Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Ixtiyoriy»lik ortidagi majburiyatlar yoki o‘qituvchilarni kim himoya qiladi?

«Ixtiyoriy»lik ortidagi majburiyatlar yoki o‘qituvchilarni kim himoya qiladi?

Foto: «Sirkhtb.uz»

Oxirgi paytlarda «o‘qituvchi», «maktab» so‘zlari eshitganda, o‘qiganda   yurakka og‘riq beradigan so‘zlarga aylanib qoldi. Chunki o‘qituvchilarning holi hammaga ayon.

Sizga tekin ishchi kerakmi? Marhamat, o‘qituvchilar bor.

Ko‘cha supuruvchilar kerakmi? Marhamat, o‘qituvchilar bor.

Metall eritadigan korxona bo‘sh qolmasin deysizmi? Marhamat, o‘qituvchilar metallomni bemalol yig‘ib berishadi, hatto qishning chillasida ham.

Iye, bu nima? Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi chiqargan, ammo «O‘zbekiston pochtasi» tan olmaydigan uch pulga qimmat markami? Donasi necha pul, o‘qituvchilar ularni bemalol o‘z o‘quvchilariga sotib bera oladilar.

Tuman markazida bog‘ qurilayaptimi? Marhamat, har bir maktab navbati bilan uch-to‘rttadan o‘qituvchisini bera oladi. Qisqasi, universal ishchi. Ulardan yaxshisini topolmaysiz.

Shu holatda «Shurikning sarguzashtlari» filmidagi 15 sutkaga qamalgan va nima ish aytilsa «men», «men» deb oldinga otilib chiqaveradigan qahramon esimga tushdi. Uning-ku hatto mahbus bo‘lsa-da  tushligini ish joyiga olib borib berishadi, ammo hasharga borayotgan o‘qituvchilardan so‘rang-chi, tushlikni kimning hisobidan qilishadi? Yoki hasharga boradigan joylariga yo‘lkira kimning hisobidan bo‘ladi? Hah sho‘ring qursin, o‘qituvchi, 15 sutkaga qamalgan alkashchalik qadring yo‘qmi-a?!

Bundan bir necha kun oldin, aniqrog‘i 2018-yil 5-fevral kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xalq ta’limi vaziri jurnalistlarning savollariga javob bera turib, «O‘qituvchilarning jamoat ishlariga chiqishlari majburiy emas, ixtiyoriy» degan va yana o‘qituvchilarga «ixtiyoriy ravishda mahallalarda uyma-uy yurib odamlarga jamiyatdagi islohotlarni tushuntirishni» tavsiya qilgan.

Men hozir o‘qituvchining shundoq ham vaqti kamligi, yuklamalari esa ko‘pligi, shu tufayli o‘ziga tegishli ishlarga ham zo‘rg‘a ulgurayotgani haqida yozmoqchi emasman. Shunchaki vazir janoblarining «ixtiyoriy» deganiga e’tibor qaratmoqchiman. Men o‘sha matbuot anjumanida qatnashmaganman. Lekin shunday bo‘lsa-da, jurnalistlarning «o‘qituvchilar o‘ziga tegishli bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinayotgani» haqidagi savoliga vazirdan umuman boshqacha, masalan, «Bundan keyin o‘qituvchilar o‘ziga tegishli bo‘lmagan har qanday ishga jalb qilinmaydi. Mabodo shunday holat yuz bersa menga murojat qilsinlar, muammoni ijobiy hal qilib beraman va ularni o‘ziga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb qilgan har qanday shaxs yoki tashkilotga qonun doirasida chora ko‘rishlari uchun harakat qilaman» degan javobni kutgan edim. Ammo, ming afsuski, vazir o‘z qo‘l ostidagi haq-xuquqlari toptalayotgan o‘qituvchilarni shu paytgacha himoya qila olmagani yetmaganday, bundan keyin ham himoya qila olmasligini «o‘qituvchilar ixtiyoriy ravishda hasharga chiqaversin» deb hammaga sezdirib qo‘ydi.

Endi, vazir janoblarining «ixtiyoriy»lik haqidagi gaplariga qaytadigan bo‘lsak, hozir dalil keltira olmaymanu, ammo xalq orasida tarqalgan gap-so‘zlarga qaraganda o‘tgan yili kuzda o‘qituvchilar «ixtiyoriy» ravishda majburlanib, ulardan «paxta yig‘im-terimiga o‘z ixtiyorim bilan borayapman» deb tilxat olinib, keyin paxta terimiga haydalgani ham haqiqat. Buni o‘shanda «o‘z ixtiyori bilan» paxta terimiga borgan  o‘qituvchilarning ko‘pidan eshitdim. Ammo o‘shanda ham, hozir ham birontasining oldiga borib, «aka yoki opa, muammongizni OAVda ko‘tarmoqchimiz, siz o‘tgan yili kuzda o‘sha paxtaga hasharga ketishdan oldin  dardingizni dasturxon qilgan edingiz. O‘shanda bo‘lgan gaplarni yana bir qaytarsangiz, yozib olsam»  desangiz  qo‘rqqanidan buni tasdiqlamaydi.

O‘rtada siz yolg‘onchi, tuhmatchi bo‘lganingiz qoladi.

Yaqinda o‘g‘lim «ota, markaga pul bering» deb qoldi. Bilaman, markasi uch pulga qimmat marka. Buning ustiga tepasida narxi ham yo‘q, xat yozganda ishlatib bo‘lmaydi. Ammo narxi ikki ming so‘m. O‘g‘lim har yili oladi. O‘g‘limga «o‘qituvchingdan o‘sha markani o‘zim borib olaman» dedimu maktabga jo‘nadim. Borib o‘sha markani sotishga mas’ul bo‘lgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisiga o‘zimning «faylasufona» nutqimni boshlagan edim, maktab direktori kelib qolib, xonasiga taklif qildi. U bilan ham mavzuni muhokama qildik. Unga «ana shu mavzuni saytda muammo sifatida ko‘tarib chiqaman, 2008-yilda qurilgan maktabimizda na sport maydonchasi, na sport zali bor, shuncha yildan beri marka sotadigan o‘sha jamg‘arma nega maktabimizga sport zali qurib bermadi?» degan edim, bechora yalinishni boshladi.

«Aka, hamma kaltak mening boshimda sinadi, “sen to‘g‘ri tushuntira olmagansan” deb meni ayblab, ishdan bo‘shatib yuborishadi. Shunday ekan, iltimos, bu ishni bo‘lmadi deb qo‘ya qolaylik», — dedi.

Men unga: «Muammoni “ishdan bo‘shatadi” deb sen gapirmasang, men gapirmasam, kim gapiradi? Tokaygacha ahvol shunday bo‘ladi? Axir sizlar  mardikor yoki sotuvchi emassizlar, o‘qituvchi, ustozsizlar-ku. Shunday ekan, qachongacha o‘zlaringga tegishli bo‘lmagan ishlarni yelkalaringga yuklashadi? Bu muammolarni gapiraverish kerak. Mana yaqinda prezident o‘quv muassasalarining metallom yig‘ishini bekor qildi», — desam, direktor: «aka, “metallomni bu yil ixtiyoriy yig‘ib berolsanglar yig‘ib beringlar, lekin majburiy emas” deb aytgan», — desa bo‘ladimi. Uning bu gapini eshitib «dod» deb yubordim. Nahotki joylardagi mutasaddilarga prezidentning qarorining bir tiyinlik ham qadri bo‘lmasa?

Men direktorga: «Siz “tuman XTB mudiri ixtiyoriy deb aytdi” deyapsizu, ammo ertaga ba’zi maktab direktorlari mudirga yaxshi ko‘rinish uchunmi yoki boshqa sabab bilanmi yana qanchadir metallomni olib borib topshirsa, keyin o‘sha mudir metallom topshirmaganlarga “mana, bular topshirdi, senlarga nima qilgan, nega senlar ham topshirmaysanlar?” deb tanbeh berishi mumkinmi?», — desam, «mumkin», — deydi. «Xo‘sh, unda nega ularning aybini bekitasan?», — desam, «aka, ishim o‘zimga kerak», — deydi. Mana sizga ixtiyoriylik!

O‘qituvchilarning turli yumushlarga ixtiyoriy jalb qilinishini ham batamom yo‘qotishimiz kerak. O‘qituvchimi, o‘qituvchiligini qilsin.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, men o‘qituvchilarning «marka savdosi» va  «ixtiyoriy metallom yig‘ishi» kabi ishlarni yozayapmanu, voqea qayerda bo‘layotganini yozganim yo‘q. Voqealar qayerda, qaysi tumanda, qaysi maktabda sodir bo‘lganini yozganim bilan janob vazir uyalganidan, vijdoni qiynalganidan iste’foga chiqmaydi, balki «aybdor» bo‘lgan o‘sha bechora maktab direktorini kimlardir ishdan bo‘shatadi. Hammasini ochiq yozadigan kunlar kelar... Ungacha bir bechora maktab direktorining keyingi taqdirini o‘ylab hammasini sir saqlashga majburman.

Men sobiq ittifoqni yomon ko‘raman. O‘sha tuzumning eng jirkanch ishlaridan biri odamlarning e’tiqodiga chang solgani bo‘lsa, ikkinchisi bizda azaldan ota kabi e’zozlanadigan o‘qituvchilarni, ustozlarni o‘zlariga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb etib, xor qilgani bo‘ldi. Biz ozod, hur O‘zbekiston bo‘lib sobiq ittifoqning ko‘pgina jirkanch ishlarini tarixga uloqtirdik. Ammo negadir hanuzgacha o‘qituvchilarga munosabat eski tuzumdagiday bo‘lib qolmoqda.

Umuman olganda, biz ta’lim sifatining oshishini, yetuk kadrlar yetishib chiqishini xohlar ekanmiz, o‘qituvchilarni ham majburiy, ham ixtiyoriy ravishda turli ishlarga jalb qilishni to‘xtatishimiz kerak. Aks holda taraqqiyotga erishishdan, turli sohalarda yetuk kadrlar yetishib chiqishidan umid qilmay qo‘yaversak ham bo‘laveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring