Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi bor muhokamaga qo‘yildi

«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi bor muhokamaga qo‘yildi

Qayta ishlangan hujjat loyihasi QHTBT portaliga takroran joylashtirildi. Takliflarni 2019-yilning 21-iyuliga qadar berish mumkin, deb xabar bermoqda «Norma».

Eslatib o‘tamiz, bu amaldagi «Elektron tijorat to‘g‘risida »gi Qonun yangi tahrirdagi loyihasining ikkinchi muhokamasidir. Dastlab qonun loyihasining taklif etilayotgan matni 2018-yilning oxiridayoq joylashtirilgan bo‘lib, uning mazmunini biz o‘shandayoq tahlil qilgan edik. Biroq u tasdiqlanmadi. Hozirgi kunda e’lon qilingan loyiha ko‘p jihatdan oldingi bilan bir xil. Shu bilan birga alohida qoidalarga tuzatishlar kiritilgan. Mana ulardan ba’zilari.

Birinchidan, tushunchalar qismi yanada kengaytirilgan. Masalan, «elektron savdo maydonchasi operatori» tushunchasi kiritilgan.  Bu xaridorni identifikatsiyalash, to‘lovni qabul qilish, ommaviy ofertalar va bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni saqlashni hisobga olgan holda, elektron savdo maydonchasi yordamida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish va sotib olish imkoniyatini taqdim etish bo‘yicha elektron bitim tomonlariga xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkordir (YaTT). Boshqa sub’yektlar qatori u ham biznes-operatorlarga tegishli bo‘ladi hamda kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, nafaqat yuridik shaxslar, balki YaTT ham elektron savdo maydonchasi operatori bo‘la oladi. Lekin biznes-operatorlar uchun soliq imtiyozlariga bo‘lgan huquq haqidagi oldin berilgan taklif chiqarib tashlandi. 

Ikkinchidan, qonun quyidagilarga tatbiq etilmasligi aniqlashtirildi:

  • tovarlarning (ishlar va xizmatlar) davlat xaridlariga;
  • litsenziyalarga ega birjalarda tuziladigan bitimlarga;
  • ko‘chmas mulkni sotish, shuningdek, notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur bo‘lgan bitimga.

Uchinchidan, elektron tijorat sohasidagi vakolatli organning vazifalarini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga (LBMA) olib berib, uning vakolatlarini bir qadar kengaytirish taklif etilayotir. Xususan, unga quyida huquqlar o‘tmoqda:

  • elektron tijorat sohasida davlat dasturlarini amalga oshirish;
  • mazkur jabhani rivojlantirishni ta’minlash doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • elektron tijoratda sotishda muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatini tasdiqlash. Ayni vaqtda bu Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kirishini eslatib o‘tamiz.   

Hokimiyatlarning vakolatlarini esa, aksincha, qisqartirishmoqchi. Loyihaning oldingi matnida ularga elektron tijorat sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash va amalga oshirish huquqi berilgan edi, yangi variantda esa bu LBMA bilan kelishilgandan keyin mumkin bo‘ladi. Tegishli hududda davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish funksiyasini esa tamoman olib tashlashdi.    

To‘rtinchidan, «elektron tijoratda xaridorlar» tushunchasiga tuzatish kiritildi. Yangi tuzatishlarga ko‘ra, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, elektron tijorat orqali tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olayotgan jismoniy shaxslar xaridorlar hisoblanadi. Xarid aynan qaysi maqsad va ehtiyojlar uchun amalga oshirilishi bo‘yicha aniqlashtirish chiqarib tashlandi.   

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring