Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchilarga «syurpriz»lar yoxud yaxshi niyat va uning salbiy oqibatlari haqida

O‘qituvchilarga «syurpriz»lar yoxud yaxshi niyat va uning salbiy oqibatlari haqida

foto: internet, ochiq manba

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmat va e’tiborni oshirish maqsadida – ularga turli «syurpriz»lar taqdim etish trendi paydo bo‘ldi. To‘g‘risi, ko‘plab o‘qituvchilarning sahifasidan topasiz ushbu trendni. Afsuski, yoqimli trend sifatida qabul qilishayapti aksariyat kuzatuvchilar, hali biror bir tanqidiy izoh yozuvchini ham ko‘rmadim. Ehtimol, shunchaki o‘qituvchiga yaxshilik, kayfiyat ulashish deb qarayotgandir ko‘pchilik. Afsuski, bu trendni o‘qituvchilarga yoqayotgani unchalik yaxshi signal emas. Xullas, men jim ketolmadim. Psixolog mutaxasis sifatida fikrimni bildirishni xohladim.

Bu «syurpriz»lar odatda o‘quvchilar tomonidan tashkil etilayapti yoki ommaga go‘yo shunday taqdim qilinayapti. Aslida, ilk marta qanday holatda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lganini bilmayman. Turli shirinliklar va sovg‘achalarni o‘qituvchiga  taqdim etishni o‘z ichiga oladi bu trend. Biroq, bunday tadbirlarning samaradorligi va ularning o‘qituvchilarga bo‘lgan haqiqiy hurmatni oshirishga qanchalik hissa qo‘shishi haqida savollar tug‘ilishi ham tabiiy.

Bu trendning ijobiy tomoni, albatta, bor. Umuman, yo‘q yoki bu trendga faqat salbiy obraz berish uchun yozayotganim yo‘q. Mulohazalar qilinishi uchun yozmoqchiman.

Bunda tashqaridan ommaga o‘qituvchiga nisbatan e’tibor va hurmatni ko‘rsatish, uning mehnatini qadrlash, o‘quvchilarda minnatdorlik tuyg‘usini rivojlantirish kabi ijobiy jihatlari bor. Ammo, bunday ijobiy ta’sirlarning uzoq muddatli va haqiqiy bo‘lishiga shubha bilan qarash mumkin. Chunki, bunday «syurpriz»larning tashqi ko‘rinishi ortida, aslida, haqiqiy hurmat va qadrlash yo‘qligini bilish yoki sezishimiz unchalik qiyin emas. Albatta, istisno holatlar bor.

Psixologik nuqtai nazardan qaraganda, bunday yondashuv bir necha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:

Sun’iylik va formalizm: «Syurpriz»larning rejalashtirilgan va majburiy tarzda amalga oshirilishi, ularning samimiyligi va tabiiyligini yo‘qotadi. Bu esa, o‘qituvchida formalizm va sun’iylik tuyg‘usini uyg‘otishi mumkin. Haqiqiy hurmat esa, tashqi ko‘rinishlardan ko‘ra, ichki samimiylik va e’tirofga asoslangan bo‘lishi kerak.

Motivatsiyaning buzilishi: O‘qituvchiga sovg‘alarni taqdim etish, uning faoliyatiga bo‘lgan haqiqiy motivatsiyasini buzadi. Ya’ni, o‘qituvchi o‘z mehnatining samaradorligini emas, balki oladigan sovg‘alarni kuta boshlashi mumkin. Bu esa, uzoq muddatda o‘qituvchining professional rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.

O‘quvchilardagi noto‘g‘ri tushunchalar: Bu kabi tadbirlar o‘quvchilarda noto‘g‘ri tushunchalarni shakllantiradi. Ular o‘qituvchiga bo‘lgan hurmatni faqatgina sovg‘alar orqali namoyish etish mumkin deb o‘ylashadi. Holbuki, haqiqiy hurmat o‘qituvchining bilimi, malakasi, insoniy fazilatlari va o‘quvchilarga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqdir.

Qiyoslash va raqobat: Bu kabi tadbirlar sinfdoshlar o‘rtasidagi qiyoslashlar va raqobatga sabab bo‘lishi mumkin. Ba’zi o‘quvchilar ko‘proq, ba’zilari kamroq sovg‘a olishlari – bu o‘quvchilar o‘rtasida norozilik va tengsizlikni keltirib chiqaradi.

Shuning bois, o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmatni oshirish uchun, tashqi ko‘rinishlarga emas, balki haqiqiy hurmat va qadrlashga asoslangan samaraliroq usullarni qo‘llash lozim. Bu usullar o‘qituvchilarning mehnatini e’tirof etish, ularning professional rivojlanishi uchun sharoit yaratish, o‘quvchilar bilan samarali muloqot qilishni tashkil etish va ularning muammolarini hal etishga yordam berishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, o‘qituvchilarga «syurpriz»lar taqdim etish yaxshi niyatlardan kelib chiqsa-da, bunday yondashuv haqiqiy hurmat va qadrlashni aks ettirmaydi va uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu xuddi to‘y-hashamlardagi ayrim bema’ni urf-odatlarni trend qilayotganlarning «yo‘nalishi»ga o‘xshaydi. Men buni o‘qituvchi va murabbiylarga ravo ko‘rmayman.

O‘qituvchiga bo‘lgan hurmatni oshirish uchun, yanada chuqurroq va samaraliroq usullarni qo‘llash zarur. Bunday teatr tomoshasini emas, albatta.

Barcha ustoz va murabbiylarni hurmat qilaman. Va, shuning uchun ham ularning ko‘r-ko‘rona o‘ylab topilayotgan trendlarni chuqur o‘ylamasdan qabul qilib, rosmana hurmatini yo‘qotishini istamagan bo‘lardim.

                                                                  Madina Miytan, psixolog

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring