Toshkent shahridagi Amiti universiteti sentyabrdan o‘z eshiklarini ochadi
Bugun, 14-may kuni Aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan Amiti universitetining ta’lim faoliyatiga bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda AKT vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Matbuot anjumanida ta’lim muassasasi prezidenti Atul Chauxana boshchiligidagi Hindistonning Amiti universiteti vakillari va ushbu universitetning boshqaruv va ta’lim bo‘linmalari a’zolari ishtirok etdilar.
Eslatib o‘tamiz, ushbu xorijiy universitet O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hindistonning Amiti universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-yanvardagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019 yilning sentyabr oyidan o‘quv yilini ochadi. Oliy ta’lim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter va dasturiy injiniring, sun’iy intellekt va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.
Amiti universiteti Hindistonda yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, unda 150 mingda ziyod talaba tahsil oladi. Ta’lim muassasasining bosh korpusi Noida shahrida joylashgan bo‘lib, uning 11 ta shaharda kampuslari mavjud. Shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, JAR va jahonning boshqa shaharlarida filiallari faoliyat yuritadi.
Matbuot anjumanida Toshkent shahridagi Amiti universiteti qabul komissiyasi faoliyati, o‘quv jarayonlarini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistonda mazkur oliy ta’lim muassasasini tashkil etish faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter