Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OTMlarda stipendiya komissiyasi tashkil etiladi

OTMlarda stipendiya komissiyasi tashkil etiladi

«Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilingani xabar  berilgandi.

Unga ko‘ra, OTMlarda talabalarga stipendiyalar tayinlash uchun har bir o‘quv yilida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raisligida stipendiya komissiyasi tashkil etiladi.

Stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning ro‘yxati OTM rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Budjetda o‘qiyotgan, o‘quv semestri uchun uzrsiz sabablarga ko‘ra akademik qarzi bo‘lgan OTM talabasi keyingi o‘quv semestrining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum qilinadi.

Akademik qarzini bartaraf etgan va fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foizdan kam qismi «qoniqarli» baho (reyting ko‘rsatkichi 71 balldan kam) bo‘lgan budjetda o‘qiyotgan talabaga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab, stipendiyaning bazaviy miqdorida keyingi o‘quv semestriga qadar tayinlanadi.

Uzrli sabablarga ko‘ra akademik qarzi bo‘lgan talaba akademik qarzini belgilangan muddatda bartaraf etguniga qadar stipendiyadan mahrum etilmaydi.

O‘quv rejasi asosida amalga oshirilgan malaka amaliyotlari va ta’tillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.

Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring