Oqil boshga, johil mushtga ishonadi
Har bir makon va zamonning o‘ziga yarasha katta yoxud kichik muammolari bo‘ladi. Lekin ana shu muammolarning kelib chiqishiga baribir inson omili sabab bo‘laveradi. Xolisona, oqilona va odilona yondashishgina bu muammolarni bartaraf etadi.
Asabiy holatlar g‘azabga sabab bo‘ladi. Natijada anglashilmovchiliklar, o‘rinsiz xatti-harakatlar yuzaga keladi. Tabiiyki, bunday harakatlar ish unumiga, muhitni nosog‘lomlashtirishga ta’sir etibgina qolmay, balki, tom ma’noda, yurt miqyosida oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni, zalvorli vazifalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilishini ham inkor qilish qiyin.
Har qanday muammolarning oqibati bilan emas, balki sabablari bilan shug‘ullanish, uning ildizi bilan qiziqish maqsadga muvofiq. Davlatimiz miqyosida havas qilsa arzigulik, ulug‘vor vazifalar, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari davom etayotgan ayni paytda, ba’zan masala mohiyatini tushunish va tushuntirishda yo‘l qo‘yadigan nuqsonlarimiz omma orasida turli anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Xalqning o‘y-tashvishlari bilan yashash odamiylikning muhim mezoni ekanini e’tirof eta turib, haq roziligini xalq roziligidan topishdek xayrli harakat bilan ish boshlagan prezidentning olib borayotgan siyosatiga zid holatlar noxush kayfiyat uyg‘otishi ham tayin.
Faqat odamzotga, bandagagina xos bo‘lgan uchta tushuncha bor. Biz ularni qanday istifoda etishimizga qarab, bir-birimizdan farqlanamiz. Bu — so‘zlash, tinglash va anglash. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Ma’rifatli, madaniyatli va ma’naviyatli insongina komillik sari intiladi. Bu uning yurish-turishida, ko‘rinish va kiyinishida, nutqi va xulqida namoyon bo‘ladi.
Ma’lum bir qonun, qaror, farmon yoki farmoyishni ijro etish, avvalo, uni to‘g‘ri anglash va idrok etishdan boshlanadi. Qanday yo‘l tutilsa, maqsadni ijobiy tarzda, rozi-rizochilik bilan amalga oshirish mumkinligini bilish ham donolik, aslida.
Salla o‘rniga kallani olish, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish, bo‘lsa besh, bo‘lmasa o‘n besh qabilida oqibatini o‘ylamasdan ish tutish biz bugun guvohi bo‘lib turgan ayrim noxush holatlarga sababchi bo‘ldi. Bu esa tuzum va tizim qiyofatiga salbiy ta’sir etishi, ko‘pchilikni chalg‘itishi turgan gap.
Zo‘ravonlik siyosati bilan uzoqqa bora olmaymiz. Oqil boshga, johil mushtga ishonadi. Targ‘ibotning, tushuntirishning «til»i bor. Bu — til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir, degan fikrimizni asoslaydi.
Prezident e’tirof etmoqchi bo‘lgan «zo‘ravonlik siyosati» to‘xtamas ekan, g‘azab otiga mingan tadbirkorni ham, ustiga benzin sepib yoqib yuborilgan mas’ul rahbarni ham, ma’naviyatsiz ayollar borasidagi mashmashalarni va boshqa tuturiqsiz harakatlarni ham ko‘raveramiz. Bularning ildizi, tag tomiri nimaga borib bog‘lanadi? Bu — bilim va saviya, nutqiy va xulqiy madaniyatning to‘la shakllanmaganidan dalolat beradi.
Prezident g‘oyalari va siyosatini xalqqa aniq va maqsadli yetkazish uchun «savodli bo‘lish, kitob o‘qish» zarur. Xalq bilan muloqot, boshqacha aytganda, bog‘lanish ko‘prigi mustahkam bo‘lishi kerak. Aks holda, anglashilmovchiliklar kelib chiqaveradi.
Pichoqni avval o‘zingga, og‘rimasa birovga ur, qabilidagi naql zamirida hikmat bor. Birovga baho berib hukm chiqazganda, avvalo, uning o‘rniga o‘zingni qo‘yib ko‘rishing asosli bo‘ladi. Prezidentni darg‘azab qilgan holat ham, o‘rinsiz «buza buz»lar xalqning g‘azablanishiga sabab bo‘lgan ayrim viloyat rahbarlarining o‘ylamay-netmay bergan buyruqlari bo‘lgani rost. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-u quruq baravar yonadi. Ommaga yotig‘i bilan tushuntirib, uning buzilayotgan uyi yoki korxonasi uchun tovon pulini to‘lab ish tutilganda, bunday kor-hollar ro‘y bermas, hokimlar esa xalq va bloger hamda jurnalistlar oldida o‘z qilmishlari uchun kechirim so‘rab o‘tirishmasmidi, balki.
Sal oldinroq garajlarni buzish, tekislash ishlarida ham shu usullar qo‘llangan edi. Ko‘pchilik obodonlashtirish uchun ekan mayli, deb sotib olgan garaj pullariga kuysa ham rozi bo‘ldi. Ayrim qarshiliklarga esa do‘q-po‘pisa qilindi, buza buzni avjiga chiqarishdi, e’tiroz bildirganlarga «Sen qarorga qarshimisan, prezident siyosatiga qarshimisan?» — deyishgacha borib yetishgani guvohi bo‘lganmiz.
Eng achinarlisi, hozir ko‘pgina joylarda garaj o‘rinlari eski-tuski kiyimlar tashlangan axlatxonaga aylanib qoldi. Na bir qurilish qilindi, na bir obod maskanga aylantirildi. Ko‘r-ko‘rona ish tutgan ayrim mutasaddilarning harakatini ko‘rib, ta’bir joiz bo‘lsa, «Obodlik niqobidagi barbodlik» deging keladi. Rejasiz ish qolipsiz g‘isht ekanligini nahotki bilmasak?
Xalq va davlat idoralari orasidagi ko‘prikning mustahkam bo‘lishi, bilim darajasiga, muloqot va muomala madaniyatiga bog‘liq. Buni mustahkamlashning asosi viloyat, hatto tuman hokimliklari qoshida ham spichrayter xizmatlarini tashkil etish zarurligi ayon bo‘lmoqda. Davlat va hukumat hujjatlarini keng jamoatchilikka sodda, ravon, ochiq-oydin yetkazadigan, tushuntiradigan kasb egalari — notiq va voizlarni tayyorlash zarurligini hayotning o‘zi talab etmoqda.
Oldingi chiqishlarimizdan birida xuddi shu borada ta’lim tizimidagi muammolarga sabab, ta’limning sifati va samarasiga pedagogning nutqiy, kommunikativ kompetensiyasi yetishmasligini e’tirof etgandik. Davlat idoralari bilan xalq orasidagi muloqot madaniyatini to‘la, bekamu ko‘st shakllantirish zarur.
Notiqlik san’atini, voizlik madaniyatini o‘zida ifoda etadigan, ortiqcha interpretatsiya qilmasdan asl holatini yetkazadigan bir fan bor — buni Germenevtika deyishadi. Bu sohalararo talqin qilish nazariyasi, boshqacha aytganda, tushunish va tushuntirish ta’limotidir. Germenevtik ta’limotning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-moliyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, xalqaro-mafkuraviy jarayonlarga tadbiq etilishi shaxs va jamiyat munosabatlarining barqaror rivojlanishida o‘zining amaliy natijasini beradi.
Dunyoning qator mamlakatlarida, xususan, Italiya, Germaniya, Avstriya, AQSh, Kanada, Fransiya kabi yirik rivojlangan davlatlarda germenevtika fan sifatida qabul qilinib, ayrim maktab, kollej va universitetlarda alohida darslik sifatida ta’lim tizimida o‘qitiladi. Rossiyaning qator oliy ta’lim muassasalarida ham san’at germenevtikasi, psixogermenevtika, filologik germenevtika, yuridik germenevtika kabi umumkasbiy fan sifatida o‘quv rejasidan joy olganligini ta’kidlash joiz.
Bizda esa faqat O‘zbekiston Milliy universitetining «Falsafa qo‘llash sohasi» magistratura mutaxassisligida fan sifatida o‘qitiladi, xolos.
Notiqlik madaniyati va san’atining o‘zagi sifatida bu fanning keng joriy etilishi boshqaruv tizimi va rahbarlik faoliyatida ham katta ahamiyat kasb etishiga shubha yo‘q
E’tibor bering: Ba’zi tadbirlarda, partiyalarning saylovoldi platformalarida, muhokama jarayonlarida muammolar yechimini aytish va eshitish madaniyatiga to‘la amal qilinmaydi. Ko‘rilayotgan masala, asosiy maqsad bir chetda qolib, «har mulla o‘z bilganini o‘qiydi» qabilida gapvozlik «musobaqasi» boshlanib ketadi. Muammoning yechimi ochiq qoladi, ba’zan aytilsa-da, uning ijro nazorati e’tibordan chetda qoladi. Demak, debat madaniyati bo‘yicha yetarli ma’lumotga ega emasmiz.
Hokimlarning aksar yig‘ilishlari esa haqoratomiz so‘zlar, harakatlar o‘tadi. Internetda bu majlislarning audiolari tarqalib, «sharmanda» bo‘lishsa-da, bu ularni keyingi majlislarda «tilini tiyishiga» yetarli bo‘lmaydi. Fikr bildirish, uni bayon etish va eshitish madaniyati yuksak bo‘lmas ekan, tushunmovchiliklar tomiri tobora ildiz otaveradi, ixtiloflar paydo bo‘laveradi.
To‘g‘ri, bolalikdanoq, ong ostimizga tafakkur «texnika»si, mushohada «mexanizm»i o‘rinli joylanmagan. O‘ylash, fikr yuritish va mantiqiy mushohada qilishni shakllantirishga qaratilgan notiqlik, germenevtika, mantiq ilmi chuqurroq singdirilmagan. Quruq yodlash, sxolastikaga asoslangan ta’lim xotira sinovi, quvvai hofizaga daxldor bo‘ladi. Ko‘r-ko‘rona ijro, masala mohiyatini chuqur idrok etmaslik turli nuqsonlarni, har xil fojialarni keltirib chiqaraveradi. Tabiiyki, o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lmagan shaxsda mustaqil qaror qabul qilishdek uquv ham bo‘lmaydi.
Fikrlashga o‘rgatish, mantiqiy mushohada yuritishni bolalikdanoq shakllantirishga oid ta’lim tizimini kuchaytirish zarur. Shundagina yangi fikr, yangi g‘oya bo‘lmasa, taraqqiyot ham, innovatsion ixtiro ham bo‘lmasligi mazmunidagi prezident o‘gitiga hamohanglikni anglab yetamiz.
Xulosa o‘rnida:
- boshqaruv tizimida rahbarlik faoliyatida ritorik mahorat, nutq madaniyati va notiqlik san’atining to‘liq o‘qitilishi;
- o‘zaro munozara va mubohasaga qurilgan debat madaniyatiga rioya etilishi;
- viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslarning nutqlarida vulgar so‘z va iboralar ishlatmasligi;
- ularning xalq oldiga chiqishida, teleradiokanallarga intervyu berishlarida o‘z fikrini emin-erkin va ravon ifoda eta olishlariga e’tibor qaratilishi;
- sud, adliya, prokuratura, bojxona, harbiy, bank sohasi ishlarida, shuningdek, turli darajadagi deputatlarning aholi bilan muloqoti doirasida xulqiy va nutqiy madaniyatga ega bo‘lishi;
- yetuk bilimdonlik, siyosiy ziyraklik va liderlik mahorati bilan xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etish va jipslashtira olishlari;
- amaldorlarning ritorik mahorat va germenevtik qobiliyat bilan birga, tashabbuskorlik va tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lishlari talab etiladi.
Rahimboy Jumaniyozov,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasining direktori,
filologiya fanlari nomzodi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter