Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi qanday xususiyatlar bilan tavsiflanadi?

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi qanday xususiyatlar bilan tavsiflanadi?

Konstitutsiyaning eng asosiy yuridik xususiyatlaridan biri bu – uning oliy yuridik kuchga egaligidir. Konstitutsiyada mazkur normaning mutahkamlanishi – barcha qonun hujjatlarining so‘zsiz Konstitutsiya normalariga mos kelishini anglatadi.

Xabaringiz bor, davlat rahbari 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi.

Keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Asosiy qonunimizning 15-moddasida Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi qoidasi belgilab qo‘yilgan. Umuman olganda, oliy yuridik kuch ega deganda – normativ-huquqiy hujjatlarning iyerarxiyasida eng yuqori o‘rinda turishi hamda boshqa har qanday huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi.

Nazariy nuqtai nazardan Konstitutsiyamizning oliy yuridik kuchga egaligini quyidagi mezonlar bilan izohlash mumkin:

birinchidan, Konstitutsiya davlatning Asosiy qonunidir;

ikkinchidan, barcha qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, xoh u qonun bo‘lsin, Prezident farmoni bo‘lsin, yo bo‘lmasa hukumat, vazirliklar, idoralar qarorlari bo‘lsin barchasi Konstitutsiya normalariga so‘zsiz mos tarzda qabul qilinishi lozim;

uchinchidan, konstitutsiyaviy normalar maxsus sud organi – Konstitutsiyaviy sud tomonidan ham umumyurisdiksiyaviy sudlar tomonidan ham himoya qilinadi;

to‘rtinchidan, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish o‘ziga xos murakkab mexanizm asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratsak, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi Braziliya, Rossiya, Ukraina, Moldova konstitutsiyalarida ham qayd qilingan. Misol uchun, Moldova Konstitutsiyasining 7-moddasida Moldova Konstitutsiyasi oliy qonun hisoblanishi, hech bir qonun yoxud huquqiy akt Konstitutsiya qoidalariga zid bo‘lsa, yuridik kuchga ega emas, deb belgilangan.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi, deb belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish qay tarzda amalga oshiriladi?

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligini ko‘rsatuvchi muhim mezonlardan biri ham, bevosita unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishning o‘ziga xosligi, murakkabligi bilan tavsiflanadi.

Xususan, mamlakatimiz Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchlar kiritish, Asosiy qonunimizning 127-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovozi yoki referendum yo‘li bilan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Har doim ham Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilavermaydi. Negaki, inson – jamiyat – davlat tizimi munosabatlari uchun eng kerakli bo‘lgan qoidalar, zaruriy ehtiyojlar mavjud bo‘lgandagina, o‘zgartish qilinishi mumkin. Hozirgi kunga qadar Konstitutsiyaga 16 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, bularning asosiy qismi – Prezident, davlat organlari, saylov, sud, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati vakolatlarini muvofiqlashtirish, kengaytirish, o‘zaro tiyib turish masalalari bilan bog‘liq.

Hozirgi davr zaruratidan kelib chiqib, endilikdagi vazifa inson va fuqaro huquqlariga tegishli bo‘lgan eng asosiy va kerakli qoidalarni kiritishdir.

Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasi qanday?

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratsak, Rossiya, AQSh, Bolgariya kabi davlatlarda parlament a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovozi, AQShda federatsiya sub’yektlarining uchdan to‘rt qismi roziligi bilan Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Yana bir qiziq jihat – Rossiya konstitutsiyasining 1-, 2-, 9-boblariga, ya’ni davlatning konstitutsiyaviy tuzumiga, inson va fuqaro huquqlari qismiga; Fransiyaning respublika boshqaruv shakli, Germaniyaning federativ hududiy shakli, Braziliyaning hokimiyat bo‘linishi tamoyili qismiga o‘zgartish kiritish mumkin emas, deb belgilab qo‘yilgan.

Umuman olganda, Konstitutsiya doimiy takomillashuvda, u o‘zgarmas, qotib qolgan hujjat emas, Konstitutsiya jamiyat bilan doimiy hamnafas bo‘lib, inson va davlat o‘rtasidagi eng muhim masalalarni tartibga soladi va rivojlantiradi. Yakunda konstitutsiyaviy islohotlar xalqning Konstitutsiyaga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

Sherzod Zulfiqorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
yuridik fanlar doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring