Jurnalistlar ishtiroki cheklangan yig‘ilishda yana nimalar haqida gapirildi?
O‘tgan shanba kuni Bosh prokuror raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib, unda unda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilganidan xabaringiz bor.
Mazkur idoralararo komissiyaning yig‘ilishiga avvalgisidan farqli ravishda ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etmadi hisob. Faqat televideniyedan cheklangan xodimlar ishtirok etdiki, ochiqlikka intilayotganini ta’kidlashdan charchamayotgan Bosh prokuraturaning bu safargi xatti-harakati biroz tushunarsiz, rosti.
Idoralararo komissiya achchiq tajribadan «tegishli xulosa» chiqardimikan?
Nega desangiz, jurnalistlar ishtirok etgan ushbu komissiyaning avvalgi yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi ahvol muhokama qilinib, boshqa mutasaddilar qatori shaxsan vazir ham «oq kaltak-qora kaltak» qilingan, bu esa ommaviy axborot vositalarida atroflicha yorilishi natijasida yuzaga kelgan aks-sado haligicha quloqlardan nari bo‘lgani yo‘q...
Ochiqlik, shaffoflik og‘irlik qilyaptimi? Yo‘qsa, nega bu galgi tadbirga yomonini yashirib, yaxshisini oshirib ko‘rsatishni «qoyillatadigan» televideniye xodimlarigina taklif etildi?!
Ayni savol bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda takror-takror yangramoqda. Bizningcha, savol javobsiz qolib ketmasligi kerak.
To‘g‘ri, idolarlararo komissiyaning oxirgi yig‘ilishi xususida o‘sha kuniyoq Bosh prokuratura matbuot xizmati nisbatan kengroq axborot berdi. Biroq bu endi tuyani cho‘michda sug‘orishday gap. Zero, oliy ta’lim tizimida poraxo‘rlik va boshqa illatlar keragidan ziyodaki, ta’limning inqirozi — millat inqirozi bilan barobar ekani e’tiboridan sohaga doxil masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirlarda ommaviy axborot vositalari ishtirokiga «shlagbuam» qo‘yish asl maqsadga xizmat qilmaydi. Zotan, bizdayam OAV asta-sekin jamiyatning ko‘zgusiga aylanmoqda. Bashara qiyshiq bo‘lsa, ko‘zgudan o‘pkalamanmaydi.
Bosh prokuratura tarqatgan (katta ehtimolki ancha «filtirlangan») axborotlarda tizimdagi ahvol ayanchli ekani xususida tasavvurga ega bo‘lish qiyin emas. Buni yig‘ilishda aytilgan, biroq ko‘pgina OAVda hali e’lon qilinmagan quyidagi raqamlar ham aytib turibdi: «... budjet mablag‘larini sarflash jarayonidagi talon-torojliklar sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri bo‘lib qolmoqda, o‘tgan yilda Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirilgan 1.107 ta vazirlik muassasalarining 1.035 tasi yoki 93 foizida 16,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Holbuki: ...sohaga budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ham yildan-yilga ortmoqda. Agar sohaga 2018 yilda 879 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1 trln. 288 mlrd. so‘mni, joriy yilda 1 trln. 888 mlrd. so‘mni tashkil etadi...»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter