Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farhod Abdurahmonov

Yashashdan murod hamisha yaxshilik qilishga intilish, yaxshilik uchun kurashish. Yaxshilikni qalbi pok, go‘zal insonlardan kuting. Haqiqiy iymon egalari qalbi go‘zal, vijdonli kishilardir. Qalbi go‘zal insonlar hamisha xolis va mard bo‘ladilar.

Migratsiya zaruriyatdanmi yoki noshukurlikdanmi?

Migratsiya zaruriyatdanmi yoki noshukurlikdanmi?

Foto: «Sputnik»

2018-yilning 18-yanvarida Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatida sodir bo‘lgan mudhish voqea barcha vatandoshlarimizni chuqur larzaga soldi. Tabiiyki, hammamiz sababni qidirmoqdamiz, o‘zimizni ovutish uchun birimiz taqdiri azaldan deyapmiz, yana birimiz achchiq ustida har xil gaplar aytmoqdamiz.

Kimdir masalaning tub ildizini ob’yektiv tahlil qilishga harakat qilayotgan bo‘lsa, bir toifa kishilar ushbu ayanchli hodisaga mehnat muhojirlarining o‘zlarini sababchi qilib ko‘rsatmoqda. Albatta, turlicha dunyoqarashga ega bo‘lgan insonlar har bir voqelikka har xil baho beradilar. Shuning uchun odamlarning fikriy xilma-xilligini to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak.

Biroq ushbu o‘rinda fikr bildirayotganlar har bir masala xususida bir so‘z aytishdan avval masala to‘g‘risida hech bo‘lmaganda boshlang‘ich bilimga ega bo‘lishlari va har qanday vaziyatda xolis bo‘lmoqlari joizdir. Agar bu qoidaga amal qilinmasa bir tomondan chiqargan xulosalarimiz biryoqlama bo‘ladi, ikkinchi tarafdan esa kimlargadir tuhmat qilinishi yoki voqelik atayin buzib ko‘rsatilishiga olib kelishi mumkin.

Xususan, 52 nafar vatandoshimizning tirikchilik g‘amida tiriklayin kuyib ketgani to‘g‘risida «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ining «Xalq bilan muloqot» guruhida ayrim fuqarolarimiz tomonidan turli mazmundagi postlar qo‘yilmoqda. Shuningdek, ba’zilar bevosita o‘z profillari orqali ham qarashlarini bayon etmoqdalar. Ijodkorlarimiz ta’sirlanib she’rlar ham yozishdi.

Bir qator sharhlarda fuqarolarimiz masalaning tub ildizini ochib, uni hal etish xususida takliflarini berganlar. Biroq boshqalarning fikrlarini hurmat etgan holda shuni ta’kidlashim zarurki, ayrim sharhlarni o‘qib juda xafa bo‘lib ketdim. Chunki ularda odatdagidek maddohlik va hamma muammolarda xalqni ayblash kuzatilmoqda.

Yana ayrim sharhlarda asosiy muammo bir yoqda qolib ikkilamchi masalalarga urg‘u berilayapti. Ba’zilar xalq maqollarini ham o‘rnida yoki noo‘rin keltirganlar. Tanqid quruq bo‘lmasin uchun ayrim sharhlarni keltirib o‘taman.

Xo‘sh, sharhlarni umumlashtirib ko‘rib chiqsak:

1. «Peshonasiga shu yozilgan ekan, shuning uchun bu ishda hech kimni ayblashga haqqimiz yo‘q».

2. «Boriga qanoat qilib o‘z yurtlarida yashab yursalar bo‘lardi-ku. Ular sabrsizlik qilishdi».

3. «Qayerda bo‘lsangiz ham xudo rizqingizni beradi. Xudoni rizqiga shukur qilib yurmasangiz yomon bo‘ladi-da».

4. «Ota-onalarda ayb. Ular bolalarini o‘qitishga harakat qilmaydilar, hunar o‘rgatmaydilar. Bolalaringizni o‘qiting, hunar o‘rgating, shunda boshqa yurtlarga chiqib ketmaydi».

5. «Nega odamlarimiz ommaviy ravishda boshqa yurtlarda mardikorchilik qilib yuradi? G‘ururimiz qayoqqa ketdi?».

6. «O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingda gado bo‘l deydilar. Ularga kim aytdi o‘sha yerlarga borib ishlanglar deb?».

7. «Qancha-qancha yerlarimiz bo‘sh turibdi. Agar haq-huquqimizni bilib ishlasak, o‘zimizni yurtda bemalol yashab yurish mumkin».

8. «Ish joylari o‘zimizda ham ko‘p, ishlayman degan odamga ish topiladi».

9. «Qorni to‘qning qorni och bilan ishi yo‘q».

10. «Tanasi boshqa dard bilmas».

11. «Mardikorlik qilayotganimiz va sabrsizligimiz ollohga yoqmayotganidan darakdir bu».

12. «Hamma narsa niyatga bog‘liq, niyatingizga qarab rizq tarqatiladi, nola qilsangiz rizq bo‘lmaydi».

13. «Bu ishlarning hammasi riyo va dabdababozlikdan. Agar shulardan tiyilsa va ollohning sabrini qilsalar barakasini o‘zi beradi».

14. «Haloliga sabr qilib yashayveringlar, ajrini olloh beradi».

15. «Biz chinakam millat bo‘lib shakllanmaganimiz uchun ham muammolarning girdobidan chiqa olmayapmiz».

16. «Agar qishloq yoshlariga 1 gektardan yer va kredit ajratilsa ko‘pchiligi chetga ishlashga bormaydi. Zarurat bo‘lmasa fuqarolarimiz bola-chaqalarini, ota-onalari va yaqinlarini tashlab uzoqqa ketmaydilar».

17. «Kechagi voqeada «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining ham aybi bor, chunki uning chiptalari qimmat».

18. «Bu befarqligimiz natijasida ro‘y berdi. Ushbu hodisa yuz berishiga poytaxtimizdagi “propiska” qoidalari ham sababchidir».

19. «Xorijga borib ishlashni hech kim shunchaki havas qilmaydi. Asosiy sabab bizdagi ish haqining kamligidir».

20. «Agar fojea sabablarini o‘sha avtobus ichidan qidirsak, falokatlar yana davom etaveradi».

21. «Hammasiga sababchi ta’lim tizimimizdagi inqirozdir»...

Men sharhlarni aynan keltirmasdan, ma’nolariga qarab yozdim. Ba’zilari esa o‘zgarishsiz keltirilgan. Agar sharhlarning har birini tahlil qilib javob yozsak, katta maqola bo‘lib ketadi. Shuning uchun ularga umumiy baho bersak maqsadga muvofiq bo‘lardi.

E’tibor bilan qaraydigan bo‘lsak, ba’zilar masalani din bilan bog‘lashayapti. Men diniy ulamo emasman, ammo ayrim e’tirozlarimni bildirmoqchiman. Hech bir voqea o‘z-o‘zicha sodir bo‘lmaydi. Har bir ishning sababi, omili va natijasi bo‘ladi. Albatta, insonlar xoh samolyotdan, xoh poyezddan foydalansalar-da, ularning xavfsizligi yuz foiz kafolatlanmagan. Biroq ushbu transportlarda ham noxush holatlar besabab yuz bermaydi.

Ba’zilar migratsiyaning kuchayishini ortiqcha orzu-havaslar, dabdabali to‘ylar bilan bog‘lamoqda. To‘y masalasi alohida mavzu. To‘g‘ri, ayrim migrantlar katta to‘ylar qilib, mashhur xonandalarni chaqirib, ularning ustiga pul sochgan bo‘lishi mumkin. Lekin ular umumiy mehnat muhojirlarining bir foizini tashkil etsa kerak. Bu ishni qilayotganlar asosan bir necha yillar ilgari yoki migratsiya boshlangan davrlarda Rossiyaga o‘rnashib olib, keyinchalik korchalonlik bilan boshqa vatandoshlarimizga ish topib bergani uchun hissa olib yurganlardir. Yoki bir-ikkita qora ishlarda ishlamaydiganlardir. Shuning uchun ular umumiy hisobga kirmaydi. To‘yni sabab qilib ko‘rsatayotganlari nisbiydir. To‘yni dabdabali o‘tkazayotganlar asosan beli og‘rimay pul topayotgan korrupsionerlar, poraxo‘rlardir. Qancha e’tirozingiz bo‘lsa shularga bildiring.

Orzu-havas masalasiga kelsak, nega oddiy fuqarolarda ular bo‘lmasligi kerak? Hamma ham bu dunyoda yaxshi yashashni, baxtli bo‘lishni xohlaydi. Yaxshi yeb-ichish, chiroyli kiyinish taqiqlanmagan. Haqiqatni aytadigan bo‘lsak, migrantlarimiz o‘ta boy bo‘lishni orzu qilayotganlari ham yo‘q aslida. Migrantlar bolalari och qolmasligini, ularning o‘qishi uchun sharoit qilib berishni yoki ularning o‘qishdagi kontrakt pulini to‘lashni, kasal bo‘lib yotgan yaqinlari tuzalishini, farzandlarini uyli-joyli qilishni o‘ylab o‘z jonlarini garovga qo‘yib, boshqa yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yuribdilar.

O‘tgan yili bir opaning jinoyatlari rasmiy ravishda fosh qilingani ortidan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ko‘pchilik uning yonini oldi. Nima emish, uning jinoyatlarini hech kim ko‘rmagan ekan, shuning uchun muhokama qilsak tuhmat bo‘larkan, g‘iybat hisoblanarkan, hamma ham xato qilarkan, fitna bo‘larkan va hokazo. Hozir 52 nafar yurtdoshimiz haqida esa bilib-bilmay gapirib yotibmiz. Xo‘sh, sizlar shu tiriklayin kuyganlarning uyini borib ko‘rdingizmi? Uyidagi muammolardan xabardormisiz? Ularning sharoitini bilasizmi?

O‘tgan kuni ba’zilarining rasmini ko‘rdim. Xuddi qirq yildan beri urush ketayotgan Afg‘onistonning uylariga o‘xshaydi. Birovning holatini bilmasdan uni ayblab sabrga, shukurga chorlovchilar, bunchalik ikkiyuzlamachisizlar? Shu sharoitda ularni havas uchun ishga borganlikda, nafsga ergashganlikda ayblash o‘taketgan noinsoflik-ku! Biz nega faqat oddiy odamlarga sabr-qanoat haqida gapiramiz? Nega boylarimizga shukur, sabr, qanoat, nafsni tiyish haqida gapirmaymiz? Nega ulamolarning ham asosiy nishoni oddiy fuqarolar?

Nima emish, oilada totuvlik bo‘lsa rizqni xudoning o‘zi berarmish. To‘g‘ri, totuvlikda gap ko‘p, lekin ming totuv bo‘ling, ish o‘rni bo‘lmasa qayerdan rizq keladi?

O‘qitish, hunarga o‘rgatish haqida gapirishayapti. Baraka topgurlar, aytinglar-chi, kollej va litseylarni bitirganlarning necha foizi ish bilan ta’minlangan? Kecha kollejni bitirgan bola qayerdan o‘ziga ish ochsin? Nega oliy ma’lumotli fuqarolar ham qo‘llarida diplomi bo‘la turib ish topa olmaydi?

G‘urur qani deyilmoqda. Mehnat qilish g‘urursizlik bo‘lib qoldimi? Migrantlar shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan, nolimasdan o‘zlari harakat qilib eng og‘ir ishlarni bajarib, halol pul topishlari g‘urursizlik ekanmi? O‘z fuqarolariga ish o‘rinlari yaratib berishga harakat qilmagan, ularga loqaydlarcha munosabatda bo‘lgan, ularning haq-huquqlarini mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham muhofaza qilmagan mutasaddilardan so‘rang g‘ururni. Ularda g‘urur bo‘lganda o‘z fuqarolarining shunchalik xor bo‘lishiga yo‘l qo‘yarmidi?

Sir emaski, bir necha yillardan buyon migrantlar poyezd va avtobus bilan Rossiyaga ketganida va qaytganida Qozog‘iston hududida reketlarga pul berishga majbur bo‘lganlar. Bularni Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatidagi tegishli tashkilotlar bilishmaganmi? Axir qaysidir bir chekka qishloqdan kimdir siyosatga aralashib o‘rinli tanqid qilsa, uning ovozasi darrov hamma joyga ma’lum bo‘ladi-yu, lekin bu kabi ommaviy tus olgan jinoyatchilikni hech kim bilmaganiga qanday ishonish mumkin? Agar o‘zimizda ish o‘rinlari yarata olmasalar, hech bo‘lmaganda migrantlarning xavfsiz kelib-ketishlarini ikki mamlakat hukumatlari kelishib hal qilsalar bo‘lardi-ku.

Bunaqa ishlar, ya’ni mehnat muhojirligi ollohga yoqmagani uchun shu ish sodir bo‘lgan deb yozibdi bittasi. Halol mehnat qilaman deb, xudoga tavakkal qilib yo‘lga chiqqanlarning ishi qanday qilib Yaratganga yoqmasligi mumkin? Nega o‘tgan 25 yil davomida Rossiya bilan mehnat muhojirlarining himoyasi uchun biron-bir amaliy ish qilinmadi?

«Sabr bilan halol ishlasa rizqni, boylikni xudo berardi», — debyozmoqda ayrimlar. Agar sabr bilan halol ishlab boyish mumkin bo‘lganda bizning dehqonlarimiz eng boy kishilar bo‘lishlari kerak edi-ku. Men bu bilan dinga, diniy qadriyatlarga qarshi chiqish niyatim yo‘q yoki ularga shubha qilmayapman. Har qanday holatda halollikni ulug‘layman. Ammo muammolarning tub ildizini e’tiborga olmay bo‘lar-bo‘lmasga diniy tushunchalarni suiiste’mol qilishni noo‘rin deb hisoblayman.

Kimdir kamchiliklarni ko‘rsatsa tinch, osmoni musaffo yurtda yashayotganingga shukur qilmaysanmi, nonko‘r deymiz. Biroq tinch davlatda uning fuqarolari doimiy tashvish bilan xotirjam yashay olmayotganiga e’tibor qaratmaymiz. Yillar mobaynida chetdan qanchadan-qancha fuqarolarimizning o‘ligi kelayotganini tan olmadik. Hatto rasmiy statistika ham mavjud emas. Lekin surishtirib ko‘rsangiz, har bir qishloq, har bir ko‘chada migrantlar bilan bog‘liq qandaydir musibat bo‘lib o‘tganini eshitasiz.

Xo‘sh, endi umuman mehnat migratsiyasi tabiiymi yoki yo‘qmi, shunga biroz to‘xtaylik. Chunki ba’zilar mehnat migratsiyasi hamma davlatda bor, shuning uchun vatandoshlarimizning boshqa yurtlarga borib ishlashini to‘g‘ri qabul qilish kerak demoqdalar.

Hech kim o‘zi tug‘ilib o‘sgan makondan kindigini to‘la uzolmaydi. Ayniqsa, bizning xalqimizda o‘troq bo‘lib yashash tarixiy rivojlanish davomida shakllanib, zehniyatimizda mustahkamlangan. Ammo iqtisodiy manfaatdorlik, moddiy ehtiyoj boshqa ko‘pgina voqeliklar yuzaga kelishi uchun zamin yaratadi. Zamonaviy globallashuv ta’sirida qadriyatlar ham asta-sekin o‘zgarib bormoqda. Umuman olganda, dunyoning har qaysi burchagida yuz berayotgan migratsion jarayonlarning asosida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa sabablar yotadi.

Migratsiya haqida so‘z yuritganda shuni unutmaslik kerakki, darhaqiqat, faqat bizning fuqarolarimiz chetga chiqqan emas. Birgina misol qilib turklarning Germaniyaga migratsiyasini yoki sobiq kolonial davlatlar fuqarolarining Fransiyaga kelib ishlashini aytish mumkin. Ularni ushbu davlatlarga yetaklagan omil iqtisodiy ehtiyojdir. Biznikilar ham iqtisodiy zaruriyat tufayli chetga chiqib ketgan. Ayrimlar ta’kidlaganidek, noshukurlik qilib ketmayaptilar. Afsuski, bizda mehnat muhojirlarining aniq soni qancha, necha foizi erkaklar, qanchasi ayollar, shuningdek, qancha qismini yoshlar tashkil etadi, ularning ma’lumoti qanaqa, mehnat muhojirlari boshqa davlatlarda o‘rtacha qancha vaqt qolib ketayapti, qancha mehnat muhojiri turli sabablar bilan chetda olamdan ko‘z yumdi, kasallikka chalindi, majruh bo‘ldi, ular tomonidan qancha jinoyat sodir etildi va hokazo ma’lumotlar yo‘q, agar bo‘lsa ham ochiqlanmagan. Shuningdek, mehnat muhojirlari jo‘natayotgan pullar qanchaligi va uning YaIMdagi ulushi haqida batafsil ma’lumotga ega emas edik. Lekin asosiy mehnat muhojirlarimiz Rossiyada, qolganlari Ukraina, Qozog‘iston, Janubiy Koreyada ekanligini bilardik xolos. Xullas, migratsiya — zaruriyat va chetga chiqib ketganlarni noshukurlikda ayblash dunyoqarashimiz keng emasligidan dalolat beradi. Davlatning vazifasi zaruriyatni tushungan holda mutanosib siyosat yurgizish bo‘lmog‘i zarur.

Aytish kerakki, dunyodagi normal mehnat migratsiyasi bilan bizdagi migratsiyani umuman qiyoslab bo‘lmaydi. Ayrim iqtisodchilarning fikricha, agar muayyan bir mamlakatdagi mehnat resurslarining 10-12 foizi mehnat muhojiri sifatida chetga chiqib ishlasa bu me’yor hisoblanar ekan. Bizda, birinchidan, ushbu ko‘rsatkich to‘g‘risida aniq-tiniq statistik ma’lumot mavjud emas. Ammo uning yuqoriligi shunday ham ma’lum. Ikkinchidan, eng asosiysi bizning mehnat muhojirlarimiz boshqa davlatlarning mehnat muhojirlari singari har tomonlama himoyalangan emaslar. Ta’bir joiz bo‘lsa bizning migrantlarni zamonaviy qarollar deb atash mumkin. Albatta, bunday ta’rif hech kimga yoqmaydi, kimdir xafa bo‘lishi, e’tiroz bildirishi mumkin. Ammo bu achchiq haqiqatdir.

Buni isboti shuki, migrantlarimiz xoh legal, xoh nolegal tarzda chetga yurgan bo‘lsalar-da, o‘sha mamlakat fuqarolari bilan teng huquqga ega emaslar. Tibbiy xizmat, ijtimoiy himoya, ijtimoiy sug‘urta masalalarida ularning huquqlari ta’minlanmagan. Men bu yerda asosan Rossiyada yurgan migrantlarimizni nazarda tutayapman. Chunki mehnat muhojirlarimizning asosiy qismi shu davlatdadir. Bir so‘z bilan aytganda, mehnat muhojirlari himoyasiz, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan edi. Hukumatimiz ularning taqdiriga befarqlarcha munosabatda bo‘ldi. Migrantlarimiz mamlakat YaIMga salmoqli hissa qo‘shayotganlari ma’lum bo‘lsa-da, ularni dangasa deyishdan or qilmadik. Agar bu masalani Turkiya misolida ko‘rsak, ular boshqa yo‘ldan ketishdi, ya’ni migrantlarning himoyasini ham mamlakatda, ham Germaniyada ta’minlashga erishishdi. Natijada bundan ikkala taraf ham yutdi.

Men bizdagi ishchi kuchining ommaviy ravishda chetga chiqib ketishining asosiy sabablarini quyidagilarda deb bilaman.

Birinchidan, bu bevosita monopoliya bilan bog‘liq. Bironta soha yo‘qki, monopoliyadan xoli bo‘lsa. Paxta monopoliya. Bug‘doy monopoliya. Meva va sabzavotlar yetishtirish dehqonlar ixtiyorida bo‘lgani bilan ularni chetga sotish imkoniyati mavjud emas. Buni ham ayrimlar monopoliya qilib olishgan. Ta’lim tizimi monopoliya. Shu paytgacha amal qilinib kelingan, ya’ni har bir o‘quvchining faqatgina bitta oliy ta’lim muassasasiga o‘qish uchun hujjat topshira olishi, imtihonning ham faqat bir kunda o‘tkazilishi, qabul kvotalarining umumiy bitiruvchilar soniga nisbatan 10-12 foiz atrofida belgilanishi sun’iy talabning o‘sishini ta’minlab monopoliyani kuchaytirdi, unga xizmat ko‘rsatdi va korrupsiyani avj oldirdi. Neft mahsulotlari to‘la monopoliya. Yil davomida fuqarolarimiz yonilg‘i sotib olishda turli qiyinchilik va taqchilliklarga duchor bo‘ladi. Svet va gaz ham monopoliya. Ularning qanday ta’minlanayotgani hammamizga ma’lum va ayni paytda svet va gaz narxini fuqarolarimiz hech qanday nazorat qila olmaydi. Avtomobil sanoati monopoliya. Fuqarolarimizda faqat «GM Uzbekistan» avtomashinalarini u belgilagan narxda sotib olishdan boshqa imkoniyat mavjud emas. Go‘yo hukumat shu yo‘l orqali ichki bozorni himoya qilinganday ko‘rinadi, ammo uning katta yuki fuqarolar gardaniga kelib tushmoqda. Fakt shuki, chiqarilayotgan mashinalarning narxi xuddi shunday mashinalarning jahondagi o‘rtacha narxiga nisbatan yuqoridir.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» ham monopoliya. Uning xizmatidan foydalanish ham faqat cheklangan kishilarga nasib etmoqda.

Monopoliya raqobatning kushandasidir. Monopoliya sharoitida fuqarolarda uning shartlariga ko‘nishdan boshqa hech qanday chora qolmaydi. Monopoliya bor ekan, fuqaroda tanlash huquqi bo‘lmaydi. Monopoliya amalda ekan, narxni hech kim nazorat qilmaydi. Raqobat bo‘lsagina sifat, qulayliklar, arzon narx-navo bo‘ladi. Raqobat rivojlanishga olib keladi. Monopoliya esa o‘z nomi bilan bir kompaniyaning hukmronligidir. Monopoliya sharoitida innovatsiya haqida bosh qotirilmaydi. Monopoliya bir so‘z bilan aytganda fuqarolarni azobga qo‘yib faqatgina bir guruh shaxslarning mehnat qilmasdan boyishi uchun yaratilgan imkoniyatdir.

Ikkinchi sabab — poraxo‘rlik va korrupsiya. Monopoliya va korrupsiya bir-biriga yaqin tushuncha deb aytsak bo‘ladi. Chunki monopoliya korrupsiyani yoki korrupsiya monopoliyani keltirib chiqaradi. Korrupsiya darajasi bo‘yicha davlatimiz reytinglarda bir necha yillar davomida eng oxirgi o‘rinlarni egallab kelayotgani hammamizga ma’lum.

Uchinchidan, fuqarolarimizga mehnatiga yarasha ish haqi belgilanmaganligi ham migratsiyaning kuchayishiga olib keldi. Belgilangan ish haqi fuqarolarning zaruriy ehtiyojlarini qondirishga yetmasdi. Natijada qo‘lida diplomi bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar ham chetga chiqib ketishga majbur bo‘ldilar.

To‘rtinchidan, bizda ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash sohasi og‘ir inqiroz holatiga tushirib qo‘yildi. Ushbu ikki sohaning moddiy-texnik bazasiga va xodimlarning sharoitiga deyarli e’tibor qaratilmadi. O‘qituvchi va vrachlarning jamiyatdagi mavqei yo‘qotildi. Ularni har qanday ishlarga majburlab jalb qilish odatga aylandi. Natijada ilm-fan orqaga ketdi, yangi ixtirolar qilinmadi, innovatsion texnologiyalar yaratilmadi, jamiyat a’zolarining sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yuzaga keldi. Shu o‘rinda ta’kidlash zarurki, Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyin ta’lim va sog‘liqni saqlashga e’tibor qaratgani tufayli qisqa muddatda rivojlanib ketdi. Biz esa shuni bila turib bu ikki sohaning vakillarini xor qilib qo‘ydik. Qandaydir ikki-uchta musiqachi, uch-to‘rtta sportchi, ikki-uchta zulfiyachini ko‘z-ko‘z qilib, go‘yo ta’lim, fan yuksak rivojlanayotganini targ‘ib etdik.

Beshinchidan, viloyatda yashovchilarning poytaxtda ishlab yashashlari uchun aparteid ko‘rinishidagi qoidalarning o‘rnatilishi ham migrantlarning ko‘payishiga ta’sir ko‘rsatdi. Kamina bu mavzuda bir necha marta munosabat bildirganman. Bu yerda yana batafsil to‘xtab o‘tishni lozim topmadim. Poytaxtda mardikorchilik bilan shug‘ullanishning qiyinchiliklari boshqa mamlakatlarga borib ishlashdan ko‘ra og‘ir bo‘ldi. Propiska tizimi mamlakat fuqarolarini o‘z yurtida begona qilib qo‘ydi. Boshqa tomondan, ushbu tartib bahonasida muayyan soha vakillariga tayyor osh yeyish uchun sharoit yaratib berildi.

Oltinchidan, davlat mulkini xususiylashtirish dasturlari doirasida ushbu tadbir ochiq va halol o‘tkazilmadi. Ko‘plab korxona va zavodlar sun’iy ravishda arzon baholarda ayrim shaxslarning manfaati uchun sotib olindi. Natijada ish o‘rinlari keskin qisqardi. Yangi zavod va fabrikalar esa deyarli barpo etilmadi. Investitsiya kiritish ham monopoliya va korrupsiya ob’yektiga aylandi.

Yettinchidan, davlat miqyosida sobiq kommunistik rejim rasman tanqid qilinsa-da, amalda o‘sha tizim davom ettirildi. Shiorbozlik, maddohlik, qo‘shib yozishlar, ko‘zbo‘yamachiliklar avj olib ketdi. Har yili bir millionta ish o‘rni yaratilmoqda degan ertaklar tinmay yangradi. Men hech qachon bu raqamga va YaIMning har yili o‘rtacha 8 foiz o‘sganiga hamda aholining real daromadlari yildan yil oshganiga ishonmaganman. Bu so‘zlarimni davlat rahbariga maddohlik qilish uchun yozmayapman. Ilgari ham bu haqda fikrimni bildirganman. Ba’zilar o‘sha paytda bu kabi raqamlar bilan davlat rahbarini aldashgan deyishadi. Ammo iqtisodiyot ilmidan xabari bor har qanday inson buning yolg‘on ekanligini bilishi mumkin edi. Iqtisodiyotni o‘nglash uchun real harakatlar qilish o‘rniga faqat o‘tmishimizning buyukligi va kelajagimiz ham buyuk bo‘lishi haqidagi balandparvoz gaplarni takrorlashni kanda qilmadik.

Sakkizinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga umumiyat-la olganda erkinlik berilmadi. Soliq stavkalari yuqori darajada o‘rnatildi. Davlatning iqtisodiyotga aralashuvi yuqori darajada bo‘ldi. Xususiy mulkning daxlsizligi ta’minlanmadi. Xorijiy valyutalarning konvertatsiya qilinishi amalga oshirilmadi. Tekshiruvchi organlarning soni, tekshirishlar ko‘lami ortib bordi. Rivojlanishning o‘zbek modeli deya nom olgan beshta tamoyil faqat qog‘ozda qoldi. Yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun ularning sabablari o‘rganilmasdan, masaladan qutulishning yo‘li asosan cheklash, taqiqlash, litsenziyalash, jarimaga tortish, jazolashdan iborat bo‘lib qoldi.

Yuqoridagilardan ko‘rishimiz mumkinki, muammolarimiz tizimli bo‘lgan. Muxtasar qilib aytganda, zamonaviy davlatchilikka xos bo‘lgan ishlarni amalga oshirmadik. Adolatli jamiyat barpo eta olmadik. O‘tgan 25 yil tarix uchun hech narsani anglatmaydi, ammo shu davrda ancha yutuqlarga erishish imkoniyati boy berildi. Agar bunchalik darajada kamchiliklarimiz bo‘lmaganda mehnat migratsiyasi darajasi ham shu qadar yuqori bo‘lmas edi. Shuningdek, migrantlarimiz ko‘p azoblarga duch kelmas edilar.

Kelgusida migrantlar oqimini kamaytirish, o‘zimizda ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qiladigan ishlarimiz ham tizimli yo‘nalishga ega.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak?

1. Yolg‘onni, ikkiyuzlamachilikni, maddohlikni to‘xtataylik. Rivojlanishimizning asosi so‘z va ish birligi ekanligini unutmaylik.Muammolar borligini o‘z vaqtida tan olaylik. Muammolarning sabablari bilan kurashaylik. Oqibat bilan kurashish samarasiz yo‘l ekanligini tushunaylik.

2. Mamlakatga investitsiya kirib kelishini xohlasak, eng avvalo erkinlikka yo‘l beraylik, mulkning daxlsizligini ta’minlaylik, insonning haq-huquqlarini hurmat etaylik, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklaylik.

3. Ish o‘rinlari yaratishning asosiy yo‘li hududlarda yangi, ixcham sanoat korxonalarini barpo etishdir. Investitsiyalarni ko‘pchilikka manfaati bo‘lmaydigan ijtimoiy infratuzilmalarga jalb qilmasdan, iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltiraylik.

4. Propiska, OVIR kabi sovet totalitar tuzumidan qolib ketgan amaliyotni batamom yo‘q qilaylik.

5. Ommaviy axborot vositalariga to‘la erkinlik beraylik. Partiyalar haqiqiy muxolifat bo‘lishiga zamin yarataylik. Muqobil, o‘zgacha fikrlovchi insonlarga dushman sifatida qarashni to‘xtataylik.

6. Davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlaylik. Davlat xizmatida ishlash, mansabga chiqishda korrupsiyaga barham beraylik. Agar niyatimiz haqiqatan shu yurtni ozod, obod ko‘rish bo‘lsa qobiliyatlilarga, haqiqiy ziyolilarga, o‘z ishining ustalariga, halol va vijdonlilarga yo‘l beraylik. Ma’muriy buyruqbozlik usuli bilan boshqarish mamlakat uchun ziyon ekanligini tushunib yetaylik. Yoshlar ittifoqi, kasaba uyushmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari davlatning rasmiy propaganda mashinasi bo‘lmasdan, o‘zlarining nomlari, vazifalaridan kelib chiqib faoliyat ko‘rsatsin. O‘yin-kulgi, turli yig‘ilishlar, balandparvoz gaplar bilan ish o‘rinlari yaratilmasligini, investitsiya kirib kelmasligini, turizm rivoj topmasligini anglaylik.

7. Migratsiya tabiiy jarayon ekanligini e’tiborga olib o‘zimizda ish o‘rinlari yaratish choralarni ko‘rish barobarida xorijdagi migrantlarimizning himoyasini ta’minlash uchun tegishli davlatlar bilan hamkorlik qilaylik.

8. Mamlakatda boshqaruvning va asosiy resurslarning bitta joyda markazlashuvi amaliyotini qaytadan ko‘rib chiqaylik. Mintaqaviy yoki hududiy iqtisodiy siyosatni tanqidiy nuqtai nazaridan ko‘rib chiqaylik. Viloyatlarga nisbatan erkinlik berish, ayrim soliqlarni hududlarda qoldirishni joriy etaylik. Davlat budjeti mablag‘larini sarflashda, investitsiyalarni ishlatishda har bir hududning manfaati ob’yektiv hisobga olinishini ta’minlaylik.

9. Zamon notinch va har vaqt shunday bo‘lib kelgan. Hozirgi geosiyosiy o‘yinlar, gegemonlikka urinishlar, terrorizm hammamizga ma’lum. Ammo ularni ro‘kach qilib fuqarolarning harakatlarini cheklash, ularning haq-huquqlarini poymol qilish o‘rinsizdir. Shuning uchun tegishli organlar o‘z ishlarini professional tarzda olib borsinlar va fuqarolarning konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan erkinliklari va haq-huquqlarini ta’minlasinlar. Turli panjaralar, blok-postlar, haddan ortiq tekshirishlar, nazoratlarga chek qo‘yaylik. Mamlakat hayotini liberallashtirish taraqqiyot garovi ekanligini har birimiz tushunib yetaylik.

11. Unutmasligimiz zarurki, bozor munosabatlari eng avvalo xususiy mulkning daxlsizligi, monopoliyadan xoli bo‘lgan iqtisodiyot, erkin raqobat va erkin narx-navodir. Shunday ekan, har bir qonun va qarorni tayyorlashda shu prinsiplardan kelib chiqaylik. Iqtisodiyotimizning asosini kichik va o‘rta biznes tashkil etishi kerak. Aynan sub’yektlar o‘rta qatlamni yuzaga keltiradi.

12. Dehqonlarimiz boy va farovon yashashini istasak, qo‘limizdan kelsa ularga madad beraylik. Agar imkoniyatimiz cheklangan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda ularga xalaqit bermaylik. Biz qishloqqa gaz, svet bersak, yo‘llarni normal holatga keltirsak, dehqonlar o‘z mahsulotlarini xohlagan joyda sotishi uchun xavfsiz muhitni shakllantirsak, ana shu bizning ularga ko‘rsatgan katta yordamimiz bo‘ladi. Qolgan ishlarni ular bozordagi talab va taklif asosida o‘zlari amalga oshiraverishadi.

13. Fermerlarning muvaffaqiyati davlat yuritadigan qishloq xo‘jaligi siyosati bilan bevosita bog‘liq. Biz shunday siyosat yuritaylikki, u ham fermerning, ham davlatning manfaatini o‘zida uyg‘unlashtirsin.

14. Hozirgi paytda global dunyoda o‘z o‘rnimizni topishimiz bevosita ilm, fan, texnika va texnologiyalardagi yutuqlarimizga bog‘liq. Shunday ekan, ta’lim tizimi, sog‘liqni saqlash sohasiga ustuvor vazifa sifatida qaraylik. Mazkur sohalar ayni paytda inqilobiy o‘zgarishlarga muhtoj. Shu sohalarga e’tibor bersak, migrantlarimizning ish yo‘nalishlari ham o‘zgaradi, ya’ni faqat oddiy ishlarni qila oladiganlarga emas, balki aqliy salohiyatli mutaxassislarimizga ham boshqa yurtlarda talab bo‘ladi. O‘z navbatida bu davlatimizning, millatimizning obro‘sini oshiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring