Prezident qarori bilan tashkil etilgan yuridik kollejlarga ilk qabul boshlandi
Shu yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bir qator kollejlar yuridik kollejlarga aylantirilgan edi.
Mazkur yuridik kollejlariga qabul qilish har bir hududning «yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshirilishi belgilangandi.
Toshkent viloyati adliya boshqarmasidan «Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, birinchilardan bo‘lib Toshkent viloyat yuridik kollejiga ikkinchi va undan keyingi ta’lim olish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish boshlangan.
Abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish 2018-yilning 2-25-oktyabr kunlari amalga oshirilishi belgilandi.
Abituriyentlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
- yuridik kollej direktori nomiga ariza;
- umumiy o‘rta (11-sinf) va o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom (asl nusxasi) ilovasi bilan (xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992 yil 1 yanvardan keyin berilgan diplomlari o‘rnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim);
- 3,5x4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurat;
- 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
- pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat nusxasi. Pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat shaxsan ko‘rsatiladi.
Mazkur kollej Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani, Istiqbol MFY, Xiyobon ko‘chasi, 2-uyda, ya’ni avvalgi Yuqorichirchiq tuman transport va iqtisodiyot kolleji binosida joylashgan.
Qayd etish lozimki, qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari lavozimi bo‘yicha yuridik kollejlari direktorlari hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter