Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari: «Bolalarni kerak bo‘lsa uyiga borib tayyorlaymiz»

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari: «Bolalarni kerak bo‘lsa uyiga borib tayyorlaymiz»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Maktabgacha ta’lim vazirligi tashabbbusi bilan «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda so‘z olgan vazir o‘rinbosari Maqsudjon Yo‘ldoshev shunday dedi: «Prezidentimizning 2020-yil 3 yanvardagi qaroriga asosan, o‘tgan yilning 1-dekabrigacha qurilish ishlari 25 foizdan oshiq bo‘lgan loyhalarga yillik 1 foiz stavkada imtiyozli kredit ajratildi. Qolgan loyihalarga xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari jalb qilingandan so‘ng Toshkent va Nukus hamda viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’yektlarga 15 yil muddatga (3 yil imtiyozli davr) 12 foiz, tuman markazlariga 8 foiz, tumandan olis hududlarga 5 foizli kreditlar ajratiladi».

Shuni ta’kidlab o‘tish kerak, xalqaro moliya institutlaridan olingan kreditlar stavkalari 1 foizdan yuqori bo‘lib, qarzning qolgan qismini davlat o‘z bo‘yniga olgan. Shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik muassasalarini ochgan tadbirkorlarga har oy har bir bolaga budjetdan 50 foiz subsidiya ajratiladi. Tadbirkor 50 foiz kommunal to‘lovlardan ham ozod qilinadi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Davlat-xususiy sherikchilik amaliyoti bizda yaqin yillargacha bo‘lgan emas. Berilayotgan imtiyozlarimizning maqsadi maktablarga bolalarni sifatli saviyada yetkazib berish. Shu yildan boshlab Jahon banki bilan hamkorlikda «Bolalarni erta rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasi faoliyatini boshladi. Loyiha qiymati 73 mln dollar. Bunga ko‘ra, sinov tariqasida mamlakatimizning eng chekka, transport yetib borishi mushkul bo‘lgan hududlarga maxsus tarbiyachilar haftasiga 2-3 kun bolalarning oilasiga borib maktabgacha bo‘lgan ta’limni yo‘lga qo‘yadi. Maktablarga sifatli avlodni yetkazib berish bu dolzarb masala, shuning uchun bolalarni kerak bo‘lsa uyiga borib tayyorlaymiz», dedi Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari.

Mansabdor shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarning kredit olishga qiynalayotgani va bunda vazirlikning ko‘p hollarda aybdor qilib ko‘rsatayotganlarga izoh berdi: «Berilayotgan kreditlar imtiyozli, biroq bu tadbirkordan ma’lum majburiyatlarni soqit qilmaydi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida ajratiladigan kreditning 25 foizi tadbirkor tomonidan moliyalashtirilishi kerak. Ba’zi tadbirkorlarimiz biz bilan shartnoma qilayapti, lekin 25 foizi haqida o‘ylab ko‘rishmayapti va shartnoma o‘z kuchini yo‘qotyapti. Ayrimlar esa ochko‘zlik qilib, 100 bolaga mo‘ljallangan bog‘cha quraman deb, 200 o‘rinli qilib quryapti.

Natijada mablag‘ yetmay yana bizga murojaat qilyapti».

Xususiy-sherikchilik bog‘chalaridagi 70 foiz tarbiyalanuvchilar davlat bog‘chalari bilan bir xil narxda tarbiya topishi aytib o‘tildi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring