Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet — «Green University» rasman ochildi

Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet — «Green University» rasman ochildi

10 fevral kuni Toshkent viloyatida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University»)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda IUCN bosh direktori Gretel Agilar, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ochilishda nutq so‘zlagan Gretel Agilar «Green University«ning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilishdagi o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi.

«O‘zbekiston hukumatini ekologik yetakchilik va ta’limni rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik mintaqaviy tashabbus - «Central Asian Green University» ochilishi bilan tabriklaymiz. Ushbu universitet biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi va ifloslanishning uch karra sayyoraviy inqirozini hal qilishda yordam beradi. Ekologik ta’lim orqali universitet boy tabiatga ega mintaqani asrashga xizmat qiladi», — dedi u.

Tadbir davomida mehmonlar universitetda yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Bu yerda talabalarning bilim olishi uchun so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan xonalar, keng kutubxona, darsdan tashqari vaqtda shug‘ullanish uchun sport zali va boshqa qulayliklar yaratilgan.

Ma’lumot uchun, «Green University» O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil etilgan. Maqsad mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va intellektual salohiyatni amalga oshirishda innovatsion g‘oyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etishdir.

Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, «Hub and Spoke» tamoyili asosida faoliyat olib boradi. Ushbu model strategik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka, yaxlit o‘quv tizimini yaratishga, resurslarni optimallashtirishga, talabalar va mutaxassislarning harakatchanligiga asoslanadi, shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashishga yordam beradi.

Hozirgi kunda hamkorlik uchun universitetga Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSh va boshqa davlatlar xalqaro universitetlarining turli professorlarini faol jalb etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring