishtirokchilarni internet bilan ta’minlab, ishlash uchun qulay sharoit yaratib berishadi.

Xakaton natijalari bo‘yicha quyidagi nominatsiyalarda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

  1. «Aqlli shahar» uchun ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi loyiha (mobil yoki veb-ilova);
  2. Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha (mobil yoki veb-ilova);
  3. Ochiq ma’lumotlarni generatsiyalash (transformatsiyalash) buyicha eng yaxshi loyiha (mobil yoki veb-ilova).

Shunday qilib, mobil va veb-ilovalar tadbirning moddiy mahsuli bo‘ladi. Loyihalarni ishlab chiqishdan tashqari, Xakaton doirasida dasturchilar uchun ochiq ma’lumotlar bilan ishlashga oid treninglar bo‘lib o‘tadi.

Xakaton natijalariga ko‘ra birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan ishtirokchilar qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Bu yilgi tanlovda Gran-pri ham ko‘zda tutilgan – eng yaxshi deb topilgan jamoa Madrid shahridagi (Ispaniya) Xalqaro konferensiyaga yo‘llanma oladi. Gran-pri sohibi Ekspert hakamlar tomonidan uch yo‘nalishda birinchi o‘rinni olganlar orasidan tanlab olinadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi havola bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish lozim: https://data.gov.uz/ru/challenge/register.

Shunindek, Facebook tarmog‘idagi https://www.facebook.com/OpenDataChallenge/ sahifasida ham kerakli ma’lumotlar taqdim etilgan.

Tadbir o‘tkaziladigan sanalar:

Ro‘yxatga olish 25-noyabrgacha.

Open Data Challenge 2018 treninglar v konferensiya kuni 30-noyabr.

Open Data Challenge 2018 Xakaton kunlari 1-2-dekabr.

Taqdimotlar va g‘oliblarni aniqlash 2-dekabr.

G‘oliblarni taqdirlash marosimi – 7-dekabr.

O‘tkazilish joyi: Toshkentdagi Inha universiteti (Mirzo Ulug‘bek tumani, Ziyolilar ko‘chasi, 9)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring