Nima uchun O‘zbekistonda o‘zbek tilini o‘rganish qiyin? (video)
«Maktabda o‘zbek tilidan uch olardim, hech qachon to‘rt yo besh olmaganman. Chunki o‘zbek tili o‘qituvchimiz o‘zbek bo‘lmaganlar uchun tilni yaxshi tushuntira olmagan... Kasbim vrach, oldimga viloyatlardan ko‘p bemorlar kelishadi, o‘zbek tilini bilmaydigan. Ularni tushunish uchun o‘zim o‘zbek tilini bir yilda o‘rgandim», deyapti Vladislav Ten. U hozir o‘zbek tilidan tashqari qozoq, rus, koreys, ingliz tillarini biladi (bilishimcha). U mamlakatda qolgan rus va boshqa millat vakillari shu yerda yashashni istagani uchun qolishganini, taqdirlarini shu yurt bilan bog‘lashganini, ammo o‘zbek tilini ularga o‘rgatish uchun turli qulay usullar ishlab chiqilmaganini aytyapti.
Vladislav istak bo‘lsa,tilni o‘rganish mumkinligiga tirik misol. Qolaversa, u o‘zbek tilini O‘zbekistonda o‘rganish nima uchun qiyinligini ham biladi.
Gaplarida jon bor. Ikki yil avval dugonam Lidiya Usacheva o‘zbek tilini o‘rgatadigan kurslar topib berishimni so‘raganida, topib berolmagandim. Fb ga bu haqida e’lon qo‘yganimda, erkaklardan «boshqacha» takliflar chiqqani alohida mavzu.
O‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj yo‘q, shunga o‘rganishmaydi deb ko‘p gapiramiz. Ammo ehtiyoji borlarga o‘rgatish tizimimiz, uslubimiz, darsliklarimiz bormi? O‘zbek tilini mustaqil o‘rgatashga mo‘ljallangan nechta darslik, qo‘llanma, so‘zlashgichni sanab bera olamiz? Ularning adadini ayta olamizmi? Bu sohaga resurslar, investitsiya kerakligini-chi?
Vladislav, shu bilan birga, vrachlarga hurmatimni ham oshirdi. Afsuski, u hozir O‘zbekistonda emas...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter