Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga. Suriya prezidenti Bashar Asad o‘z o‘rniga rafiqasini tayinlamoqchimi?

Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga. Suriya prezidenti Bashar Asad o‘z o‘rniga rafiqasini tayinlamoqchimi?

Foto: «Express.co.uk»

Co‘nggi paytlarda Suriya prezidenti Bashar Asad o‘z o‘rniga rafiqasi Asmo Asadni tayinlashga hozirlik ko‘rayotgani haqida ovoza tarqaldi. 43 yoshli Asmo xonim parokandalikka yuz tutgan mamlakatdagi turli siyosiy guruhlar uchun maqbul nomzod bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Suriya davlat ommaviy axborot vositalarida Asmo Asadni «millat onasi» siymosida aks ettirishga urinishlar yanada kuchaygan. Televideniye orqali efirga berilayotgan reportajlarda prezident rafiqasining yarador askarlar holidan xabar olayotgani, urushda otasidan ayrilgan bolalarning boshini onalarcha silayotgani kabi ta’sirchan lavhalarni ko‘rish mumkin. Kindik qoni Angliyada to‘kilgan birinchi xonimning tarafdorlari uning xalqparvarligi haqida rivoyatnamo gaplarni ham ustalik bilan tarqatayotganini qayd etish joiz.

Asmo Asad (qizlik familiyasi — al-Axras) Londonda suriyaliklar oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Suriya elchixonasi xodimi, otasi esa shifokor edi. O‘ziga to‘q oilada o‘sgan qiz nufuzli maktab va oliy o‘quv yurtlarida tahsil oldi, arab, ingliz, fransuz va ispan tillarini o‘rgandi. U «Doyche bank» (Germaniya) J.P.Morgan (AQSh) kabi nufuzli shirkatlarda ishlaydi. Londondalik chog‘larida u Suriya prezidenti Hofiz Asadning o‘g‘li Bashar bilan tanishadi. U mahallar Bashar Asad yosh oftalmolog sifatida Londonga malaka oshirishga tez-tez borib turar edi. Shu tariqa 2000-yilda ular turmush quradi. 25 yoshiga qadar Londonda yashagan Asmo xonim endi Damashqni manzil-makon tutadi. Kelinchakning qadami qutlug‘ keladi: ko‘p o‘tmay eri Suriya prezidenti lavozimini egallaydi...

Shom o‘lkasida 2011-yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushi mobaynida prezident Bashar Asad xalqaro maydonda yomonotliq bo‘ldi. Butun dunyoda o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurol ishlatgan, ko‘zini hokimiyat qutqusi ko‘r qilgan mustabid sifatida nom chiqardi. Rossiyani istisno etganda, qonli ixtilofni bartaraf etishga intilayotgan yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar Bashar Asadning prezident lavozimida qolishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. BMT Bosh kotibining Suriyadagi maxsus vakili Staffan de Mistura esa mamlakatning kelgusi rahbari ayol kishi bo‘lishiga umid bildirgan.

Bularning bari Asmo Asad boshiga davlat qushi qo‘nishi haqidagi ovozalarni tasdiq etayotgandek. Ammo, bizningcha, Bashar Asad o‘z rafiqasiga prezidentlikni topshirib qo‘ymasa kerak. Negaki, u mazkur shaxmatcha yurish bilan ashaddiy muxoliflarini rozi qila olmasligini yaxshi anglaydi. Zotan, mamlakat ichidagi va xorijdagi muxolifat Asad rejimi vakillari (ular safida prezidentni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Asmo xonim ham bor, albatta) o‘z xalqiga qarshi mudhish jinoyatlari uchun jazolanishi kerakligini talab qilmoqda.

Boz ustiga, Asmo Asadning salomatligi ham yaxshi emas. O‘tgan yil avgustda birinchi xonim ko‘krak bezi saratoniga chalingani haqida xabar tarqaldi. Joriy yil avgustda esa rasmiy Damashq Asmo xonim kasallikdan butkul forig‘ bo‘lgani haqida bayonot berdi. Murakkab operatsiyalar, uzluksiz muolajalar esa har qanday insonni holdan toydirishi aniq.

Yana bir gap. Bir necha yil avval Bashar Asadga prezidentlikni topshirish evaziga xorijiy davlatlardan birida xavfsiz va to‘kin hayot va’da qilinganda ham u lavozimidan qolajagini bildirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, hukmdorlik «ta’m»ini juda erta totgan  Bashar Asad lavozimini qo‘shqo‘llab topshirmaydi. Suriyani o‘ttiz yil (1970—2000) davomida idora etgan Hofiz Asad 2000-yil 10-iyunda vafot etadi. Marhumning o‘rtancha o‘g‘li Bashar Asad voris o‘laroq tanlanadi. O‘sha paytda u 34 yoshda edi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra 40 yoshdan o‘tgan nomzodgina prezidentlik saylovida qatnashishi mumkin edi. Parlament oshig‘ich ravishda yig‘ilish o‘tkazib, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritadi, prezidentlik uchun yosh chegarasi 34 yoshga tushiriladi. 2000-yil iyulda bo‘lib o‘tgan muqobil nomzodlarsiz saylovda Bashar Asad davlat rahbari lavozimiga saylanadi. O‘tgan 19 yildan beri u hokimiyat jilovini mahkam tutib kelmoqda. Muxolifat va G‘arb mamlakatlari 2007 va 2014-yilgi prezidentlik saylovi demokratik tamoyillarga zid ravishda o‘tgan deb hisoblaydi. 

Sirasini aytganda, Suriyada qariyb yarim asrdan beri davlat boshqaruvi Asadlar oilasi qo‘lida. Bashar va Asmo Asad oilasida ham ikki o‘g‘il va bir qiz (Hofiz — 18 yosh, Zeyn — 16 yosh, Karim — 15 yosh) voyaga yetib kelmoqda. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Bashar Asad to‘ng‘ichini vorislikka tayyorlashi ham mumkin.

Bu hol qo‘shni arab podshohliklarida ro‘y bersa edi, hech kim e’tiroz bildirmas edi. Monarxiya tuzumida davlat rahbari shajaraviy vorisiylik asosida tayinlanishi ma’lum. Ammo Suriya — demokratik rivojlanish yo‘lini e’lon qilgan respublika. Demokratik tartibot esa oliy hokimiyatning otadan o‘g‘ilga, erdan xotinga o‘tishini aslo qabul qilmaydi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring