Dotsent, shifokor, dekan o‘rinbosari... DXX «hojatbaror»larga qarshi «ov» boshladi
Samarqand viloyat DXX boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti fuqaroni ushbu OTMga o‘qishga olib kirishni va’da qilib, 10 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumani Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi shifokori o‘zining yuqori martabali tanishlari orqali 3 nafar fuqaroni Samarqand tibbiyot institutiga o‘qishga olib kirishni va’da qilib, 18 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Tadbir davomida uning hamkori bo‘lgan Shoshilinch yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazi Samarqand viloyat bo‘limi shifokori ham qo‘lga olingan.
Qoraqalpog‘iston DXX boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nukus davlat pedagogika instituti dekani o‘rinbosari Kegayli tumanida yashovchi fuqaroni o‘zi ishlaydigan OTMga o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilib, 3 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Nukus davlat pedagogika institutining yana bir xodimi Beruniy tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroni o‘qishga olib kirishni va’da qilib, 8 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Buxoro davlat universitetining o‘qituvchisi Jondor tumanida yashovchi fuqaroni o‘zi ishlaydigan OTMga o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilib, 4 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda DXX hamda prokuratura organlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Yuqoridagi barcha faktlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan hamda ishga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash jarayonlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter