Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Toshkent vokzalida go‘daklari bilan ko‘chada yotgan» oila: «Tomi oltindan qurilgan uy berilsa ham Buxoroga qaytmaymiz»

«Toshkent vokzalida go‘daklari bilan ko‘chada yotgan» oila: «Tomi oltindan qurilgan uy berilsa ham Buxoroga qaytmaymiz»

Uyi buzilishga tushmagan, ammo «snos» vaji bilan Buxorodan chiqib ketgan oila nimadan norozi?

Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Nasim Xolov tomonidan «Toshkent vokzalida go‘daklar ko‘chada yotibdi» sarlavhasi ostida tarqatilgan video ko‘pming sonli foydalanuvchilar e’tiborini tortdi.

Videoda joriy yilning 8 iyuliga qadar Kogon tumani «O‘zbekiston» mahalla fuqarolar yig‘ini, Dechaobod qishlog‘ida yashab kelgan Rahimovlar oilasining bir o‘g‘li va bir qizi hamda voyaga yetmagan ikki nafar nevarasi bilan Toshkent avtovokzali – avtoshohbekatida sarson-sargardonlikda yotib yurgani aks ettirilgan.

Lavha namoyishida avtovokzal oldidagi o‘rindiqlarda qo‘nim topgan oila a’zolari bloger bilan suhbatda yashash xonadonlari «snos»ga tushgani, ularning murojaatiga Buxoro mutasaddilari e’tibor qaratishmagani va shundan so‘ng najot izlab, Toshkentga borishga majbur bo‘lishganini aytishgan. Video davomida nochor oilaning ahvoliga achingan bloger ularni poytaxt mehmonxonalaridan biriga olib borib joylashtirilganini ko‘rish mumkin. Xabar.uz muxbiri holatni o‘rgandi.

«Bir qarashda, butun boshli oilaning, ustiga-ustak, «Daun sindromi» bilan xastalangan voyaga yetmagan farzandi bilan ilojsizlikdan ko‘chada yotib, kun kechirib yurgani, juda ayanchli tuyuladi. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishidan so‘ng holat zudlik bilan viloyat va Kogon tumani hokimligi mas’ullari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish davomida ular yashab kelayotgan manzildagi biror ko‘cha yoki uy-joy hech qanday «snos»ga – buzilishga tushmagani, boshida bir emas, ikki boshpanasi borligi aniqlandi», — deydi Kogon tumani hokimi matbuot kotibi Aziz Qahhorov.

Kogon tumani, «Geofizika» mahallasidagi ushbu oilaga tegishli hovli.

Bir oiladan 407 marotaba murojaat ro‘yxatga olingan

Ma’lum bo‘lishicha, uzoq vaqt Buxoro shahrida yashagan ushbu oila 2012 yilda Kogon tumanidagi «Geofizika» mahallasiga ko‘chib kelgan. 57 yoshli uy bekasi Xurshida Rahimova hech qayerda ishlamaydigan 27 yoshli o‘g‘li Mahmudjon Rahimov bilan juda ko‘p bor uysizlik vaji bilan murojaat qilishib, tuman hamda viloyat mas’ul mutasaddilari faoliyatidan doimiy norozi bo‘lib kelishgan.

Yuqori idoralarga muttasil qilgan murojaatlaridan so‘ng ushbu oilaga 2019 yilda viloyat hokimligi va Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Kogon shahar markaziy ko‘chalarida joylashgan ko‘p qavatli uylarning biridan bozor bahosi 125 million so‘mga baholangan uch xonali uy imtiyozli tartibda olib berilgan. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2017 yil 12 sentyabrdagi «Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3268-sonli qarori qonuniy asos qilib olingan. Va mazkur uch xonali uy Xurshida Rahimovaning turmush o‘rtog‘i Shavkat Rahimov nomiga rasmiylashtirilgan.

Kogon shahar, Arabxona mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda joylashgan va shu oilaga rasmiylashtirib berilgan uch xonali uy.

«Joriy yil 7 may kuni tuman hokimi va sektor rahbari boshchiligida aynan Xurshida Rahimovaning navbatdagi murojaatini joyida o‘rganish yuzasidan «Geofizika» mahallasida yig‘ilish o‘tkazildi. Ammo murojaat egasi Kogon shahrida yashab kelayotganini vaj qilib kelmadi. Ma’muriy-demografik o‘rganishlar sababli «Geofizika» mahallasi xalq deputatlari Kogon tumani Kengashining 2019 yil 4 fevraldagi 157/48-sonli sonli qaroriga muvofiq, ikkiga bo‘lingan. «Geofizika» mahallasi negizidan ikkinchi ma’muriy hudud, ya’ni «O‘zbekiston» mahalla fuqarolar yig‘ini ajralib chiqqan. Xurshida Raximova oilasi bilan yashagan Dechaobod qishlog‘i ayni paytda «O‘zbekiston» mahallasi tasarrufiga o‘tkazilganiga qaramasdan, u yashash joyi to‘g‘risida Geofizika mahallasi fuqarosiman, deya doimiy noo‘rin noroziliklar bildirib keladi. Uning bunday e’tirozini namoyish etib kelayotganini qanday tushunish mumkin?!» — deydi Kogon tumani «O‘zbekiston» mahallasi raisi Akmal Saidov. 

Mahalla raisi Akmal Saidov.

Kogon tumani hokimi matbuot kotibining so‘ziga ko‘ra, Xurshida Rahimova 2018-2022 yillar davomida Prezident ishonch telefoni, Bosh prokuratura, Xalq qabulxonasi orqali turli masalalarda yuqori idoralarga 145 marotaba murojaat qoldirgan. Mahmudjon Rahimovning esa 4 yil davomida 262 ta murojaati ro‘yxatga olingan.

«Pul zarb etiladigan zavod ochib bering...»

«Afsuski, ularning murojaatlarining aksariyat qismini tuman hokimligi, balki viloyat hokimligi darajasida hal etishning iloji yo‘q. Masalan, tuman hamda viloyat sektor rahbarlari, Prezidentning Xalq qabulxonasi mansabdorlarini egallab turgan vazifasidan bo‘shatish va ularga chora ko‘rish, yana shunga o‘xshagan murojaatlar. Ayolning o‘g‘li Mahmudjonning murojaatlarida Buxoro xalqaro aeroportini boshqa hududga ko‘chirilishi, aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun pul zarb etiladigan zavod ochib berilishi, o‘zining esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun 10 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratib berilishi talablari qayd qilingan», — deydi Aziz Qahhorov.

Mahalla raisi Akmal Saidov Rahimovlar oilasi yashab kelgan xonadon ham, uning atrofidagi birorta hovli-joylar ham hech qanday «snos»ga – buzilishga tushmaganini bildirgan.

«Hozirga qadar aynan Kogon tumani «Geofizika» yoki «O‘zbekiston» mahallalari hududidagi ijtimoiy ob’yektlar yoki aholi xonadonlarini «snos» qilish bilan bog‘liq hech qanday qaror qabul qilinmagan. Buni mahalliy aholi yashash manzili, turmush tarzi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin», — deydi Akmal Saidov.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oilaga muntazam moddiy, amaliy yordam berib kelingan. Oiladagi voyaga yetmagan nevaralarning sunnat to‘ylari o‘tkazib berilgan.

«Xurshida Rahimova ayni paytda nafaqaxo‘r, 690 ming so‘m nafaqa puli oladi. «Daun sindromi» bilan xastalangan nevarasiga 698 ming so‘m miqdorida nogironlik nafaqasi tayinlangan. Turmush o‘rtog‘i Shavkat Rahimov o‘tgan asr saksoninchi yillarida Chernobil atom elektr stansiyasida yuz bergan avariyadan jabrlanganlar toifasidan bo‘lgani bois, 2-guruh nogironi sifatida 1 million 369 ming 551 so‘m miqdorida pensiya hamda 145 ming 800 so‘m miqdorida kompensatsiya olib kelmoqda»,— deydi mahalla raisi so‘zida davom etar ekan.

Xabar.uz muxbiri holatni o‘rganish davomida Rahimovlar oilasi yashagan — Kogon tumani hamda Kogon shahridagi manzillarda yashovchi bir nechta qo‘ni-qo‘shnilari bilan suhbatda bo‘lgan.

«Qo‘ni-qo‘shnilar «dod» deyishadi»

«Shu mahallaga ko‘chib kelganimga to‘qqiz yil bo‘ldi. Shuncha yildan buyon ona-o‘g‘ilning bo‘lmag‘ur vajlar bilan yozmagan joyi qolmadi. Darvozasi oldi har kun janjal, har kun to‘polon. Qo‘ni-qo‘shnilar «dod» deyishadi ulardan. Uy-joyi yo‘q emish, mana, uy-joyi. Faqat qarovsiz va tashlandiq ahvolda. Sababi o‘zlari, boshqalar emas. Agar shular fe’l-atvori yaxshi bo‘lganda, qo‘ni-qo‘shnichilik adabini bilishganda, o‘zimiz bosh-qosh bo‘lib, hashar yo‘li bilan hovli-joyini obod qilishga qarashardik», — deydi fuqaro Nusrat Atoyev.

Nusrat Atoyev, fuqaro

Ushbu oilaning yon qo‘shnisi Hamid Fayzullayev esa mahalladagi uy-joylarning «snos»ga tushmaganini bildirgan. Uning so‘ziga ko‘ra, mahalladoshlar hashar yo‘li bilan ko‘chani asfaltlashtirish ishlarini amalga oshirish jarayonida Rahimovlar oilasi «hovlim tarafidan mashinalar o‘tkazmaysanlar» deb avtomashinalar qatnoviga to‘sqinlik qilishgan.

«Ayni kuchga to‘lgan yigitning o‘zi hech qayerda ishlashni istamaydi. Tilanchilik qilib, kun ko‘rishmi maqsadi? Bu holat bizni, shu oilaning qo‘ni-qo‘shnilarini ham izza qildi. Noto‘g‘ri va yolg‘on ko‘rsatmalar bilan shukurni o‘rnida uy-joyi tashlab chiqib, o‘zini bechorahol tutish orqali viloyat sha’nini, O‘zbekiston nomini bulg‘ayotganlarning o‘zini jazolash kerak», — deydi Hamid Fayzullayev asabiy holatda.

Hamid Fayzullayev, fuqaro (o‘ngdan birinchi)

Shundan so‘ng Rahimovlar oilasiga mulkiy tegishli bo‘lgan Kogon tumanidagi «O‘zbekiston» hamda Kogon shahridagi «Arabxona» mahallasi hududidagi yashash xonadonlari qo‘ni-qo‘shnilari Qahramon Rustamov, Siddiqa Bafoyeva, Gulnora Azimova, Klavdiya Safarova kabi fuqarolar bilan suhbatlashilgan.

Bloger: «Ushbu oilaga psixologik yordam kerak...»

Fuqaro Alloma Sharipova «Nega bloger har ikki tomonni o‘rganmay turib, bir oilaning yolg‘on ko‘rsatmalarini olib chiqqan?» degan vaj keltirgan.

Xabar.uz muxbiri bloger Nasim Xolov bilan telefon orqali muloqotda bo‘lgan.

«Mening bosayotgan qadamlarimni, qilayotgan ishlarimni ko‘pchilik to‘g‘ri tushunmasligi mumkin. Men ikki tarafga o‘ynaydigan inson emasman, o‘z chiqishlarim bilan faqat yo‘l ko‘rsataman. Vaholanki, ushbu oila bilan bog‘liq har bir holatni izohi bilan yoritdim: yomoniniyam, yaxshisini ham, yolg‘oniniyam, rostini ham ko‘rsatdim. Foydalanuvchi esa o‘zi xulosalaydi. Hatto, Toshkent avtovokzali rahbarining shaxsan o‘zi minnatdorlik bildirdi. Chunki aslida ular ham bir yarim oydan ko‘proq vaqt davomida bu oilaga qarashib, yordamlashib kelishgan ekan», — deydi bloger.

Blogerning so‘ziga ko‘ra, «Zo‘r TV» telekanali orqali namoyish etiladigan «Yurakdan gapiramiz» ko‘rsatuvda ham oila a’zolari oddiy savollarga javob berishni istashmay, sahnadan chiqib ketishgan.

«Oilaning qo‘lidagi arizasiga ko‘ra, ularning Buxoroda yashash niyati yo‘q. Viloyatning qaysi manzili bo‘lishidan qat’i nazar, hatto, ustunlari tilloli, o‘nta qimmatbaho hashamatli hovli-joy bo‘lsa ham Buxoroda yashashni qat’iy istashmayapti. (kulib) Ularning muddaosi ostida Prezidentga uchrashib, oilaning har bir vakiliga Toshkent shahridan uy, nevaralarining Prezident maktabiga o‘qishining ta’minlanishi va hokazolarni so‘rash istagi yotibdi. Psixologlarimizning aniqlashicha, ushbu oilaga psixologik yordam kerak. Bularga qancha yordam berishsa, ularga farqi yo‘q. Achinganman, rahmim kelgani uchun ham ularga yordam qo‘lini cho‘zganman. Tanish-bilish, do‘st-og‘aynilar orqali yarim soat ichida ushbu oilaga mehmonxona topib, o‘n kundan ortiq boshpanali bo‘lishlariga ko‘maklashganman», — deydi bloger Nasim Xolov muxbir bilan suhbatda.

O‘rganish jarayonida Rahimovlar oilasi bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmagan. Video-tasvirlarga ko‘ra, ular tomonidan viloyat mutasaddilari yolg‘onchilik va va’dabozlikda ayblanmoqda. Ular video-tasvirda «Hatto, bizga Buxoro shahar markazidan tomi oltindan uy qurib berilsa ham Buxoroga qaytmaymiz», deyishgan.

Xabar.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring