Qodirov, Abdullayev, Murodov... O‘tmish achchiq. Kelajak-chi? (Ikkinchi maqola)
Prezidentning Oliy Majlis Senatidagi ma’ruzasi ko‘p narsani qayta idroklashga undadi. Prokuratura tizimining nimasi noto‘g‘riki, xatolar ketidan xatolar yuz bermoqda? Kecha bu borada ayrim mulohazalarimizni bildirgan edik. Mavzuni davom ettiramiz.
Sobiq bosh prokurorlarning yana bir xatosi tizimda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini total nazorat qiluvchi «kuratorlar» institutini joriy etishi bo‘ldi.
Hali ona suti og‘zidan ketmagan, tunov kuni o‘qishni tugatib kelgan xodimlar ham butun boshli bir tizimga yozilmagan qoidaga ko‘ra «kurator» bo‘lib, me’yoriy hujjatlar ijrosi bo‘yicha «komanda» qiladigan rahbarga aylanib qoldi. Kechirasiz-u, qonun buzilishi holati qayd etilmadimi, har bir tashkilotning ishiga burun suqishning o‘zi noqonuniy ish emasmi?
Boshlanishi: Qodirov, Abdullayev, Murodov... O‘tmish achchiq. Kelajak-chi? (Birinchi maqola)
Yana bir mantiqsiz holat. Sudda advokat va prokurorning ishtiroki, o‘rni va maqomi tenglashmas ekan, huquqiy-demokratik davlat qurilishi haqida gapirishimizga hali erta. Advokatura inson huquqlarini himoya qilar ekan, ularni «ikkinchi sort» deb qaramasdan, prokuror ham, sudya ham advokatni hurmat qilishi shart.
Ularning tengligini ta’minlaydigan qonunchilik bazasini yaratish vaqti yetgan. Toki, kimningki ishi sudga tushsa, yonida turib himoya qiladigani faqat va faqat advokat bo‘lishini hech qachon yoddan chiqarmaslik kerak. Ba’zan «cheklangan huquqli» advokatning mijozi bosh prokuror ham bo‘lib qolishi mumkinki, zotan, so‘nggi pushaymon — o‘zingga dushman, degan naql bor.
Prokuratura tizimiga kadrlar tanlab olishning zamonaviy tizimini yanada kengaytirish ham foydadan xoli bo‘lmasdi. Mehnat faoliyatini prokuratura tizimida boshlamagan, biroq huquqshunoslik borasida katta bilim va tajribaga ega, ko‘zga ko‘ringan sudya, advokat, adliya, ichki ishlar organlaridan mas’uliyatli va malakali kadrlarni ishga jalb qilish amaliyotini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Dunyoda korrupsiyadan xolilik bo‘yicha 1-o‘rinda turadigan Singapur aynan shu yo‘lni tanlagan va bugun mamlakatning qanday taraqqiy etayotganiga barcha havas qiladi.
Mamlakatimizda adliya tizimi negadir sho‘’balarga bo‘linib ketgan, vaholanki, u yagona va bo‘linmas bo‘lishi zarur. Yoxud har bir organ nazdida qonuniylikni ta’minlash alohida usul va yondashuvlarni talab qiladimi?
Oliy Sud, Prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, Soliq va Bojxona organlari tizimlarida, boringki, boshlang‘ich bakalavr va magistratura tayyorlash alohida bo‘lgani holda, ammo ularni keyinchalik rahbarlik lavozimlariga tayyorlash uchun yagona Akademiya tuzish maqsadga muvofiqday.
Bir necha akademiya emas, yagona va kuchli, eng ilg‘or va zamonaviy bilimlar berishga qodir Adliya akademiyasi tashkil etilishini hayotning o‘zi kun tartibiga chiqarmoqda. Bunda Bosh prokuratura akademiyasi tajribalari asqotishi mumkin. Uni bitiruvchilar orasidan eng saralarini barcha tizimlarga ham ishga jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. U har qanday idoraviy ayricha manfaatlarga mansublikdan xoli, davlatning yagona adolatli adliya-huquq tizimini shakllantirishning muhim halqasi bo‘lmog‘i zarur. Unda advokatlar ham, turli tashkilotlarning yuristlari ham o‘qishi va keyinchalik kadrlar taqsimotida ajratuvchanlikka yo‘l qo‘yilmasligi shart.
Biz uzoq yillar soliq organini qo‘lsiz-oyoqsiz qildik. Soliqchi soliq intizomi va qonunchiligini buzgan o‘nta jinoyat topsa ham, mingta topsa ham, oxir-oqibat ish prokuraturaga o‘tdi. Yomon odam soliqchi bo‘lib qolaverdi. Shunda ular «eng yaxshi» yo‘l — «tadbirkorlar» bilan kelishishga o‘tdi. Budjetga tushum tuya go‘shti yeydigan bo‘ldi. Soliq bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rishni ham Qodirov janoblari qattiq turib prokuratura ixtiyoriga olishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa muammoning mohiyatiga chuqur kirish va ixtisoslashuv o‘ldi. Butun dunyoda davlat budjeti va tuzilmalari, shubhasiz, soliq tushumlari bilan tirik.
Shunday ekan, soliq idorasi ta’sirchan vositalarga, katta baza va soliq daromadlarini aniqlash, kuzatish va monitoring qilish mexanizmlariga ega bo‘lishi lozim va soliq to‘lovchilarning ortib borishi yo‘llarini o‘ylab topishi kerak. Toki, davlat budjeti muttasil o‘sib bormasa, ertaga 33 million xalqni qanday boqish mumkin, maoshlarni qanday qilib oshirsa bo‘ladi?
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini Bosh prokuraturaning boshqarmasiga aylantirish, uning tarkibidagi Soliqqa oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boshqarmasini Davlat soliq qo‘mitasi ixtiyoriga o‘tkazish maqsadga muvofiqday ko‘rinadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi raisi bosh prokuror emas, balki Prezident administratsiyasi rahbari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz raisi yoki Senat raisi bo‘lishi, advokatlar uyushmasining raisi qoida tariqasida unga o‘rinbosar bo‘lib kirishi va komissiya tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida nom qozongan jurnalistlar ham albatta bo‘lishi zarur. Ko‘pdan-ko‘p komissiya tuzish amaliyotiga ham chek qo‘yish kerak. Qonunlar bir zaylda ishlasa, komissiyabozlikka ehtiyoj ham qolmaydi aslida.
Va nihoyat, prokuratura xodimlarining ma’naviy komilligi ustida yaxshilab ishlash kerak. Bir haqiqat ayonki, bu xalq ming yillardan buyon bor va har qanday amaldor uning borligi uchun ham yashab kelyapti va qozoni qaynayapti. Daraxt o‘q tomirning oziq manbasini unutgan mahalda quriydi va chiriydi, yana o‘sha yerga ag‘darilib tushadi.
Yaqinda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga tegishli audioyozuv tarqab ketdi. Unda sog‘liqni saqlash vazirligi viloyatda sohaga oid qator qonunga zid holatlar bo‘yicha Bosh prokuroraturaga materiallar taqdim etgan bo‘lsa-da, bu haqda viloyat hokimiga qo‘ng‘iroq qilib, masalani hal qilib oling, deya telefondan shipshitsa... Va buni hokim buva hech uyalmay-netmay katta majlisdagi haqoratlarga to‘la nutqida maqtanib aytib o‘tirsa!..
Nig‘matilla Yo‘ldoshevga majlisda, avvalo korrupsiyasiz tizimni yaratish talabi qo‘yilar ekan, u bunga qanday erishish yo‘llari bo‘yicha o‘z strategiyasini yaratib olgan bo‘lsa ne ajab, uning qanchalik samarali ekanligini vaqt ko‘rsatadi.
Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi tomonidan prokuraturaning o‘zi qonunchilikka qanday amal qilayotganini qat’iy nazorat qilish mexanizmini yaratish masalasi ham o‘ylab ko‘rilishi, bunda faqat hisobot tinglash yoki tavsiya berish usullari bilan cheklanib qolmaslik lozim.
Prokurorlar faoliyatini baholashning aniq mezonlari ishlab chiqilishi va u soat kapgiriday hayotda qo‘llanilishini orzu qilamiz. Yo‘qsa, ish chuqurlashib, Bosh prokurorlar tiyiqsiz va nazoratsiz, mutlaq gegemonga aylanib qoladi. Ko‘lankasi maydon, xizmat mavqeini istagancha suiiste’mol qilganlik, korrupsiya, adolatsizlik va yulg‘ichlik kabi nojo‘ya xatti-harakatlar uchun zudlik bilan jazosini olishi kerak. Toki, prokuratura deganlari davlat ichida alohida davlat emas, balki davlatning odil adliya tizimini ta’minlovchi muhim bir bo‘g‘inga aylanishi vaqti yetdi.
Shu o‘rinda Bosh prokurorning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi bilan murojaat etishi huquqini ham chuqur muhokama qilish kerak. To‘g‘ri, prokuratura qonunlar ijrosini nazorat qiladi, amaliyotdan kelib chiqib, qonunlardagi bo‘shliqlarni o‘z vaqtida ko‘radi, ilg‘aydi. Shu barobarida ayni huquq qonun orqali o‘z vakolatu imtiyozlarini kengaytirishiga imkoniyat berishini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Faqat Adliya vazirligi orqali bunday tashabbusni ilgari surishi mumkinligiga urg‘u berish zarur.
Qolaversa, xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyatining kuchishlatar tizimlar faoliyati ustidan parlament va jamoat institutlari nazoratini qat’iylashtirayotgani hamda ularning siyosiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotga aralashuvini qisqartirayotgani Prezidentning fuqarolik jamiyati va erkin bozor iqtisodiyotini yaratish yo‘lidagi ahdida sobitligini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘lda har qanday to‘siq qo‘yish yoki chalg‘itishga urinish ochiq xiyonatdan boshqa narsa emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter