Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men tahsil olayotgan universitet akademiklari orasida Nobel mukofotlari sovrindorlari bor» — Norvegiyadagi dasturchi bilan suhbat

«Men tahsil olayotgan universitet akademiklari orasida Nobel mukofotlari sovrindorlari bor» — Norvegiyadagi dasturchi bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» chet eldagi hamyurtlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Norvegiya fan va texnologiyalar universiteti magistranti O‘tkurbek Safoyev. Qahramonimiz 2018-yil Toshkentdagi Inha universitetining Axborot va kommunikatsiya muhandisligi fakultetini tamomlagan.

O‘tkurbek bilan suhbatimiz Norvegiyadagi ta’lim, ilmiy ishi, toza energiya, O‘zbekiston eksportda Hindiston va Pokistondan o‘tishi mumkinligi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Matematika fani muammolar yechimiga ishtiyoqimni oshirgan

Axborot texnologiyalari sohasini tanlashimga maktabda yaxshi ustozlar qo‘lida tahsil olganim birinchi sabab bo‘lsa kerak. Matematikadan poytaxtdagi 152-maktabda o‘qituvchi Marg‘uba opa Komiljonova va fizika o‘qituvchisi G‘ayrat aka juda ko‘p motivatsiya berishgan. Bolaligimdan matematika fanini yoqtirardim, matematika fani menda muammolar yechimiga ishtiyoqimni oshirgan.

Dasturlash xuddi matematika kabi, muammolarga axborot texnologiyalari orqali yechim topishdan iborat deb o‘ylayman.

Maktabni bitirib salkam 10 yildan beri IT sohasida o‘qidim va ishladim. 2011 yildan to 2014 yilgacha TATU qoshidagi Mirzo Ulugbek akademik litseyida ta’lim oldim. 2014 yili Inha universiteti ochildi va 2018 yili birinchi qaldirg‘och sifatida tamomladim. O‘zi Inha universiteti ochilganida dasturlash sohasida kelajak bor ekanligini tushunganman. Universitetni bitirgach, bir muddat «Maroqand» firmasida loyiha boshqaruvchisi va dasturchi bo‘lib ishlab ko‘rdim va menga ko‘proq dasturlash yoqishini tushunib yetdim.

10 ta vazifa emas, o‘rniga bitta kattaroq vazifa beriladi

Aslida faqat Norvegiyada o‘qiyman deb harakat qilmaganman, balki Germaniya, Janubiy Koreya va Kanadadagi universitetlarga hujjat topshirib ularga ham qabul qilinganman. Maqsadim rivojlangan davlatlardagi hayotni ko‘rish, mutaxassisligim haqida ko‘proq bilim olish, sayohat qilish edi.

Norvegiyadagi universitetni tanlashimning sababi, hozirgi universitetim Norvegiya fan va texnologiyalar universiteti (NFTU)ning dunyo miqyosidagi reytingi, yuqori ta’lim sifati va bepul o‘qish imkoniyati bo‘lgan. Norvegiyada ta’lim olish boshqa skandinaviya davlatlari kabi juda erkin hisoblanadi, sizga 10 ta vazifa emas, o‘rniga bitta kattaroq vazifa va ko‘proq muddat berishga harakat qilishadi. Davlat universitetlarida ta’lim olish bepul. Bakalavrda bepul o‘qish uchun norveg tilini bilishingiz kerak, lekin magistraturada ingliz tilida o‘qish imkoniyati bor. Eng qiziqarli tarafi, 50 yoki 60 yoshdagi odamlar bilan ham kursdosh bo‘lishingiz mumkin.

Norvegiya fan va texnologiya universiteti mamlakatning eng yaxshi muhandislik oliygohlaridan biri. Uning tarixi 1760 yildan boshlangan va keyinchalik ba’zi sobiq universitet kollejlarini o‘z ichiga olgan. Ta’lim muassasamiz doimiy ravishda dunyo universitetlari reytingida yuqori o‘rinlarni egallaydi, odatda reytingga qarab 101-500 oralig‘ida.

 NFTU muhandislik va texnologiya sohasidagi ta’lim va tadqiqotlar uchun 1910 yilda parlament tomonidan Norvegiyaning milliy muhandislik universiteti sifatida tashkil etilgan. Universitet muhandislik va tabiiy fanlar bilan bir qatorda tibbiyot, psixologiya, ijtimoiy fanlar, san’at, o‘qituvchilar ta’limi, me’morchilik va tasviriy san’atdan tortib boshqa ilmiy yo‘nalishlarda ham oliy ma’lumot beradi. Universitet akademiklari orasida tibbiyot bo‘yicha uchta Nobel mukofoti sovrindori Edvard Mozer, Mey-Britt Mozer va Jon O‘kif bor.

Markazlashmagan dasturlar yaratishda innovatsion yechim

Magistraturadagi ilmiy ishimni «Blokcheyn va mobil dastur yaratish texnologiyalari» haqida taqdqiqot qilishga bag‘ishladim.

Blokcheynning ahamiyati shundaki, u markazlashmagan dasturlar (decentralized application, dApps) yaratishda innovatsion yechim hisoblanadi.

Markazlashmagan dasturlarni foydali tarafini misol qilib Rolex mahsulotlari savdosini olsak bo‘ladi. Chunki ular ko‘pincha soxtalashtiriladi va bu kompaniyaga iqtisodiy jihatdan salbiy ta’sir yetkazadi. Agar Rolex o‘z mahsulotlarini yetkazib berish tarixini markazlashmagan dastur orqali saqlaydigan bo‘lsa, bu ma’lumotlarni hech kim o‘zgartira olmaydi, boisi ma’lumotlar markazlashmagan tarmoqda, masalan Ethereum Network, Hyperledgerda saqlanadi. Sotib oluvchi xaridor esa 100 foiz ishonch bilan Rolex mahsulotlarini sotib oladi.

Mobil dastur yaratish texnologiyalari esa blokcheynning insonlar hayotiga integratsiyalashning eng maqbul yo‘li deb hisoblayman, shuning uchun bu mavzu menga juda qiziq.

Toza energiya bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan

Norvegiyadagi ijobiy tajribalar haqida so‘raganingiz uchun mamlakatning energiya siyosati haqida gapirmoqchiman. Norvegiya elektrlashtirish va toza energiya, ya’ni tabiatga ta’sir qilmaydigan energiya ishlatish (clean energy) bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan. Bu yerda texnikalarning asosiy qismi shamol, suvdan olingan elektr energiyasida yoki vodorodda ishlaydi. 2030 yilgacha Norvegiya ko‘mir, gaz, neft va boshqa zararli energetika manbalaridan 100 foiz voz kechadi.

Hindiston va Pokistondan ham yaxshiroq dasturiy mahsulotlar sota olamiz

Norvegiyada yashash davomida, bu yerda yashash sifati naqadar balandligini his qildim va ichimda «Qani edi O‘zbekistonda ham yashash sifati shu darajada baland bo‘lsa?» degan fikr o‘ta boshladi. Davlat iqtisodiyotini yaxshilashning birdan-bir yo‘li — importni kamaytirib, eksportni ko‘paytirish kerakligi oldindan ma’lum.

Muammo shundaki,  O‘zbekiston va Lixtenshteyn dengizga chiqishi uchun kamida ikkita davlatdan o‘tishi kerak bo‘lgan davlatlar hisoblanadi, bu esa o‘z-o‘zidan iste’mol tovarlari eksportini qiyinlashtiradi. Agar biz raqamlashtirilgan (digital) mahsulotlarni yoki xizmatlarni eksport qilsak, o‘ylaymanki, Hindiston va Pokistondan ham yaxshiroq dasturiy mahsulotlar sota olamiz.

Birinchisi, O‘zbekistonda ingliz tilida gapirganda pokistonliklar yoki hindistonliklardek aksent bo‘lmaydi, bu esa katta kompaniyalarning telefon xizmatlarini (Customer Service) Hindistonda emas, balki bizning hududdan olishga undaydi. Demak, ingliz tilidagi xizmatlarimiz bizda yaxshiroq sotiladi.

Ikkinchisi, masalan Xitoyda maktablarda kalkulyator ishlatish mumkin emas, sababi ular o‘quvchilarni matematikani o‘rganishini davlat miqyosida qattiq nazorat qilishadi. Xitoyda matematikani tadbirkorlikning asosi ekanligini bilishadi. Tadbirkorlik esa o‘z o‘rnida davlat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini.

Uchinchisi, matematika va ingliz tilini bilgan odam IT sohasini juda tez o‘rganadi. Sababi, asosiy IT yangiliklari ingliz tilida, matematika esa dasturlashda yoki turli loyihalarni boshqarishda yordam beroladi. Qo‘shimchasiga, IT xizmatlari hozirda eng talab kuchli bo‘lgan va eng ko‘p foyda olib kelishi mumkin bo‘lgan xizmatdir.

Veracity kompaniyasida ishlayapman

Hozir o‘qishdan tashqari Veracity kompaniyasida ishlayapman. Veracity – bu dengizchilik, energiya va boshqa ko‘plab sanoatlarni raqamli tranformatsiyalashni o‘ziga missiya qilib olgan startap kompaniya hisoblanadi. Albatta, bu kompaniyada doimiy ishlab qolish niyatim yo‘q.

Yaqin 5 yil ichida esa IT sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lish va yurtimizga qaytib, IT mahsulotlari yoki xizmatlarini eksport qilish orqali davlatimiz iqtisodiyoti o‘sishiga va insonlar hayoti yaxshilanishiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring