Mashhur aktyorning operatsiyasiga pul yo‘q...
Yevgeniy Leonov – xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori, teatr va kinoning iste’dodli aktyori edi. Uning ijrosidagi rollar bir-biridan ta’sirchan qahramonlar bo‘lib, tomoshabin qalbidan chuqur joy olgan. Leonov kasbiga mas’uliyat bilan yondashar, har bir obrazini bor bo‘yicha gavdalantirishga harakat qilardi. Aktyor ishtirokidagi «Omadli jentlmenlar», «Gugurtga ketib», «Qor malikasi», «Belorus vokzali», «Mimino» va «Kuzgi marafon» filmlari bugungi kunda ham ekrandan tushmasligining sababi shunda.
Moskvada, oddiy oilada
Yevgeniy Leonov 1926 yil 2 sentyabrda Moskvada oddiy oilada tug‘ilgan. 1947 yilda Moskva teatr studiyasini tugatib, Stanislavskiy teatriga ishga kirgan. 1968 yildan boshlab Mayakovskiy nomidagi teatrda faoliyat yuritdi.
U teatr studiyasini tamomlagan yildan kinoda suratga tushdi. Samimiy chehrasi, tabassumga yo‘g‘rilgan iqtidori tufayli Leonov teatr sahnasidayoq muxlis orttira boshlagandi. Bu jarayon kinoda yanada keng tus oldi. Yevgeniy Leonov faoliyatining har bir qirrasi namoyon bo‘lar, hatto dublyajdagi ishlari tahsinga sazovor edi. U mashhur multfilm qahramoni Vinni Puxga ovoz berib, oltin fond bisotini betakror asar bilan boyitishga ulush qo‘shdi.
Leonov kinoda ijobiy rollarni unchalik ko‘p yaratmagan («Ola-bula reys», «Rumyansevlar ishi», «Yon, yon, yulduzim», «Omadli jentlmenlar», «Mutlaqo yo‘qolgan») bo‘lsa-da, tomoshabin uning qahramonlarini yoqtirib qolardi.
Georgiy Daneliyaning «Kuzgi marafon», «Afonya», «Ko‘z yoshlar tomchilaganda», «Kin-dza-dza» kabi filmlari uzoq yillar mobaynida Leonovning tumori bo‘ldi, deyish mumkin. Shuningdek, teatrda Leonovga bir nechta rollar bergan M.Zaxarov kinoda «Svift qurgan uy», «Oddiy mo‘’jiza», «Ajdarhoni o‘ldirish» filmlari orqali ko‘ngilchanlik, tushkunlik holatlarini namoyon etuvchi qahramonlar ijrosini topshirdi.
Yevgeniy Leonovning dramatik iqtidori «Don qissasi» kinoasaridagi Yakov Shibalka obrazi orqali yanada to‘liq namoyon bo‘ldi. Shuningdek, u Lvov-Anoxinning «Antigona» spektaklidagi qirol Kreont obrazini to‘laqonli ijro etib, teatrdagi faoliyatini ham bab-baravar olib bordi.
Qo‘rqinchli imtihon
Bo‘lajak aktyorning otasi Pavel Vasilevich muhandis, onasi Anna Ilinichna tabelchi bo‘lib ishlardi. Ularning yana bir o‘g‘li Kolya ham bo‘lib, u Jenya (Yevgeniy)dan ikki yosh katta edi. Leonovlar oilasi Vasileskiy ko‘chasidagi kichikroq kommunal uydan ikki xonani olib istiqomat qilishardi.
Yevgeniy Leonov o‘smirligini shunday xotirlagan:
– Men texnikumning uchinchi kursidan Moskva teatr studiyasiga qatnadim. Bu dargoh 43-yillarda tashkil tashkil etilgandi. Teatr studiyaga «Bolshoy teatr»ning taniqli baletmeysteri Rostislav Zaxarov rahbarlik qilar, Yekaterina Sheremeteva kabi ustozlar dars berishardi. Mazkur studiya haqida kimdir menga aytgan va shu dargohga yo‘l olganman. Hozirgidek esimda, kiyishim uchun akamdan kostyumini berib turishini so‘radim. O‘zimni go‘yo imtihonga tayyor hisobladim. Ammo shu qadar hayajonda edimki, bundan jahlim ham chiqardi. Studiyada yigirma besh kishi o‘tirgan ekan. Texnikumda nimalarni o‘rgangan bo‘lsam, birma-bir o‘qib berdim: Anton Chexov, Mixail Zoshchenkoni…
«Yana bormi?» – deb so‘rashdi. Ularga shunday javob berdim: «Bor, lekin yanada yomon». Nima uchundir hammasi mendan yana ifodali o‘qishimni so‘rashardi. Aleksandr Blokning «Restoranda» she’rini o‘qiy boshladim. Bu she’rni judayam yaxshi ko‘rardim. Jimjit bo‘lib qoldi, men esa rangim oppoq oqarib ketganini sezdim. Blokni jiddiy ravishda o‘qigandim. Rahmat aytishdi. Bu she’r beo‘xshov qiyofam, madaniyatdan salgina yiroq aft-angorimdan ustun kelib, meni qutqarib qoldi.
Keyin, aytishlaricha, hammalari kengashda yig‘ilib, Yekaterina Sheremetevani ko‘ndirishga harakat qilishibdi. U esa ko‘nmagan. Mening g‘o‘rligim, qo‘polligimni aytibdi. «Biz yordam beramiz», – deyishibdi. Xullas, meni studiyaga qabul qilishdi. Bilimgohning bosh o‘quv boshqarmasiga yo‘l oldim. Qiyinligiga qaramay, meni bir o‘quv yurtidan boshqasiga o‘tkazishdi.
O‘qish boshlandi. Rosa og‘ir bo‘lgan. Har kuni ertalab soat sakkizdan tungi soat birgacha studiyada yo‘qolib qolardim. Mashg‘ulotlarga mukkasidan sho‘ng‘irdim. Etyudlarda nimanidir o‘ylar, boshimni qotirardim. Men artist bo‘lishni nihoyatda orzu qilardim.
Yo‘lbars bilan olishuv
«Ola-bula reys» filmi kemada qafasdan bo‘shalib ketgan hayvonlarning sarguzashtlarga sabab bo‘lishi haqida. Unda bahaybat yo‘lbarsning vannaga kirib kelgan lavhasi bor. Suratga olish chog‘ida Yevgeniy Leonovga yo‘lbars bilan uning orasiga to‘siq tarzida qo‘yiladigan oynani ko‘rsatishdi. Leonov shaxsan o‘zi tekshirib, bu oyna o‘q o‘tkazmasligiga ishonch hosil qildi. Ammo u sal o‘tib, nimalar yuz berishini mutlaqo bilmasdi. Leonov tasvirchi Dmitriy Mesxiyevning rejissyorga e’tiroz bildirib, agar oyna qo‘yilsa, kadrda bilinib qolishi, tomoshabin sezishi mumkinligini aytganidan bexabar edi. Fetin tasvirchiga diqqat bilan quloq solar ekan, himoya oynasidan foydalanmaslikka qaror qildi.
– Agar oynadan foydalanmasak, Leonov suratga tushishdan bosh tortadi, – dedi Mesxiyev.
– Bu haqda unga aytmaymiz, – deb javob berdi Fetin. – Xavf-xatarning oldini olish uchun hayvon o‘rgatuvchini vanna tagiga yashirib qo‘yamiz, vassalom!
Ijodiy jamoa vannaxona manzarasi tayyorlangan pavilonda yig‘ildi. Oyna o‘sha joyda turardi. Leonov hech gapdan bexabar holda yechina boshladi. Vannaga shampun quyilgach, u xushchaqchaq holda o‘zini ko‘pikka belab, suvni shaloplatgancha xirgoyini boshlab yubordi. Rejissyorning ko‘rsatmasiga ko‘ra, ishchilar muhofaza oynasini olib qo‘yishdi. So‘ng pavilonga Pursha laqabli yo‘lbarsni kiritdilar. Oq pufakchalarning qimirlayotganini ko‘rgan ulkan jonivor o‘sha tomonga yurdi va hidlay boshladi. Yevgeniy Leonov ko‘zlarini ishqalar ekan, shundoq burni tagida yirtqich bilan to‘qnash keldi. Uning ichidan nimalar o‘tganini tushunsa bo‘ladi. Jon talvasasida sakrab turdi, so‘ng qip-yalang‘och holda yo‘lbarsga qarshilik ko‘rsatdi. Bu harakat shu qadar tabiiy chiqdiki, lavhani suratga olgan tasvirchi Mesxiyev qiyqirib yubordi.
Bu lavha Yevgeniy Leonov yirtqichlar oldida qo‘rqib ketgan yagona epizod emas. Aktyor shunday degan edi:
«Biz kemaga chiqdik. «Seni qafasga joylaymiz va yo‘lbarslarni qo‘yib yuboramiz, – dedi rejissyor va tasvirchi menga, – ko‘raylik-chi, nima bo‘larkan». Men keskin rad etdim: «Nima?! Hech qachon! Axir, oilam, jajji o‘g‘lim bor». Meni ko‘ndirishga urinishdi. Keyin esa yashirindilar. Fetin machta ichiga kirdi, Mesxiyev esa temir qutiga joylashib, kamerani mosladi. Shundan so‘ng yo‘lbarslar qo‘yib yuborildi. Jonivorlar meni hidlashdi-da, indamay paluba bo‘ylab izg‘iy boshlashdi. Ular tashlanmasa, komediya chiqmasdi. Rejissyor qichqirdi: «Hoy o‘rgatuvchi, nega yo‘lbarslaring artistga tashlanmayapti?» O‘rgatuvchi javob berdi: «Ular uning hidiga o‘rganishdi». Nimadir qilish kerak edi. O‘rgatuvchi menga cho‘chqa bolasini tiqishtirib shivirladi: «Leonov, mana bunga sanchqini suqib ko‘r, yo‘lbarslar qaramayapti». Men e’tiroz bildirdim: «Senga kerakmi, o‘zing qil, bu mening ishim emas...»
Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, yirtqichlar cho‘chqaning isini hidlagach, nimalar bo‘lganini ko‘rsangiz edi! Qafas panjaralari orasidan panjasini cho‘zgan yo‘lbarslar uni olmoqchi bo‘lishardi. Men esa dodlagancha, cho‘chqani yanada mahkam qisib olgandim. Qo‘rqib ketgan cho‘chqacha qattiq tipirchilay boshladi. Yo‘lbarslar quturgancha irillar, cho‘chqa bolasi esa ovozi boricha chinqirardi. «Hoy, o‘rgatuvchi, quroldan ot, aks holda paluba bilan birga qo‘shib, hammani paqqos tushirishadi», – deb baqirdim men. U o‘q uzdi. Ana shunda urg‘ochi yo‘lbarslardan biri o‘zini suvga otdi. Uni kemaga chiqarib olish uchun bir soat vaqt ketdi».
Sevgi, oila, tantiq o‘g‘il
Yevgeniy Leonovning artistlarga yot bo‘lmagan bitta xislati bo‘lgan: u qizlar bilan tanishishga uyalardi. Shu bois, 30 yoshdan so‘ng uylandi. U bo‘lajak rafiqasi bilan Sverdlovskda – gastrolda tanishgandi. Sohibjamol Vanda bir nigoh tashlashi bilan Leonovning yuragiga o‘t yoqqan edi. Yevgeniy tortinchoqlikni yig‘ishtirib, unga talpindi.
Leonov odatdagidek ish tutdi: qiz bilan shahar bo‘ylab sayr qildi, unga she’rlar o‘qib berdi. Vanda uni yoqtirib qoldi. «Sen aqldan ozdingmi? – deyishdi ota-onasi qiziga. – Qanday erkak o‘zi bu? Kasbi-chi? Artist-partistga ham o‘xshamaydi-ku!» Qiz o‘jarlik qilib, so‘zida turib oldi – shundan so‘ng u sevgilisi bilan Moskvaga yo‘l oldi.
Ularning Yevgeniy Leonov tug‘ilgan uyda istiqomat qilishlariga to‘g‘ri keldi. Nochor yashashsa-da, baxtiyor edilar. Vaqt o‘tib, o‘zlarining uylariga ham ega bo‘lishdi. Yevgeniy Leonov muntazam ravishda o‘z oilasi haqida qayg‘urardi. Ular 37 yil birga yashashdi, oilada o‘g‘il dunyoga keldi. Bu uyga ko‘plab mashhurlar tashrif buyurishar, mehmonnavozlik, saxovat birlamchi omil edi.
Lenkom aktyori Andrey Leonov otasining mehr-muhabbati, g‘amxo‘rligi va sabot-matonatini alohida ehtirom bilan tilga oladi. U o‘zboshimcha, itoatsiz bo‘lib o‘sdi, o‘qishlari o‘lja-jo‘lda edi. Shunga qaramay, otasi hamisha Andreyning tarafida edi. Leonovning faqat bir marta jahli chiqdi. U «ikkichi» o‘g‘lining lash-lushlarini jomadonga soldi va qo‘lidan tortqilab, uydan olib chiqdi. Andrey qo‘rqib ketgandi. Ota-bola birinchi qavatga tushganlarida u yig‘lab yubordi. Leonov joyida to‘xtadi. Keyin Andreyni uyga qaytarib olib chiqdi va aybini kechirdi...
Ular hayotida bahs-tortishuvlar ham bo‘lar, shunga qaramay, ota va o‘g‘ilni mehr bog‘lab turardi. Bu shunday iliq mehr ediki, kutilmagan mo‘’jizalar tuhfa etardi.
Infarkt, koma, operatsiya
1989 yil edi. Germaniyada bo‘lgan Yevgeniy Leonov infarktni boshdan o‘tkazdi. Klinik o‘lim, so‘ng koma. Yashab ketishga umid yo‘q edi. Andrey bir oy davomida jonlantirish bo‘limida – otasining yonida bo‘ldi.
«Urinib ko‘ring, balki u sizni eshitar», – dedi shifokor.
Andrey ikki hafta otasiga nimalardir deb gapirdi. Mo‘’jiza ro‘y berdi – 19 kundan so‘ng Yevgeniy Leonov ko‘zlarini ochdi.
U jarrohlik amaliyoti tufayli yana besh yil yashadi. Operatsiya juda katta pulni talab qilar, aktyorning esa buncha mablag‘i yo‘q edi. Qarangki, nemis vrachlari bir chaqa ham olishmadi. «Biz siz o‘ynagan «Belorus vokzali»ni ko‘rganmiz, – deyishdi Leonovga. – Qo‘rqinchli urush haqidagi eng ajoyib kinoasar bu».
Yevgeniy Leonovning yana rollar o‘ynashi mumkinligi haqida hech kim o‘ylab ko‘rmagandi. U Mark Zaxarovning «Xotirlash ibodati» spektakli repetitsiyasida qatnasha boshladi. Mazkur sahna asarini ko‘rishga kelgan tomoshabinlar mashhur aktyor ijrosidagi betakror rolni tomosha qildilar. Hech kim loqayd emas, zal hamisha muxlislarga limmo-lim to‘lardi...
1994 yilning 29 yanvari edi... Barcha chiptalar sotilgan bo‘lsa-da, o‘sha oqshom spektakl qo‘yilmadi.
«Aktyor Yevgeniy Leonov to‘satdan vafot etdi», – deb xabar qilishdi tomoshabinlarga. Bitta ham chipta kassaga qaytmadi. Muxlislar sovuq izg‘irinda sham ko‘tarib turdilar – bu ularning iqtidorli va mashhur aktyorga hurmat-ehtiromlari ramzi edi.
Akbar Fathullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter