Kitob do‘konigacha «yetib bora olmayotgan» ota-onalarga ochiq xat
Kitob. U qalblarga nur, ongga tafakkur keltiruvchi ajib mo‘jiza. Hayot yo‘llarimizni yorituvchi shamchiroq. Buyuklarning buyukligi u bilan. Azizlarning azizligi u bilan. Kitob vositasida millat, mamlakat tarbiyalanadi.
Meni bu ochiq xatni yozishga undagan narsa — o‘quv yilining boshidan buyon farzandiga bitta kitob sotib olib bera olmayotgan, goh vaqti, goh puli yo‘qligini bahona qilib, kitob do‘konigacha «yetib bora olmayotgan» ota-onalar safining ko‘payib borayotganidir.
Dunyoda mo‘jizalar bisyor. Texnikalar kundan-kun birining o‘rnini biri bosib, yildan-yil o‘zgarib, yangilanib bormoqda. Lekin kitob javonimizdagi 50-yillarda nashr qilingan kitob hamon o‘sha-o‘sha jozibasini yo‘qotmagan. Daholardan biri «Inson qiyomatga qadar ko‘p mo‘’jizalar yaratadi, ammo kitobgina abadiy mo‘jiza bo‘lib qoladi», deganida naqadar haq edi.
Said Ahmadning «Ufq» romanini kutubxona mudirasi olib qo‘ymasligi uchun ikki kun maktabga bormay o‘qib chiqqan odamlarni bilaman.
Yoshligimda ko‘p kasal bo‘lardim. Otam Eski shahardagi katta kitob do‘konidan qog‘oz xaltaga to‘ldirib, turli kitoblar olib kelar edilar. Bu kitoblar hayotimga mazmun, umrimga ma’no qo‘shardi. Betob kunlarimda sirdoshim, hayotga umid bag‘ishlovchi yo‘lboshchim bo‘lardi. Dunyoda kitobdan azizroq narsa, kitobdan qimmatli sovg‘a yo‘q edi, nazarimda.
Hozir ham kitob do‘koniga kirsam, quvonchdan yuragim gursillab, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay qoladi. Har bir kitobni ushlab ko‘raman, hammasini xarid qilgim keladi. Bu cheksiz zavqni, ta’bir joiz bo‘lsa, bu adrenalinni hech qaysi to‘y-hashamdan, hech qaysi gap-gashtakdan topolmayman. Nimaga shunday? Menimcha kitoblar, ayniqsa, yaxshi kitoblar odamlarni hayotni yanada yaxshiroq, chiroyliroq, mehribonroq ko‘rishga yordam beradi.
Kitob, avvalo hissiyot uyg‘otadi. Hissiyotlari go‘zal farzandlarimiz esa qo‘li gul, tili shirin, ko‘ngli toza, bag‘rikeng avlod bo‘lib tarbiya topadi.
Umidbaxsh tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan adabiyotlar tobora qotib borayotgan diydalarimizni yumshatadi. O‘rtog‘i bexosdan stuldan qulab tushsa, baralla kuladigan o‘quvchilarimizning o‘rniga hamdardlik tuyg‘usi bilan ko‘rmaganlikka oladigan sinfdoshlar paydo bo‘ladi.
Farzandlarimiz kitob o‘qisa, kitob qahramonlariga taqlid qila boshlaydi. «Besh bolali yigitcha»dek ukalariga g‘amxo‘r bo‘lishni, Alpomishga aylanib, orini himoya qilishni o‘rganadi. Onaga bo‘lgan muhabbatni «Dunyoning ishlari»dan o‘rgansin, «Boburnoma»dan Boburdek o‘z otasi bilan faxrlanishni his eta bilsin.
Kitob o‘qir ekanmiz, o‘sha qahramonlar yig‘lasa yig‘lab, kulsa kulamiz. Ular qiyinchiliklardan o‘tib olsa shodlanamiz. Bu kompyuter qahramonlarini o‘ldirib rohatlangandan ko‘ra yaxshiroq emasmi?
Men bir oddiy adabiyot o‘qituvchisi sifatida bugun millatimizning ertasi bo‘lgan farzandlarimizni tarbiyalashda KITOBni yordamga chaqirmoqchiman. Bugungi axborot bo‘ronlari ongimizni charchatib, vujudimizni qaqshatayotgan pallada adabiyot yordamga keladi. Yevropa adabiyotining g‘aroyib vakili Frans Kafka aytganidek: «Adabiyot — nufuzli joy: u go‘yo sen bir lahzaga bo‘hron va shafqatsizliklardan muhofaza qilinganingdek, dunyoga erkinroq nazar tashlashingga imkon beradi; u antiqa va sirli taskin beradi».
Feruza Solixo‘jayeva,
Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-maktab ona tili va adabiyot o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter