Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliq solinmagan faqat havo qoldi. Karim Bahriyev maqolasi

Soliq solinmagan faqat havo qoldi. Karim Bahriyev maqolasi

Foto: «Xabar.uz»

Hali 2018-yilda Davlat soliq qo‘mitasi xabar qilgandiki, 13,2 million faol fuqarodan faqat 5,8 million kishi rasman ishlaydi. Bundan ikki barobar ko‘p aholi o‘zini-o‘zi boqadi va yana davlatga bojlar, turli-tuman soliqlar, aksizlar, penyalar va hokazolar to‘laydi. Ha, shunday. Chunki u yoki bu mahsulotga kiritilgan aksiz ham, kiradigan mahsulotga yuklanadigan soliq, boj va boshqa to‘lovlar ham, benzinga qo‘shiladigan yo‘l soliqlari ham — ularning iste’molchisiga yuklanadi, chunki mahsulot ishlab chiqargan tadbirkor yoki olib kirib sotadigan har qanday tojir, alal-oqibat, barcha xarajatlarini mahsulot narxiga qo‘shadi va o‘zining foydasini ham yuklab, bozorga chiqaradi. Zarariga yo faqat savobga ishlamaydi-ku. Hammasi uchun xalq to‘laydi.

AJABO...

Biz biror sohaga, masalan, benzinga soliq solinsa yoki aksiz solig‘i oshirilsa: «O‘zi bu «neftgazchi»lar yoki «zapravka»chilar boyib, haddidan oshib ketdi, soliq solib boplabdi», — deymiz. Bu ham aslida bizga solingan soliqdir, zero benzinni keyin oshgan narxda sotib olamiz. Bu — hammamizga solingan soliq, hatto haydovchi bo‘lmasak ham, mashinamiz bo‘lmasa ham. Chunki bizga sotishga piyoz olib kelgan bozorchi ham, zavodiga ehtiyot qismlar olib kelayotgan tadbirkor ham, bug‘doyni tegirmonga tashiyotgan dehqon ham, unni tegirmondan olib kelayotgan novvoy ham, uning nonini do‘koniga tashiyotgan do‘konchi ham — benzin narxi oshganidan tashish xarajati oshgani tufayli narxni oshiradi. Ko‘chadan muzqaymoq sotib olgan odam ham o‘sha benzin solig‘ini to‘laydi aslida. Iqtisodning zamiri shu. Hammasi oxir-oqibat xalqqa tushadi.

Zaif bir taskin bor: «Axir, shu soliqdan nafaqaxo‘r nafaqa oladi, bolalar maktabda o‘qiydi, talaba stipendiya oladi, militsiya maosh oladi...». Davom etishimiz mumkin — kundan-kunga ko‘payib borayotgan vazirlik va qo‘mitalar, minglab mansabdorlar, huquq-tartibot idoralari, harbiylar, shifokorlar maosh oladi. Bu taskinning zaifligi shundaki, soliq to‘layotganlar — asosan mehnatkashlar, davlat korxonalari imtiyoz ketidan imtiyoz olaveradilar, davlat miqyosida to‘lovchi qismi zaiflashib, oluvchi qismi bahaybatlashaversa, iqtisod ko‘tara olmay qoladimi, degan o‘rinli xavotir bor.

Qolaversa, «tekin» bog‘cha, maktab, oliy ta’lim kundan-kunga yo‘qolmoqda, «tekin meditsina» izchil pullik meditsinaga o‘tib boryapti... Hamma sohaga «bozor sharoitiga o‘tish», «bozor mexanizmlarini joriy etish»  bahonasida xalqni — iste’molchini, ishlovchi xalqni talash boshlanib ketgan. Bir yangi davr hikmati esga keladi: «Ishlovchilarni asrang, ularni yo‘q qilsangiz, faqat tekshiruvchi va nazorat qiluvchilar qoladi... Xalq ado bo‘lsa, amaldorlarni keyin kim boqadi?!»

ADOQSIZ TO‘LOVLAR

Biror narsani to‘qimaymiz, xalq hammasini ko‘rib turibdi. Butun as’asa-yu dabdabamiz aslida mehnat qilayotgan, mahsulot yaratayotgan, ish o‘rinlari tashkil qilayotgan, davlat va undan ham ko‘p o‘z manfaatiga qayishadigan mansabdorlar tortib olganidan qolgan ozgina topganiga ish yuritadigan tadbirkorlar — soliq to‘lovchilar tufaylidir. Agar shu iqtisod yurayotgan bo‘lsa, bu ham uning mahsulotini sotib olayotgan iste’molchi xalq tufaylidir. Xalqning qo‘lida pul bo‘lmasa, iqtisod to‘xtaydi. Yurt farovon bo‘lishi uchun iste’molchi xalq qo‘lida pul qolishi kerak. Butun iqtisodni yuritayotgan xalqning hammasidan orttirgan bir hovuch puliga ko‘z tikib, yangi va yangi to‘lovlar o‘ylab topilayotganiga hayratlanasan, kishi.

Hammasini sanab o‘tirishga vaqt ham, joy ham yetmas. Lekin voqealar tadrijini biroz tavsiflaymiz.

SOLIQ TURLARI

  • Foyda solig‘i (yuridik shaxslardan ham, jismoniy shaxslardan ham olinadi);
  • Qo‘shilgan qiymat solig‘i
  • Aksiz solig‘i
  • Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq va to‘lovlar
  • Mol-mulk solig‘i
  • Yer solig‘i
  • Obodonlashtirish solig‘i
  • Jismoniy shaxslardan transport uchun benzin, dizel yonilg‘isi va gaz solig‘i
  • Ayrim mahsulotlar uchun yana qo‘shimcha foyda solig‘i
  • Yuqori foydaga soliq
  • Yuqori daromadga soliq
  • Sotishdan olinadigan soliq...
  • .........

BEIXTIYoRLIKDA BORMI BIZDA IXTIYoR...

Agar qarz olaman desangiz, banklar kredit foizini 25-35 foizga chiqargan, mashina minib ko‘chaga chiqsangiz, IIV xodimlari jarima soladi (qoidabuzarlik uchun, ammo uning stavkalari maoshga nisbatan dahshatli darajada yuqori), dori-darmonlar qimmat, bozordagi narxlar har soat oshadi, magazindan olayotgan mahsulotingiz boshqa davlatlarnikidan qimmat, chunki «tabiiy va notabiiy monopoliyalar chetdan kiradigan arzon mahsulotlar yo‘liga katta bojlar to‘sig‘ini qo‘yib, o‘zinikini qimmatga sotadi, majburiy kommunal to‘lovlar (har kuni oshayotgan gaz, suv, chiqindilar, uy-joy uchun to‘lov, elektr energiyasi, kabel televizor, yo‘laklarning tozaligi, kadastr uchun, mahalladagi xayriyalar uchun to‘lanadigan mablag‘lar, mobil aloqa, mana, endi karantin jarimalari, shahar hokimi kiritgan qabristondagi joy va xizmat uchun to‘lovlar...

Biz bir qismini sanagan soliq va to‘lovlar, bu yerda keltirilmagan minglab yig‘imlar, bojlardan tashqari «norasmiy xarajatlar» — poralar, «otkatlar», «bog‘cha yo maktab ta’miri uchun», «muallimlar bayramiga», «falonchi falonchiyevichning tug‘ilgan kuniga», «imtihonlarga», «maktabga kirish joyiga o‘rnatilgan turniket uchun» va hokazo qistir-qistirlar...

Biz shularning ichida fidoyilarcha kun ko‘rmoqdamiz. Bir donodan: «Daromad nima?» — deb so‘raganlarida, u: «Daromad  — tortib olgunlaricha og‘zingcha chaynab, yutib qolganingdir. Qolgani hali senikiligi gumon...», — debdi.     

KATTA RAQAMLAR TEXNOLOGIYaSI

To‘lab turganlarimiz ustiga yangilari paydo bo‘lmoqda.

Bir vaqtlar ko‘chaga mashina minib chiqqandayoq, militsiya to‘xtatar edi: «Aka, qoida buzganingiz yo‘q, lekin, mana, texnik taloningiz top-toza ekan. Bitta «qoidabuzarlik» yozib, keling, eng arzoni — tasma taqmaganlik, yigirma bir ming jarima yozaylik. Bizga ham bitmay turgan «Bunyodkor» stadionini Islom aka ochishi kerak ekan, IIVga pul tushirish yuklangan, katta ishga hissa qo‘shyapsiz, aka», — derdi.

Agar baliqchiga soliq solinsa, besh-o‘n ming kishi soliqqa tortiladi. Bu davlat uchun hech narsa bo‘lmaydi. Shunday sohalarga solish kerakki, millionlab fuqarolarga tegishli bo‘lsin, trillionlab pul tushsin. 

Fuqarolarning soni o‘ttiz million, yigirma millionida pasport bor. O‘n milliontasi mashina minadi... Forumlar saroyi bitishi kerak — oynani qoraytirganga jarima... Yetmayaptimi — biometrik pasport kiritamiz, kamida yigirma million kishi bir minimal maosh boj to‘lasa, necha trillion bo‘ladi.

Ikki qavatli aylanma yo‘l qurishimiz kerak — haydovchilik guvohnomalarini almashtiramiz.

Ko‘p qavatli «siti»lar qurilishi lozim — oyna qoraytirishni pullik qilamiz (to‘g‘ri, avval terroristlarni mashina ichida ko‘rib bo‘lmaydi, deb ruxsat bermaganmiz, lekin puli bo‘lsa, qoraytiraversin). Baribir pul yetmayaptimi, pasport o‘rniga ID-kartalar kiritamiz (biometrik pasportda ham elektron chipi bor, ikkisi bir, lekin almashtirishda boj to‘lashadi-da).

Yana pul kerak, budjetning yeydiganlari bor, qo‘shimcha topishi kerak Moliya vazirligi — xorijga borish stikerini xorijga chiqish pasportiga almashtiramiz, ovoragarchilik avvalgiday, lekin pasport uchun boj stikernikidan qimmatroq...

Shamol tomlarni uchirdimi, to‘g‘on o‘pirildimi — ertadan yo‘llarga ko‘chma kameralar va radarlarni olib chiqishga ruxsat beringlar, hatto yo‘l chetida to‘xtagan mashinalarni suratga olib ketaversin va ishxonaga kelib, hammasiga «to‘xtash joyiga ruxsat bo‘lmagan yerga qo‘ygani uchun jarima solamiz. To‘g‘ri, mashinalar turadigan joylar qurilmagan, lekin bu bizning muammo emas...»

SUV SOLIG‘I

Biz bu mavzuni fikrlab, qoralab turganda yangi xabar keldi:

O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bosqichma-bosqich oshiriladi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 22-maydagi «Qishloq xo‘jaligidasuvdan foydalanish samaradorligini oshirish va suvni yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 310-son qaror qabul qilindi. Suv xo‘jaligi vazirligiga 2020-yil 15-iyungacha suvni yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni inobatga olgan holda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining yangi miqdori yuzasidan takliflarni Moliya vazirligiga taqdim etish topshirildi. Tijorat banklariga suv iste’molchilariga suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash uchun kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Yana bir xabar kuni kecha paydo bo‘ldi: transport vositalari uchun utilizatsiya solig‘i solinadi...

Shukur, hozircha havo solig‘i solingani yo‘q.

DARVOQE...

Gaz, elektr, maishiy xizmat sohalarini modernizatsiya qilish hisobiga tannarxni tushirishga oid dasturlar, yo‘l xaritalari bo‘lishiga qaramasdan, sohadagi muammolarni iste’molchilar hisobidan hal etish — vaqt-vaqti bilan narxni oshirish an’anasi davom etmoqda. Buning ustiga, gaz va elektr o‘g‘irliklarini yopish uchun aholiga foydalanganidan ortiqcha to‘lov yuklash amaliyoti ham bor. Matbuot shunday xabar bermoqda. O‘zbekistonliklarga gaz, elektr va boshqa kommunal xizmatlar uchun 1,3 trillion so‘m qarz noto‘g‘ri yozilganligi aniqlandi, deb xabar beradi «Podrobno.uz». Aniqlanishicha, 429 ming elektr iste’molchisiga asossiz ravishda 545 milliard so‘m qarz yuklangan, 212 mingdan ziyod gaz foydalanuvchisiga ortiqcha 430,8 milliard so‘m qarz yozilgan.

DARHAQIQAT...

Soliqlar, to‘lovlar, bojlar — budjetning asosidir. Lekin u mutanosib bo‘lishi kerak. Iqtisodni halok etar darajada bo‘lmasligi shart. Inson o‘zi o‘tirgan shoxini kesmaydi, davlat ham o‘zini yashatayotgan soliq to‘lovchisini ado qilmaydi.

Ijtimoiy adolat shuni talab etadiki, soliqqa to‘lanadigan pul budjetga tushishi kerak, soliq xodimining cho‘ntagiga bormasligi shart. Bu sohaga ishga kirishga talabgorlarning ko‘pligi bu yerda hammasi ham toza emasligini ko‘rsatadi, chunki «qo‘shimcha daromad» bor sohalarga ishga kirish qiyindir, porasiz emasdir.

Soliqchi degani qaroqchi degani emas-ku. Yangi islohotlar avvalida, bundan roppa-rosa ikki yil oldin, 2018-yil 5-iyunda Shavkat Mirziyoyev bu soha haqida shunday degandi: «Bozorning kattalari ham bulbuldek sayrayapti. Kimga qancha bergani, nimalar qilganini. Bular zamona zayli bilan xalqning boshiga chiqib olgandi, qarindosh-urug‘i bilan chiqib olgandi. Endi bunday bo‘lmaydi. Vallomat bo‘sayam ketadi. Toshkent bozorlaridan tushumlar budjetga emas,  amaldorlarning cho‘ntagiga tushgan. «Chilonzor» buyum savdo kompleksida 791 nafar shaxs soliq to‘lamasdan savdo qilib kelayotgani aniqlandi. Toshkent shahridagi avtomobillarni saqlash joylaridagi tushumlar nazorati yo‘qligi tufayli mahalliy budjetga 18 milliard so‘mdan ortiq soliq tushirilmagan. Shuncha pul cho‘ntakka ketgan».

Yana Prezident shunday dedi: «Tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan 77 ta korxona bitta ishchi ishlaydi deb hisobot berib kelgan. Buni soliqchi bilmaydimi? Bilgan, olib kelaver, qolgani bilan ishing bo‘lmasin, degan. 2017-yilda qariyb 7 milliard so‘mlik ish bajargan va bir ishchi ishlaydi deb hisobot bergan korxonada 16 kishi soliq to‘lamasdan ishlashi ma’lum bo‘ldi...»

«Turmada o‘tirganlar aytib beryapti — bitta soliqchi ishga joylashish uchun 30-40 ming dollar berarkan, janob Yo‘ldoshev (Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning sobiq birinchi o‘rinbosari Abdusalom Yo‘ldoshev — u hozir hibsda) kattakoniga oborib berarkan», deya davom etgandi prezident. — Bizda soliq tizimi yo‘q, hammasini noldan boshlash kerak. Quyi pog‘onadagi soliqchilar nima qilish kerak, qanday ishlash kerakligini bilmaydi. 70 foizi korrupsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak».

Hammasi — tinimsiz aytilayotgan bu so‘zlarning amalda aks etishiga bog‘liqligicha qolmoqda. Bir narsa ayonki, mamlakatning farovonligi fuqarolar qancha ko‘p soliq to‘layotganiga, xalqdan qancha ko‘p pul olinayotganiga qarab emas, odamlarning qo‘lida qancha qolayotgani bilan belgilanadi. Xalq boy, mahsulotlarni sotib olishga qodir bo‘lsagina, iqtisod ishlaydi va yuksaladi. Odamlarning qo‘lidagi pul zavodlarni, fabrikalarni, magazinlarni, transportni, avtobus va taksilarni, sartaroshxona va bozorlarni — butun hayotni harakatga keltiradi. Shuni unutmaslik kerak.

Karim Bahriyev,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring