Pandemiya davrida masofadan dars berayotgan o‘qituvchiga 7 tavsiya
YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo bo‘ylab 188 mamlakatda 1,7 milliard o‘quvchi maktab ta’limidan uzilib qolgan. Ular orasida O‘zbekistonning 6 milliondan ziyod o‘quvchilari ham bor. Mamlakat taqdiri yosh avlodning intellektual salohiyati bilan bog‘liq. O‘zbekiston hukumati ta’lim sohasida zudlik bilan amalga oshirgan chora-tadbirlari qisqa muddatda mahsulini berdi — o‘quvchilar ta’limga qaytishdi, bir oz boshqacha, lekin o‘ziga xos maktab — «onlayn maktab»!
Koronavirus falokatining old chizig‘ida biz birinchi navbatda tibbiyot xodimlarini tasavvur qilsak, uning oqibatlarini bartaraf qilish jarayonida ko‘p ming sonli ustoz-murabbiylarning faol ishtirokini his qilish mumkin. Kechagina ko‘z-ko‘zga tushib o‘tilgan darslarning to‘satdan raqamli platformaga ko‘chgani o‘qituvchilar uchun ham katta sinov bo‘ldi. Ustozlar sa’y-harakatlari bilan kundalik.uz, ijtimoiy tarmoqlar, video portallarda ta’limga oid yangi kanal va guruhlar paydo bo‘ldi.
Onlayn dars — bu yangicha uslub va an’anaviy darsdan tubdan farq qiladi. Demak, har bir o‘qituvchi endi sinfxonadagi yondashuvlarni qisman unutib, virtual sinfxonalarga moslashishi kerak. Buning ham o‘ziga yarasha talab va shartlari bor. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘quvchilarga ta’lim berishda samarali foydalanishga oid quyidagi tavsiyalar ustozlar uchun qo‘l keladi.
Baholashga emas, rag‘batlantirishga diqqat qiling
O‘quvchi bahoning o‘rniga o‘qituvchisidan munosabat olsa tezroq o‘rganadi. O‘quvchingiz yuborgan ishda xatolik bo‘lsa, past baho qo‘yishga shoshilmang. Bolani ham tushuning — hozir sizning holatingiz qanday bo‘lsa, uyda dars tayyorlayotgan o‘quvchining ruhiyati ham shu qadar ta’sirchan. Shuning uchun, o‘quvchi virtual ta’limga moslashib olgunicha unga ruhan dalda bo‘ling. Avvaliga ko‘proq munosabat bildiring, fikrlaringizni jo‘nating, ruhlantiring.
Talabchanlik emas, mehr bilan o‘qiting
Bolalar hozir hissiy suyanchga muhtoj. Ular uchun ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi — ayni paytda juda kerak. O‘quvchilar «Sog‘-omonmisan, bolam?», «Hammasi yaxshi bo‘ladi, qizim!», «Tozalikka rioya qil, o‘g‘lim», «Kitob o‘qinglar» yoki «Ko‘chaga chiqaman», deb xarxasha qilmanglar, bolalarim!» degan so‘zlarni ustozlaridan eshitsalar, bu ularga ham, oiladagi muhitga ham ijobiy ta’sir qiladi. Ustoz bilan yaqin munosabat o‘quvchini o‘qib-o‘rganishga ilhomlantiradi. O‘quvchilarga hozirgi vaziyatda mehr bering.
Dars tarkibini reja qiling
Agar video konferensiya tizimi yoki ijtimoiy tarmoq orqali o‘quvchilar bilan virtual darslar tashkil qilayotgan bo‘lsangiz, darsning 15-20 daqiqa davom etishi maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, ixchamgina taqdimot ham tayyorlang.
Taqdimotda dars tarkibini quyidagicha ishlab chiqing:
Kirish qismi — bugun o‘tishni rejalashtirgan mavzu va tushunchalar;
Asosiy qism — mavzuning muhimligi va hayotda nima berishi, mavzu;
Mashg‘ulot — bolalarni ham jarayonga jalb qiling;
Misollar — o‘tilgan mavzu asosida bolalar tasavvur qila oladigan misollardan keltiring;
Xulosa — dars davomida o‘rganilgan bilimlarni birma-bir sanab bering.
Taqdimot tayyorlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Taqdimotda mavzuni:
- asosiy tushunchalar bilan yoriting;
- gaplar va fikrlar imkon qadar qisqa, tushunarli bo‘lsin;
- yangi tushuncha va fikrlarni ranglarda, suratlar bilan ajratib bering;
- taqdimotni darslikdan olingan suratlar va uzun matnlar bilan to‘ldirishdan qoching;
Bolaning diqqatini jalb qilish — bosh maqsad bo‘lsin. Taqdimotni bolalarning ota-onalariga tashlab bering yoki video konferensiya jarayonida ekran orqali namoyish qiling.
Diqqatni bolalarni zeriktirmalikka qarating
Hozircha topshiriqlarning hajmi emas, o‘quvchining holati muhim. Endi sinfxonadagidek salmoqli topshiriq hamda vazifalarni bermang. Siz uchun maqsad o‘quvchining vazifalarni qanchalik qoyilmaqom uddalagani emas, jarayondagi faol ishtiroki bo‘lsin.
O‘zlashtirishi past bolalarni alohida nazoratga oling
Hammaning imkoniyati teng emas. Bunday bolalar bilan alohida ishlasangiz, katta yordam bo‘ladi. Vazifa berishdan avval bu bolalarning imkoniyatini ham hisobga oling. Ularning ota-onalari bilan aloqani uzmang. Pandemiya sinfxonasida faol bo‘lgan o‘quvchilarning ham o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuni hisobga olib, har bir o‘quvchining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yon daftaringizga yozib boring.
Internet resurlardan faol foydalaning va tavsiya qiling
Bugungi kunda ko‘p mavzularni internet tarmog‘ida o‘zbek tilida ham topish mumkin. O‘zbek tilidagi eduportal.uz, xanakademiyasi.uz, ziyonet.uz, edumarket.uz platformalari qulay resurslar hisoblanadi. O‘quvchilarga mavzular bo‘yicha zarur resurslarni tavsiya qiling. Internet orqali ko‘plab xalqaro bepul ta’lim resurslarini topish mumkin.
Yangi imkoniyatlardan foydalanish va yondashuvni o‘zgartirib xato qilishdan qo‘rqmang. Xato qilyapsizmi, demak — o‘zgarishga harakat qilyapsiz. Muhimi — o‘quvchilarga yordam berishga urinmoqdasiz. Bu — professionallik, fidoyilik va tajriba belgisidir.
Hozirgi vaziyat barcha sohalar kabi maktab ta’limi tizimini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Siz va biz kabi o‘qituvchilar bunday vaziyatda Xalq ta’limi vazirligining tashabbuslariga labbay deb javob bersak, o‘quvchilarimiz ta’limda uzilmaydilar, oxir-oqibat jamiyatda ustoz-murabbiylarning mavqei yanada mustahkam bo‘ladi.
Mohira Komilova,
Olmazor tumani 315-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter