Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent shahrida ikkita yangi MTT ochildi (foto)

Toshkent shahrida ikkita yangi MTT ochildi (foto)

Foto: MTV matbuot xizmati

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ikkita davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining umumiy quvvati 840 nafar bolalarni tashkil etadi.

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari Sergeli tumanining Qumariq turar joy mavzesida va 5A dahasida joylashgan. Ular mebel, rivojlantiruvchi o‘yin va o‘yinchoqlar bilan jihozlangan.

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) orqali Sergeli tumanida maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish hajmi 83 foizdan 89 foizgacha oshiriladi va 100 kishi uchun qo‘shimcha ish joylari yaratiladi. 

«So‘nggi yillarda Sergeli tumani jadal rivojlanib bormoqda, yangi qurilgan uylarga yashovchilar ko‘chib kirmoqda va tegishlicha, ta’lim muassasalariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bir yo‘la ikkita MTT ochilishi yana 600 nafar bolalar sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi. Shuningdek, qisqa muddatli guruhlar ochilib, ularga 240 nafar bolalar qabul qilinadi.

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishida standart loyihalardan voz kechilgan holda noodatiy dizayn va zamonaviy yechimlardan foydalanildi. Har bir detal ustida puxta o‘ylab chiqish orqali biz bolalarimiz uchun mumkin qadar qulay o‘quv-o‘yin muhitini yaratib bermoqdamiz» — deydi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Ta’lim muhiti Koreya Respublikasining modeli negizida loyihalashtirildi. Shu tariqa, yirik javonlar o‘rniga mobil modullar o‘rnatildi. Ular maydonni o‘zgartirish va uni turli mashg‘ulotlarga moslashtirish imkonini beradi. O‘yin va o‘quv qurollari bolalar bo‘yi yetadigan joyda joylashgan bo‘lib, o‘yinlarning aksariyati barmoqlarning mayda motorikasini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan. Guruhlar va koridorlarda nutq va yozish, bilimni rivojlantirish, ijod, qurilish, konstruksiyalash va matematika, syujet o‘yinlari, kutubxona kabi ko‘plab rivojlantirish markazlari joylashgan. Bolalarning o‘zi ko‘ngliga yoqqan mashg‘ulotni tanlaydi, pedagog esa o‘yin va o‘qish uchun zarur bo‘lgan materiallarni aniqlaydi va qiyinchilik yuzaga kelgan holda ularga yordam beradi.

Davlatimiz rahbarining beshta tashabbusini amalga oshirish doirasida sog‘lomlashtirish va badiiy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda: an’anaviy musiqa va raqslardan tashqari bolalar sport bilan shug‘ullanishi, o‘yin shaklida chet tillarini o‘rganishi hamda boshqa rivojlantiruvchi to‘garak va seksiyalarga qatnashi mumkin bo‘ladi.

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qatnash uchun bir oylik to‘lov bir bola uchun 186 ming so‘mni, ikki nafar bolalar uchun — 132 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq, tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 15 foizi MTTga bepul qatnashi mumkin bo‘ladi. Ushbu imtiyoz kam ta’minlangan oilalardagi bolalarga nisbatan taqdim etiladi.

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘yicha ma’lumotnoma:

42-sonli MTT

Joylashgan joyi: Sergeli tumani, Qumariq turar joy mavzesi

Quvvati: to‘liq kun guruhlarida 210 nafar bola, qisqa muddatli guruhlarda 120 nafar bola

Guruhlar soni: 7 ta to‘liq kun guruhi, ikki smenada kuni qisqartirilgan 2 ta guruh

Xodimlar: 28 nafar pedagog, 14 nafar yordamchi xodim

44-sonli MTT

Joylashgan joyi: Sergeli tumani, 5A dahasi

Quvvati: to‘liq kun guruhlarida 390 nafar bola, qisqa muddatli guruhlarda 120 nafar bola

Guruhlar soni: 13 ta to‘liq kun guruhi, ikki smenada kuni qisqartirilgan 2 ta guruh

Xodimlar: 41 nafar pedagog, 18 nafar yordamchi xodim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring