Koreyadagi vatandosh: «Qochib yoki yashirinib emas, yengib o‘tish kerak!»
«Xorijdagi vatandoshlar»da navbatdagi suhbatdoshimiz Janubiy Koreyaning nufuzli KOICA dasturi granti sovrindori sifatida Yonse universiteti magistratura bosqichida o‘qiyotgan Sardor Abdinazarov bo‘ldi.
Qahramonimiz Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutining bakalavr bosqichini tamomlagan.
«3-urinishda talaba bo‘lganman»
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilganman. Dadamning ishlari sabab keyinchalik oilamiz Muborak tumaniga ko‘chib o‘tgan va maktab ta’limini ham o‘sha yerda boshlaganman. Tumandagi 1-sonli maktabda 7-sinfgacha o‘qib, 8-11-sinflarni Muborak tumanidagi 28-sonli matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashgan maktabda o‘qiganman.
Oilada 3 farzandmiz — men, ukam va singlim. Yoshligimda ukam bilan taekvondo to‘garagiga borganimizni eslayman. Oyim san’atkor bo‘lish orzusi ushalmaganini ko‘p kuyunib aytar edi. Balki shu tufaylimi, keyinchalik men rubob chalish, ukam esa maqom to‘garagiga borganmiz.
2 yilcha shu to‘garakka qatnadik. Buning ilk mevasi — ukam Toshkentdagi Glier nomidagi musiqa maktabiga kirdi. Men esa rubob chalishni to‘xtatganman, chunki ko‘p soatli mashg‘ulotlarda simlar qo‘lni kesib yuborar va bu menga yoqmasdi. Shunda dadam yoshlikda futbolchi bo‘lishni orzu qilib erisha olmaganini aytib, meni «Mash’al» futbol klubining o‘smirlar to‘garagiga yetaklab borgan. Barcha talablarni topshirgach, jamoaning eng kichik a’zosiga aylanganman.
Oyim ham taslim bo‘lmagan, ular meni fortepiano to‘garagiga yo‘naltirgan. Hatto fortepiano ham sotib olganmiz. Musiqa to‘garagidagi shaxsiy fortepianosi bo‘lgan yagona o‘quvchi men edim. Shu tariqa 2 yil davomida bir vaqtning o‘zida maktabdan so‘ng ikkita to‘garakka qatnardim. Hafta mobaynida deyarli bo‘sh vaqtim bo‘lmasdi.
Xuddi kechagidek esimda, «Nasaf» klubi futbol internati bilan bizning «Mash’al» o‘smirlar futbol jamoasi o‘rtasida o‘yin bo‘lishi kerak. Qarshi shahri jamoasi mehmonga kelgan, bu har doim ham bo‘ladigan holat emas va o‘yinchilar uchun bir imtihondek edi.
Tasodifmi, pianinadan sinfdan sinfga o‘tish imtihonlarim ham o‘sha kunga to‘g‘ri kelgan. Unda ham butun musiqa maktabi rahbariyati oldida kuylarni chalib topshirish kerak edi. Shunday qilib, men hech kimga aytmasdan futbolga yo‘l olganman va jamoamiz yutgan bo‘lsa ham, ming afsuski, meni zahirada qoldirishgan.
Uyga qaytgach, pianina ustozim onamga qo‘ng‘iroq qilgani va imtihonga bormaganimni aytgani, dadam esa stadionda o‘yinni ko‘rishga borib, meni maydonga tushmaganimdan qattiq xafa bo‘lganlarini bildim. Ota-onamning orzulari kesishgan shu nuqtada har ikki to‘garakka borishni to‘xtatib, qat’iy ravishda tumandagi matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashgan maktabga kirishga qaror qildim.
Barcha sarguzashtlar shu yerdan boshlangan desam adashmayman. Matematika, fizika va ingliz tili kurslariga qatnay boshlaganman. O‘sha paytlarda repititorga bormasdan o‘qishga kirish juda qiyin edi. Maktabni bitirgach o‘zimcha «revizor» bo‘laman deb Toshkent moliya instituning «Buxgalteriya hisobi va audit» yo‘nalishiga topshirib, 144.5 ball bilan o‘qishga kira olmaganman. Keyin Buxoroga ketganman u yerda ham tayyorlanib, 2011 yil shu yo‘nalishga qayta topshirdim va 164.4 ball bilan yana kira olmadim.
Bir tarafdan tushkunlik, ikkinchi tarafdan qat’iy ahd tufayli yana tayyorlanish uchun Buxoroga bir nechta do‘stlarim bilan yo‘l olganmiz. Pulimiz yetmagan paytlar ko‘p bo‘lgan, chunki darslar, yashash xarajatlari ancha qimmat, shuning uchun talabalarning ingliz tili va matematika fanlariga yordam berib, to‘yxonalarda ofitsiantlik qilishga to‘g‘ri kelgan.
2012 yili yana bir bor Toshkent moliya institutiga topshirganman. Bu safar «Soliq va soliqqa tortish» yo‘nalishiga 188.4 ball bilan kontraktga kirish nasib qilgan.
Ochig‘i, oilamiz o‘rtahol edi. Hatto ota-onam ba’zan farzandlarining repititoriga to‘lov qila olmay qolamiz deb, to‘y va dam olishlarga borishmagan. Umuman, ularning hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda xizmatlari beqiyos.
«Xushomad qilish hech qachon qo‘limdan kelmagan»
Yuqorida aytganimdek «revizor» bo‘lish orzusi Toshkent moliya institutiga yetaklagan. Oliygoh davridagi eng katta plyus — do‘stlar orttirganim, yaxshi insonlar bilan tanishganim va asosiysi dunyo qarashimni o‘stirganim, deb bilaman.
Yomon tomoni esa, institutda yetarli bilim olganman deb ayta olmayman. Yana bir yomon an’ana bo‘lgan, ya’ni talaba dekan va dekanat xodimlari bilan muammosi bo‘lsa, baholari past bo‘lardi. Men esa ana shunday «qora ro‘yxatda» bo‘lganman. Forma, soqol, galstuk, davomat, ota-onalar majlisi – bular men qabul qila olmagan narsalar edi. Manfaat yuzasidan o‘zgalarga xushomad qilish hech qachon qo‘limdan kelmagan.
Bu muhit meni ko‘proq ko‘chadan pul topishga undagan desam xato bo‘lmaydi. Masalan, o‘quv markazlarida dars berish, ofitsiantlik qilish, yuk ortish, bozorlarda arava surish, mardikor bozorga chiqish, tungi smenada ishlaydigan kichik fabrikalarda faoliyat — boshimdan o‘tgan saboq bo‘ldi.
«AQSh va Yangi Zellandiya davlatlariga o‘qishga kirdim»
Bakalavrni tamomlab, Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Davlat soliq inspeksiyasida ish boshlaganman. 2 yilga yaqin ishlash davomida shuni sezdimki, chet elda tajriba oshirmasdan shaxsiy karerada o‘sish qilish qiyin.
Davlat ishchi xodimlariga magistratura bosqichida o‘qish uchun Janubiy Koreyaning KOICA dasturi grantidan har yili ishxonalarga nomzod so‘rab murojaat qilishadi. Talablarga mos tushish uchun faqat til sertifikati bo‘lsa yetarli edi. Soliq tizimida ishlovchilar yaxshi bilishadi, ishdan vaqt orttirib qo‘shimcha til kurslariga borish tuman tizimida ilojsiz narsa.
Xullas, Koreyaga ketish niyatida ishdan bo‘shashga ariza berdim va IELTS’ga tayyorlanishni boshlab yubordim. Bu qarorga kelishimda Koreyada grant yutib o‘qiyotgan ukamning ham hissasi juda katta.
Kundalik turmushda ingliz tilini ko‘p ishlatmaganim boismi, 1 yillik mehnat va 3 marta urinishda IELTS’dan 6 ball olishga erishdim.
Keyin bu orada Janubiy Kereyadan tashqari, AQSh va Yangi Zellandiya davlatlaridagi oliygohlarga hujjat topshirib magistraturaga qabul qilindim. Afsuski, xorijga ketish rejalarimga koronavirus pandemiyasi to‘sqinlik qildi. Ochig‘i, o‘sha paytdagi tushkun holatimni ifodalashim juda qiyin.
Bu vaqtda Toshkentdagi qurilish firmasida buxgalter bo‘lib ishladim. Keyinroq Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga qabul boshlangani, IELTS sertikati bo‘lganlarga ingliz tili imtihon qismida eng yuqori ball berilishi haqida xabar topdim. Hujjatlarimni topshirdim va bir yillik magistraturaning kechki bosqich talabasi bo‘ldim. Shu tariqa o‘qish boshlanishi bilan bir nechta davlat tashkilotlaridan takliflar bo‘la boshladi. Men Davlat geologiya va mineral resurlari qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasida Moddiy-texnik ta’minot bo‘limi boshlig‘i sifatida ish boshladim.
Magistratura tugash arafasida ishxonamizga KOICA grantiga nomzod so‘rab xat keldi. Oliygohlarni o‘rganib chiqib, Yonse universiteti «YONSEI-KOICA Masterʼs Degree in e-Government and Public Management» yo‘nalishida grant sohibiga aylandim.
Ma’lumot uchun, KOICA scholarship – bu Koreyaning chet el davlat ishchi xodimlari uchun mo‘ljallangan 100 foizlik grant, xususan Koreyaga kelish, ketish, yotoqxona xarajatlari, kontrakt, sug‘urta pullarini qoplaydi. Qolaversa, oyiga 1 mln von (taxminan 750 AQSh dollari) stipendiya ham beradi.
«QS Rankning‘da 151 o‘rinda turadi»
Koreyada xalqaro reytinglarda «Top-1000» talikka kiruvchi universitetlar juda ko‘p. Ammo mamlakatning o‘zida ham raqobat kuchli va birinchi uchlik tushunchasi bor. Ya’ni Seoul National University, Korea University, Yonsei University.
Men o‘qiyotgan Yonse universiteti QS Rankning‘da 79 va Times Higher Education Rankning‘da 151 o‘rinda turadi. Talablar va to‘lov kontraktlari ham ancha yuqori. Kirish talablaridan asosiysi til bilish sertifikati bo‘lishi va avvalgi bosqich o‘qishdan baholariga e’tibor beriladi. Kontrakt qiymati esa soha va yo‘nalish, o‘quv darajasidan kelib chiqib o‘rtacha semestr uchun 3 500 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi.
Hozirda magistrlik ishimni «E-Public procurement and its prospects in Uzbekistan» (O‘zbekistonda elektron davlat xaridlari tizimi va uning istiqbollari) mavzusida qilmoqdaman.
«Qochib yoki yashirinib emas, balki yengib o‘tish kerak»
Menimcha, xorijdagi hayot tarzi o‘zimga nisbatan tanqidiy fikrlashimni kuchaytirdi. Qolaversa, vaqt juda tez o‘tayotgani, ko‘proq narsalarga ulgurish kerakligi hissi ham ortgan.
Muammo va qiyinchiliklarga to‘xtaladigan bo‘lsam, yosh ulg‘aygani sari ular ko‘payib boraveradi va hech qachon tugab qolmaydi. Ulardan qochib yoki yashirinib emas, balki yengib o‘tib holi bo‘lish mumkin.
Bir ishni qilaman, deb bel bog‘lashdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak, yo‘lga chiqdingizmi nima bo‘lganda ham, nima resursingiz ketsa ham, kim nima deganda ham yarim yo‘lda to‘xtab qolmaslik lozim. Natijaga erishmaguncha davom etish shart.
«Tizim muruvvatlari yetarli darajada ishlamasligini ko‘rsatadi»
Koreyada raqamlashtirish, elektron hukumat tizimi yuqori darajada rivojlangan. Soliq tizimida aholi, tadbirkorlar va investorlar uchun maksimal darajada elektron xizmatlar yaratilgan. E’tiborlisi, bu yerda tadbirkorlar norasmiy bir kunlik va mavsumiy ishchilarni bemalol hech qanday hisobotlarsiz yollay oladi.
O‘ylashimcha, foyda qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda tadbirkorlik bo‘ladi. Demak, O‘zbekistonda shunday bir bonusli tizim bo‘lsinki, bundan tadbirkor foyda qilsin. Shunda naqd pul va chek bermaslik muammosi ham yo‘qolar edi.
Diplom ishim mavzusi aloqador bo‘lganligi sababli to‘xtalib o‘taman. Elektron davlat xaridlari bilan bog‘liq tizimli kamchiliklarimiz talaygina. Biz bu tizimni izga solmagunimizcha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishimiz savol ostida qolaveradi. Ichki elektron bozor bunga tayyor bo‘lmas ekan, xalqaro savdolarga kirishda importyor davlat bo‘lib qolishimiz mumkin.
Shuningdek, tizimlar o‘z o‘rnida mustaqil, xolis va to‘g‘ri ishlashi kerak. Har bir narsaning Prezident darajasida yechim topishi tizim muruvvatlari yetarli darajada ishlamasligini ko‘rsatadi.
Hayotdagi missiyam deb, farzand sifatida ota-onam oldida o‘zimni burchli deb bilaman. Oilaboshi o‘laroq majburiyatlarimni ham his qilaman.
Kelajak maqsadlarim sirasiga O‘zbekistonda elektron davlat xaridlari tizimini yaxshilashga hissa qo‘shishni aytishim mumkin.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter