Xalq ta’limi vaziri o‘ziga nisbatan yozilgan «ochiq xat»ga munosabat bildirdi
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va vazirlik mas’ullari ishtirokida «O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Avvalroq, Sherzod Shermatov «farzandingiz prezident maktabida o‘qishini istasangiz ingliz tilini o‘rgating» degan edi. Uning ushbu chaqiruviga qarshi «Ishonch» gazetasida «ochiq xat» e’lon qilindi.
Tadbirda Xalq ta’limi vaziri o‘ziga nisbatan yozilgan ushbu «ochiq xat»ga munosabat bildirdi.
«Birinchidan, men qonunni buzmadim, noto‘g‘ri narsani targ‘ib qilmadim. Bunga ochiq xat yozilganining o‘zi g‘alati. Men tilni o‘rganaylik, dedim xolos. Chunki ingliz tilisiz dunyoga chiqib bo‘lmaydi. Bizning davrimizda qiyin edi, darslik tanqis, kassetalar axtarib til o‘rganardik. Hozir esa til o‘rganish uchun resurslar tiqilib yotibdi. «Ishonch» gazetasida vazir ingliz tilini targ‘ib qilib, yoshlarda vatanparvarlik g‘oyalarini susaytiryapti, degan mazmunda ochiq xat e’lon qilgan. Chet tilini targ‘ib qilish vatanparvarlikka qarshi chiqish emas. Ingliz tilini o‘rganing degani — ona tilini o‘qimang degani emas», ta’kidladi Sherzod Shermatov.
«Avval biz izolatsiyada yashaganmiz. Faqat ichki raqobat bilan ovora edik. Tasavvur qiling, chet elga o‘qishga borgan talaba boshqalar bilan qanday raqobatlashadi, til bilmasa?! Demak, farzandlarmiz o‘sib-unishi, bir chetda qolib ketmasligi uchun tilni chuqur egallashi kerak», qo‘shimcha qildi vazir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter