Samarqandda Fransuz alyansi filiali ochildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Fransuz alyansining Samarqand shahridagi filialiga tashrif buyurdilar.
Fransuz tili va madaniyatini targ‘ib qilishga ko‘maklashuvchi ushbu nohukumat notijorat tashkilot 1883-yilda Parij shahrida Jyul Vern va Lui Paster kabi o‘z davrining atoqli shaxslari tashabbusi bilan tuzilgan. Bugungi kunda Fransuz alyansining 800 dan ziyod filiali dunyoning 137 ta mamlakatida faoliyat yuritmoqda.
Alyansning mamlakatimizdagi birinchi filiali 2015-yilda Toshkentda ochilgan edi. Madaniyat va til sohasidagi ikki tomonlama almashinuvlarni yanada kengaytirish maqsadida yaqinda Samarqand shahrida yana bir filial tashkil etildi.
Tashrif chog‘ida davlat rahbarlari tasmani tantanali ravishda kesdilar va markazni ochib berdilar.
Prezidentlar zamonaviy jihozlangan markazning imkoniyatlari bilan tanishdilar. Bu yerda fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Markaz 200 nafargacha fransuz madaniyatiga qiziquvchilarni qabul qila oladi.
Alyansning Samarqanddagi faoliyati xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter