Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Germaniyadagi imkoniyatlar, Toshkentdagi muammolar»: Yevropada ishlayotgan o‘zbek dasturchisi bilan suhbat

«Germaniyadagi imkoniyatlar, Toshkentdagi muammolar»: Yevropada ishlayotgan o‘zbek dasturchisi bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi suhbatdoshi Germaniyada mehnat faoliyatini olib borayotgan dasturchi Jahongir Rahmonov. U qariyb bir yarim yildan buyon «Delivery Hero» kompaniyasida Software Engineer sifatida ishlab keladi.

Suhbatimiz IT-sohasi, Germaniyadagi imkoniyatlar, Toshkentdagi bir qator muammolar va boshqa mavzularda kechdi.

Darslarning yarim soati o‘tar-o‘tmas uyqum kelardi...

Asli Andijonda tug‘ilgan bo‘lsam-da, Namanganda yashab, ulg‘ayganman. Maktab va akademik litsey tahsili ham Namanganda bo‘lgan.

Bakalavr bosqichini Toshkentdagi Xalqaro Vestminster univeritetida grant asosida o‘qidim. Universitet paytida «Global Solutions», «Shift Technologies» va «Newmax» kabi kompaniyalarda ishlab ko‘rganman. Bitirganimdan so‘ng esa «Super Dispatch» kompaniyasida 3 yilcha ishladim. Qariyb bir yarim yil avval «Delivery Hero» kompaniyasida ishlash uchun Germaniyaga ko‘chib keldim. Bu yerda Software Engineer sifatida ishlab kelyapman.

Universitetga qabul qilinganimda dastlab iqtisodiyot yo‘nalishini tanlashga qaror qilgandim. Chunki ko‘pchilik qarindoshlarim bank sohasida ishlashar, ba’zilari sohada yaxshigina yutuqlarga erishib ulgurishgandi. Talabalikning birinchi bosqichida qo‘shimcha buxgalteriya kurslariga qatnay boshladim.

Biroq, buxgalteriyaga qiziqmaganim uchunmi, darslarning yarim soati o‘tar-o‘tmas uyqum kelardi. Shunda amin bo‘ldimki, bu soha menga to‘g‘ri kelmaydi. Omadim kelib, universitetning birinchi yilida ma’lum bir yo‘nalishni tanlash shart hisoblanmagan. Hamma sohadan darslar bo‘lardi. Shularning biri dasturlash edi. Ishonsangiz, ana shu darslarga qatnashganimda butun diqqat-e’tiborimni mavzuga qarata olardim. Umuman, IT-sohasidagi darslar men uchun juda qiziq edi. Oxiri qat’iy qarorga kelganman — dasturlash men uchun!

Dasturchilik boshqa yo‘llarda ham daromad topishga yo‘l ochib beradi

Ochig‘i, faoliyatim ortidan aynan qancha daromad topayotganimni ayta olmayman. Chunki oylik-maoshlarni aytish hozirgi ish joyim qoidalariga zid. Ya’ni, NDA (non-disclosure agreement) orqali himoya qilinadi.

Lekin oylik maosh yagona daromad manbasi emas. Dasturchilik boshqa yo‘llarda ham daromad topishga yo‘l ochib beradi. Men testdriven.io platformasida onlayn kurs yaratganman. Bu kurs o‘tgan yili 4 ming dollargacha daromad olib keldi. Eng qizig‘i, buning uchun men boshlang‘ich ishdan tashqari hech nima qilganim yo‘q.

Toshkentda ishlab yurgan paytlarim menga «LinkedIn» platformasi orqali Germaniyada ishlash taklifi bilan murojaat qilishdi. Kutilmagan va qiziq taklif edi. Hujjatlarimni onlayn taqdim qildim. Bir qator sinovlardan o‘tganimdan keyin ular ish taklifini yuborishdi va men uni imzoladim. Biroq o‘rtada Germaniyaga viza olish masalasi uzoq jarayon bo‘ldi. Nihoyat, 2019-yil oxirida Germaniyaga, «Delivery Hero» kompaniyasining bosh shtab-kvartirasida Software Engineer sifatida ishlash uchun ko‘chib keldim.

Kompaniyamiz Yevropadagi eng yirik onlayn oziq-ovqat yetkazib berish xizmati ko‘rsatuvchisi. Qolaversa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi 40 dan ortiq mamlakatlarda xizmat ko‘rsatadi. Umuman, 500 mingdan ortiq restoranlar bilan hamkorlik aloqalari mavjud.

Muammo biroz yumshatilgan bo‘lsa-da, to‘liq hal etilmadi

Germaniyaning ijobiy taraflari juda ham ko‘p. Masalan, Yevropa qit’asidagi eng kuchli iqtisodiyot. Bu o‘z navbatida mahalliy aholining yashash sharoiti yaxshi ekanligini ko‘rsatadi. Ya’ni yon-atrofingizdagilar o‘ziga to‘q odamlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak bu yerda jinoyatlar, o‘g‘irliklar kam. Ayniqsa, korrupsiya ham!

Mamlakatda biznes yuritish oson. Shuuning uchun ham jahonning eng zo‘r va yirik kompaniyalari bemalol Germaniyaga kirib kela oladi. Bunga «Google» va «Amazon» kabi kompaniyalar yaqqol misol. Qolaversa, yirik kompaniyalar o‘zlari uchun kerakli mutaxassislarni xorij davlatlaridan olib kelishiga yaxshi sharoit yaratilgan. Shu sababli deyarli istalgan mutaxassisni dunyoning xohlagan nuqtasidan topishingiz va olib kelishingiz mumkin.

Bizda esa, afsuski, 2-3 ta texnologiyadan tashqariga chiqsangiz, mutaxassis topishga qiynalib qolasiz. Mavzudan biroz chetga chiqsam-da, Toshkentning hali-hanuz «alohida respublika» ekanligini aytmasam bo‘lmaydi. Ayniqsa, talabalik yillarimda propiska degan narsa bo‘lardi. Propiska berishni to‘xtatib, tekshirish to‘xtatilmagan paytlar ham bo‘lgan. Hozir ushbu muammo biroz yumshatilgan bo‘lsa-da, biroq to‘liq hal etilmadi.

Germaniyada bunday muammo yo‘q, umuman, bu yerda xotirjam yashaysiz. Stress ko‘p emas. Chunki charchagan paytingizda dam olish uchun yetarlicha parklar, manzarali maskanlar bor. Eng muhimi, ularga kirish O‘zbekistondagi Tashkent City kabi pulli emas, mutlaqo bepul.

Transport sohasi alohida mavzu: infratuzilmasi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Poyezdlar, metrolar, tramvaylar, avtobuslar, hammasi yaxshi ishlaydi. Ayniqsa, velosiped ishqibozlariga sharoit qilib berilgan. Shuning uchun aksariyat hamkasblarim ishxonaga velosipedda qatnashadi.

Doimiy vorkshoplar uyushtirish kerak

Mamlakatimizda aqlli yoshlar chindan ko‘p, deb o‘ylayman. Ayniqsa, matematika va boshqa aniq fanlar bizda yaxshi o‘rgatiladi. Ingliz tilini biladiganlar ham tobora ko‘payishmoqda. Bular birgalikda IT ni o‘rganish uchun eng kerakli fanlar.

Menimcha, IT-sohasini rivojlantirish uchun, avvalo elektr energiyasi muammosini hal qilish lozim. Afsuski, Toshkentdan tashqarida bu haligacha katta muammo. Internet qamrovi va tezligini oshirish ham kerak. Keyin IT-sohasi haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish zarur. Albatta, bu borada ko‘p ishlar olib borilyapti, biroq asosan Toshkentda deb bilaman. Boshqa, chekka viloyatlarga ham tajribali dasturchilarni jo‘natib, doimiy vorkshoplar uyushtirish kerak, nazarimda. Vorkshoplarda har xil veb-saytlar, o‘yinlar qilsa bo‘ladi.

Menimcha, buning ortidan sohaga qiziqadiganlar albatta ko‘payadi.

«Stripe», «Google», AWS kabi kompaniyalarda ishlab ko‘rish niyatim bor

Kelajakda rejalar juda ham ko‘p. «Delivery Hero» o‘ta katta va texnologik tarafdan rivojlangan kompaniya, lekin bu yerda butunlay qolish niyatim yo‘q. Bundan-da kuchliroq bo‘lgan «Stripe», «Google», AWS kabi kompaniyalarda ishlab ko‘rish niyatim bor. Bu menga katta tajriba beradi va faol daromadimni oshiradi.

Aktiv daromaddan tashqari, passiv daromadimni ham ko‘paytirish rejalarim ham bor. Buning uchun yana bir nechta onlayn kurslar tayyorlayman, blog va telegram kanalimni yuritaman. Yaqin orada o‘zbek tilida yoziladigan onlayn ta’lim platformasini ishga tushirmoqchiman. U yerda bepul blog-postlar va kurslar bo‘ladi. Ular orqali o‘quvchilarni birinchi ishiga tayyorlash niyatim bor.

Aminmanki, men o‘zim xohlagandak qila olsam, bitirganlar nafaqat ish topa oladi va hamkasblaridan ma’lum darajada ustunroq ham bo‘lishadi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring