O‘z tiliga hokimlik qilolmayotgan hokim
Odamning hokim bo‘lgisi keladi!
Farg‘onaga hokim bo‘lgisi kep ketadiyay!
Hech bo‘lmasa biron tumaniga.
Xohlagan odamni chaqirib xohlagancha so‘ksang, haqorat qilsang, nafsginang orom olsa – hokimsan-da!
Shuncha haqoratlasang ham hech kim g‘iring demasa, gap qaytarmasa, yana so‘kking kelaveradi-da, o‘z hududingda sultonsan-da!
Kabinetingga kirayotib sherga aylansang, tiling qichiyversa ayniqsa yig‘ilishlarda. Sendan yoshmi, kattami, fermermi, o‘qituvchimi – nima farqi bor, hammasi bir go‘r, sen – hokim!
So‘z boyligingdagi boshqalar ko‘p ishlatavermaydigan so‘zlarni ishlatasan – hokimsan-ku!
O‘rganib qolgansan – ayniqsa o‘qituvchilarni ko‘rsang, lug‘atingdagi eng «noyob» so‘zlar yodingga tushaversa, o‘zingni to‘xtatolmaysan-da, hokimsan-da!
...devoryapti odam oxirgi paytlar Farg‘ona tomonlardan kelayotgan xabarlarni eshitib.
«Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi» degan ma’nodagi xabarlarni o‘qidik internetda, ijtimoiy tarmoqlarda. Dang‘aradagi ikkita maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari yakshanba kuni viloyat hokimi o‘rinbosari topshirig‘ini bajarish uchun Farg‘ona shahriga ketayotib yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etganidan xabaringiz bor. Ammo hozir gap bu haqda emas. Gap hokim va o‘qituvchi, ta’lim tizimi rahbarlari va hokimlar o‘rtasidagi muomala-munosabat hamda Farg‘onadagi bunday munosabatlar va ularning oqibati haqida.
Xalq ta’limi vazirligi Nazorat-huquqiy xizmati bergan ma’lumotga ko‘z yugurtirsangiz, farg‘onalik yana bir so‘kong‘ich hokimni «kashf etasiz».
«Vazirning Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi» sarlavhasi ostida tarqalgan maqola tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumaniga xizmat safariga borildi. Safar jarayonida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alimardon Abduxoliqovich Sodiqov bilan suhbat o‘tkazildi. Undan voqea tafsilotlari haqida so‘ralganda, u sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida tuman xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarning ijtimoiy himoyasi sho‘’basi mudiri A.Miraminovdan 2019 yil 29 cyentyabr kuni soat 21:30larda telefon orqali eshitganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, u tuman hokimi Saidmurod G‘ulomqodirovich Aminjonov hokimlikda o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muntazam ravishda uni kamsitib, haqoratlab kelayotgani, 2019 yil 23 sentyabr kuni soat 8-30 da tuman hokimligi majlislar zalida tuman XTB tasarrufidagi maktablar direktorlari va tumandagi boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham haqoratlab, kamsitib, «mudirlik senga qolgani yo‘q» deb so‘kib haydab chiqarib yuborgani sababli 2019 yil 24 sentyabr kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov huzuriga borib, egallab turgan lavozimidan o‘z xohishiga ko‘ra ozod etishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgani va o‘sha kundan boshlab ishga chiqmay kelayotganini, xodimlari YTHga uchraganini eshitib zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, 25 va 26-maktablarning MMIBDO‘lari vafot etganliklarini bilganini, ularni ko‘mish bilan bog‘liq barcha tadbirlarda ishtirok etgani, xodimlarning Farg‘ona shahriga borishlari yuzasidan topshiriq bergan tuman hokimligi mutasaddilari voqea joyiga kelishmagani, vafot etgan hamda jarohat olganlarning holidan xabar olmaganliklarini ma’lum qildi.
O‘rganish jarayonida tumandagi 7 ta maktab direktori bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida tuman hokimi S.Aminjonov maktab direktorlarini har dushanba kuni hokimlik soatiga jalb qilib, yig‘ilishni tuman xalq ta’limini muhokama qilishdan boshlab, shu asnoda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Sodiqovni ko‘pchilikni oldida izza qilishini, arzimagan kamchiliklar uchun haqoratlab, kamsitishini, ba’zida esa maktab rahbarlarini ham kamsitib, ularni ham haqoratlashini o‘zlarining tushuntirish xatlarida ma’lum qilishdi».
Maktab direktorlari safida hokimning turmush o‘rtog‘i ham bor ekan...
Bo‘l-bo‘l hokim bo‘l ekan-da devorasiz qog‘ozga tushmagan yana qancha gaplarni eshitsangiz.
Dang‘araning hokimi, umuman hokimlar, o‘z tiliga hokimlik qilolmayotgan hokimlar! Bir mundoq tevarak-atrofingizga boqsangiz-chi! Odamlar nima deyapti siz haqingizda, Prezident nima deyapti o‘qituvchilar haqida?
Hokimbovalar!
Farg‘onalik hokimbovalar!
Siz rollarni almashtirib olgansiz!
Madaniyatli jamiyatda hokim ham, rais ham, hamma-hamma muallimni hurmat qiladi. Har qanday davrada o‘qituvchini ko‘rsa bir hushyor tortadi, u yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilab oladi. Birovga tanbeh bersa, o‘qituvchi tanbeh beradi, birovga nasihat qilsa, pedagog nasihat qiladi. Birovni urishsa, muallim urishadi. Prezidentimizki bugun o‘qituvchi hurmatini joyiga qo‘yayotgan ekan, siz ham hurmatingizni biling! Haddingizni biling! O‘zingizni, tilingizni yig‘ishtirib oling!
Tahririyatdan: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maqolada tilga olingan hodisalarni o‘rganib, tegishlicha huquqiy baho beradi degan umiddamiz.
Husan Karvonli
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter