Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchilarning ayrim ustama va to‘lovlari saqlab qolinadi

O‘qituvchilarning ayrim ustama va to‘lovlari saqlab qolinadi

Foto: Xabar.uz

Bugun, 25-aprel kuni AOKA shtabida Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Anvar Umarov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Quyida brifing davomida muhim savollarga qaytarilgan javoblar taqdim etiladi.

– Aprel oyidan direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladigan to‘lovlar to‘xtatildi. Lekin endilikda daftar tekshirish, sinf rahbarligi uchun ham pul to‘lanmaydi deyishdi. Shu ma’lumotga aniqlik kiritib bersangiz?

– Direktor jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilmaydigan, jumladan:

  • toifalar bo‘yicha bazaviy tarif stavkalar,
  • chet tili o‘qituvchilari uchun ustama,
  • daftar tekshirish va informatika kabineti mudirligi (mehnat ta’tilidan tashqari bo‘lgan yozgi o‘quv ta’tili davri bundan mustasno),
  • sinf rahbarligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar,
  • ixtisoslashgan maktablardagi xodimlarga belgilanadigan ustamalar,
  • olis hududlarga borib ishlayotganligi uchun ustama va boshqa to‘lovlar saqlanadi.

– Barkamol avlod bolalar maktablaridagi xodimlar ham onlayn ishlamoqdalar, lekin rahbariyat o‘z hisobidan ta’tilga chiqarmoqchi, shu to‘g‘rimi?

– Navbatdan tashqari mehnat ta’tilida bo‘lgan xodimlarning ta’til muddati yillik asosiy mehnat ta’tili hisobidan uzaytiriladi, qolgan xodimlar esa zaruratga ko‘ra yillik ta’tildan foydalanish grafigidan qat’i nazar asosiy mehnat ta’tili hisobidan haq to‘lanadigan yillik mehnat ta’tili olishi mumkin.

«Barkamol avlod» bolalar maktablari to‘garak rahbarlari o‘z ish faoliyatini onlayn mashg‘ulotlar (ish haqi to‘liq saqlangan holda) tarzida davom ettirishi hamda joriy o‘quv yili yakunida to‘garak a’zolariga maktabdan tashqari ta’lim haqida guvohnomalarni elektron shaklda berishlari mumkin. 

Asos - Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 31 martdagi 91-son buyrug‘i.

– Ayolim 7 apreldan «dekret»ga chiqdi. «Dekret» qog‘ozini maktab ma’muriyatiga va XTB buxgalteriyasiga onlayn yetkazish iloji bormi?

– Poliklinikadan olingan homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmga tushirib yoki skanerlab maktab ma’muriyati va XTB buxgalteriyasiga elektron tarzda yetkazish mumkin.

– Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlar edim. Mart oyi oxirida harbiy xizmatdan kelib, ishga qaytish to‘g‘risida ariza yozsam koronavirus sababli ishga olish to‘xtatilgan, deb javob berishdi. Bu to‘g‘rimi?

– Xalq ta’limi vazirining 13 apreldagi 105 -sonli buyrug‘iga asosan, o‘qituvchilar va boshqa xodimlarning turli sabablarga ko‘ra mehnatga layoqatsizlik davrida (homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda boshqa holatlar) bo‘lgan hamda bola parvarishlash ta’tilidan chiqqan xodimlarning dars soatlarini xodimlar o‘rtasida qayta taqsimlanishiga va bo‘shab qolgan lavozimlar bo‘yicha shtat birliklariga ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Ayni paytdagi vaziyat barqarorlashgandan so‘ng yuqorida belgilangan vaqtinchalik ko‘rsatmalar bekor qilinadi hamda ta’lim muassasalariga amaldagi mehnat qonunchiligi asosida mutaxassisligingiz bo‘yicha ulardagi bo‘sh (vakant) lavozimlarga ishga qabul qilish yuzasidan murojaat etishingiz mumkin.

– Ikkita maktabda dars beraman. Birida 0,5 stavka, ikkinchisida 0,3 stavka, jami 0,8 stavka. Karantin vaqtida har ikkala maktabdan ham maosh to‘lanadimi?

– Ikkita maktabda joriy yilning 1 apreliga qadar biriktirilgan dars soatlariga ega masofaviy tarzda dars mashg‘ulotlarni olib borayotgan o‘qituvchilarga oylik maoshlari to‘liq to‘lab beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring