Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Butkul zamonaviy — «O‘zsanoatqurilishbank» yangi o‘quv va IT markaz faoliyatini yo‘lga qo‘ydi

Butkul zamonaviy — «O‘zsanoatqurilishbank» yangi o‘quv va IT markaz faoliyatini yo‘lga qo‘ydi

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan yangicha qiyofa va yangi ish uslubida O‘quv va IT markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bunda xodimlar uchun xavfsiz va zamonaviy mehnat sharoitlarini yaratish bilan birga qulay ijodiy muhitni hozirlash maqsadi ilgari surildi.

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida kadrlar salohiyatini oshirish, xususan, kadrlarni boshqarishning korporativ strategiyasini takomillashtirish, kadrlarini uzluksiz o‘qitish tizimini joriy qilish, bunda yetakchi xorijiy banklar va konsultantlar bilan hamkorlik qilish masalalari alohida o‘rin olgan.

Shuningdek, strategiyaga ko‘ra, Bank tizimiga zamonaviy servis yechimlari asosida axborot va moliyaviy texnologiyalarni keng joriy etish, axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash, onlayn xizmat ko‘rsatishga asoslangan turli dasturiy ta’minotlar yaratish talab etilmoqda.

Shu bois O‘zsanoatqurilishbank tizimida ushbu ikki yo‘nalishga katta e’tibor qaratilgan holda yangi maqsad va vazifalar bilan zamonaviy uslubda O‘quv va IT markazlar ish boshladi.

– Taraqqiyotning har bosqichida inson omili o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda, – deydi ochilish marosimida so‘z olgan «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Boshqaruv raisi Saxi Annaklichev. – Hatto, bugungi raqamlashtirish jarayonida ham har qanday yangilik bevosita kadrlar kuchi bilan yuzaga kelmoqda. Shuning uchun Bank tizimini transformatsiya qilish jarayonida ushbu ikki yo‘nalishda ham boshqaruv tizimi va shart-sharoitlarni anchayin takomillashtirishga harakat qildik.

Binoning birinchi qavatida O‘quv markazi, ikkinchi qavatida esa IT markaz o‘rin olgan bo‘lib, har ikki qavat ham zamonaviy arxitektura uslubida barpo etilgan. Xonalar ko‘rkam mebel, inventar jihozlar hamda texnologik vositalar bilan jihozlangan. Sport-sog‘lomlashtirish xonasi tashkil etilgan.

O‘quv markazi o‘qituvchilar xonasi, ma’ruzalar zali, mingdan ziyod kitob fondiga ega kutubxona kabilardan tarkib topgan bo‘lsa, IT markazda dasturchilar, menejerlar, server xonalaridan tashqari, muzokaralar o‘tkazish xonalari ham o‘rin olgan.

– O‘quv markazining asosiy maqsadi bank xodimlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, strategik va operatsion maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan xodimlarni doimiy ravishda takomillashtirish mexanizmlarini joriy etishdan iborat, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank»ATB O‘quv markazi rahbari Ozoda Saidkarimova. – Bundan tashqari, bank xodimlarini ichki va tashqi tayyorlash tizimi rivojlantiriladi, masofaviy ta’lim tizimi kengaytiriladi, xodimlarni baholash tizimi ishlab chiqiladi. Mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari hamda qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda turli o‘quv dasturlari bo‘yicha ilmiy-amaliy seminar va treninglar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, xodimlarni bir jamoa bo‘lib ishlashga, jamoadagi psixologik muhitni yanada yaxshilashga hamda ularning ishga va yangi lavozimlarga moslashuvini tezlashtirishga xizmat qiluvchi dasturlar ishlab chiqiladi. Ularda «soft skills» va «hard skills» ko‘nikmalari yanada rivojlantiriladi.

– Tuzilmamiz xodimlari faoliyati asosan dasturlash, ilovalar yaratish, bank biznes jarayonlarini raqamlashtirish va mijozlar uchun yangi raqamli xizmatlarni yaratishga qaratilganligi bois ular uchun har tomonlama qulay ijodiy muhit yaratish muhim hisoblanadi, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Axborot texnologiyalari departamenti direktori Abror Kenjayev. – Endilikda IT markazda dasturchilar guruhidan iborat mutaxassislarimiz zamonaviy va ish sharoiti o‘ziga xos dizaynga ega muhitda faoliyat yuritadi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda Bank biznes modelini avtomatlashtirish jarayonida zimmamizdagi vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarishimizda muhim rol o‘ynaydi.

IT markazda bir nechta «Agile» guruhlari ham faoliyat yuritadi. Ular Bank tizimida joriy qilinayotgan yangi loyihalar va xizmatlarni ishga tushirishda ko‘maklashish barobarida, o‘zlari ham muassasaning strategik vazifalaridan kelib chiqib dasturiy mahsulotlar yaratadi.

Xususan, bugungi kunda guruh a’zolari CRM dasturini ishlab chiqish, kredit konveyerini amaliyotga tatbiq etish, risk modelini qayta tayyorlash kabi loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring