12 yoshli bolalar jamoasi hakamlarni hayron qoldirdi
2018-yil 7-dekabr kuni Toshkentdagi Inha universitetida «Open Data Challenge-2018» tanlovi g‘oliblari taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Elektron hukumat» markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Kristofer Allan ham tashrif buyurdi.
«Umid qilamanki, barcha ishtirokchilar yangi bilimlarni o‘zlashtiridilar, bir-birlari bilan tanishdilar va o‘zlari uchun kelgusida qaysi sohani tanlashni aniqlab oldilar. Zero, tanlovning asl mohiyati ham shundan iboratdir», — deydi K. Allan.
YeXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bosh maslahatchisi Yurgen Beker o‘z chiqishida quyidagicha fikr bildirdi: «Kim axborotga ega bo‘lsa, u dunyoning egasidir, demakki, kim axboroti bilan bo‘lishsa, o‘z hokimiyati bilan ham bo‘lishgan bo‘ladi».
Bu yil 560 kishi Xakatonda ishtirok etish istagini bildirdi. Tanlovning maxsus test sinovlaridan esa 200 nafar ishtirokchi o‘ta oldi va ulardan 48 ta jamoa tuzildi.
Tanlovda ishtirokchilar tomonidan ko‘pgina qiziqarli loyihalar taqdim etildi.
Tanlovning asosiy nominatsiyalari g‘oliblari bilan tanishing:
1) «Aqlli shahar» uchun ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi loyiha
1-o‘rin: Comtek jamoasi;
2-o‘rin: STUIborn jamoasi;
3-o‘rin: Kaizen jamoasi.
2) Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha
1-o‘rin: AdGram jamoasi;
2-o‘rin: Bizplace jamoasi;
3-o‘rin: COUT jamoasi.
3) Ochiq ma’lumotlarni generatsiyalash (transformatsiyalash) bo‘yicha eng yaxshi loyiha
1-o‘rin: Sudden Jump jamoasi;
2-o‘rin: Code Sys jamoasi;
3-o‘rin: HiTouch jamoasi.
Tashkilotchilar faxrli o‘rinlarni olgan ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirdilar.
Shuningdek, bu yilgi tanlovda sardori 12 yoshli Muhammadyusuf Mahamatrasuljonov bo‘lgan jamoa bilan ajralib turdi. Ushbu jamoa tarkibi eng yosh a’zolardan iborat ekaniga qaramasdan, mamlakatda sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan to‘laqonli veb-sayt ishlab chiqishning uddasidan chiqdi va zamonaviy virtual reallik unsurlaridan foydalangan holda mamlakat kelajagini qanday ko‘rishlarini namoyish etib berdi.
Gran Pri mukofotiga (Texnologik kompaniyalar va biznes maslahatchilari innovatsion mahsulot va yechimlar taqdim etadigan global platforma rolini o‘tovchi, Madridda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga yo‘llanma) turli mobil operatorlarning signallari darajasi haqidagi ma’lumotlarni xaritada jamlovchi va aks ettiruvchi Signum dasturini ishlab chiqqan Sudden Jump jamoasi munosib deb topildi.
Tanlov yoshlarga o‘zlarining fikr va g‘oyalarini hayotga tatbiq etish imkoniyatini yaratib berdi. Umid qilamizki, kelgusi yilda o‘z innovatsion mahsulotlari bilan dunyoni o‘zgartirish va fuqarolarning hayotini yaxshilashni xohlaydigan ishtirokchilar safi yanada ko‘payadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter