Gandilarning fojiaviy taqdiri

Indira Gandi Hindiston tarixida o‘z mamlakatini uzoq yillar sadoqat bilan idora qilgan birinchi ayol sifatida o‘chmas iz qoldirgan. U oqila va harakatchan siyosatchi sifatida hind diyorining dunyo miqyosida xalqaro obro‘sini oshirish uchun juda katta ishlarni amalga oshirdi. Indira Gandi nomi nafaqat o‘z vatanida, balki butun dunyoda hurmat bilan tilga olinadi.
1917-yil 19-noyabr – boy boboning «Quvonchlar monastiri» atalmish uyida chiroyli qizaloq dunyoga keldi. Chaqaloqqa «Mamlakat oyi», ya’ni Indira nomi berildi.
U yosh qizchalik paytida «millatning otasi» sanalgan Mahatma Gandi bilan tanishdi. Sakkiz yoshida Gandining maslahati bilan uyda bolalar ittifoqini tashkil etildi. Uning a’zolari qo‘pol matolardan dastro‘molcha va qalpoqchalar tika boshlashdi. Indira tengqurlari orasida tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etardi.
Neruning qizi yaxshi ustozlar qo‘lida tarbiyalanib, yetarli bilim egalladi. Otasi doimiy ish bilan bandligi va ketma-ket qamalishiga qaramay, Indiraga bor mehri va ilmini berishga harakat qildi. Chunki Neru o‘g‘lini xuddi shu tarzda tarbiyalamoqchi bo‘lgan, afsuski, u erta vafot etgandi.
1934-yili Indira mashhur shoir Rabindranath Thakur tashkil etgan xalq universitetiga o‘qishga kirdi. Onasi o‘pka xastaligidan aziyat chekar, ayni shu damda kasali xuruj qilib qoldi. Indira o‘qishni tashlab, onasi Kamolani davolatish uchun Shveysariyaga olib ketishga majbur bo‘ldi. Bahonada u Yevropada uzoq qolib ketdi.
Oradan ikki yil o‘tgach, 1936-yili onasi vafot etdi. Indira xorijda yolg‘iz o‘zi qoldi. U Hindistonga qaytishni ham, qaytmaslikni ham bilmay rosa boshi qotdi. Endi volidasi yo‘q, Indira uchun tabarruk hisoblangan «Quvonchlar monastiri» ham yo‘q edi. Otasi qamoqda yotibdi. Xo‘sh, yosh qiz kimning oldiga bosh egib boradi?..
Ana shunday og‘ir damda bir inson Indiraning yonida doimiy hamroh bo‘ldi. U Feruz Gandi (Mahatma Gandining familiyadoshi) edi. Onasi Kamola tiriklik vaqtida bu ikki yoshga oq fotiha ham bergandi. Biroq o‘ziga munosib oila bo‘lmasa baxtli turmush kechirolmasligini u tushunib yetardi. Buni Indira ham juda yaxshi bilardi. Shuning uchun Feruz o‘qiydigan Oksford universitetiga o‘qishga kirdi.
Ammo kutilmaganda Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Yoshlarning Hindistonga kelishlari nihoyatda qiyinlashdi, ular Atlantika va Janubiy Afrika orqali aylanma yo‘llar bilan yo‘lga chiqishdi. Keyptaunda ko‘plab hindistonliklar joylashib olishgandi. Neruning qizini u yerda katta qiziqish bilan kutib olishdi. Tahlikali va og‘ir davrlar edi. Barcha Indiradan aqlli, salmoqli biron-bir fikr kutardi. Ana shunda Indira, Afrikaning bir go‘shasida birinchi marotaba siyosiy nutq so‘zladi. Unga qiziqish kuchaydi.
Ular Afrikani tark etib, Hindistonga qarab yo‘l olishdi. Ammo o‘z mamlakatida ularni yaxshi qabul qilishmadi. Chunki Indira siyosat olamiga endigina kirib kelayotgandi. Shundan bo‘lsa kerak, bu yosh siyosatchini yaxshi tushunib yetishmadi.
O‘sha yillari Javoharla’l Neru hind xalqining faxriga aylangan edi. 1944-yili Rajiv, ikki yildan so‘ng ukasi tug‘ildi. Indira bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanib, shaxsiy hayotini yo‘lga qo‘yadigan bo‘ldi.
1947-yil 15-avgustda Hindiston uzoq kutilgan o‘z mustaqilligiga erishdi. Javoharla’l Neru ilk bor milliy hokimiyatni tuzishga kirishdi. Bu esa mamlakat hayotidagi eng ulkan zafarlardan biri edi.
Indira otasining shaxsiy kotibi, eng yaqin maslahatchisiga aylandi. Neruni xorijiy davlatlarga kuzatib qo‘yishda faol qatnashdi. Otasi xorijiy safarda bo‘lganida u mamlakat ichkarisidagi tinchlikni saqlab turardi. Ammo u ikki vazifani to‘laqonli bajardim deb o‘ylab. katta xato qilgan ekan. Indira davlat ishlari, farzandlari tarbiyasi bilan bo‘lib, eriga mutlaqo qaray olmagan ekan.
1960-yili sentyabr oyida u rasmiy tashrif bilan mamlakatning Janubiy shtatlarda bo‘ldi. Bu joylarda to‘polonlar sodir etilayotgandi. Shunday og‘ir vaziyatda u rahbariyat va ish tashlovchilar bilan til topisha oldi. Aerodromda Indirani otasining yordamchisi kutib olib, Feruzning og‘ir yurak xuruji bilan qattiq betob bo‘lib yotganini yetkazdi. Bu xabar uning uchun juda qayg‘uli edi. Indira tuni bilan jon berayotgan erining yonida parvona bo‘ldi.
Feruzning o‘limidan so‘ng Indira qattiq asabiy holatga tushdi. Bu ko‘rgilik yetmagandek, uning eng qadrdon insoni, otasi – Javoharla’l Neru ham vafot etdi. Shundan so‘ng hokimiyat uchun ayovsiz kurashlar boshlanib ketdi. Aksariyat odamlar Indira Gandi bosh vazirlik lavozimiga nomzodini qo‘yadi deb o‘ylashgandi. Biroq Indira bunday yo‘l tutmadi. Bu oilasining obro‘siga putur yetkazishini tushunib yetdi va Neru siyosati tarafdori, yoshi ulug‘ Shastriga ovoz berdi. Shastri siyosat olamida unchalik katta obro‘-e’tiborga ega emasdi. Ammo Indira Gandi u tufayli o‘z mavqeini mustahkamlab olishi mumkin edi. Alal-oqibat o‘ylab yurganlarining bari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Shastrining tutgan bu yo‘li to‘g‘ri bo‘lib, u Neruning qiziga omad keltirdi.
Shastrining vafotidan so‘ng qirq sakkiz yoshli xushbichim, istarasi issiq, yuzida kulgichi bor Indira Gandi mamlakatda eng yuqori lavozimni egalladi. Ammo uning mamlakatni boshqaruvi oson silliqqina kechgani yo‘q. Indiraning mamlakatni 12 yil boshqaruvi davomida kuchli raqobat shakllanib bo‘lgandi. Bu esa xalqni bosh vazirga nisbatan norozi kayfiyatga chog‘ladi. Navbatdagi 1977-yilgi saylov o‘zgarmas Indira Gandiga nisbatan aksariyat insonlarni hayron qoldirdi. Keksayganiga qaramay, qattiq xarakter, qat’iyatlilik Neru qizini tark etmadi. U siyosat olamida har bir qadamini mustahkamlab bordi. Indira Gandi, avvalo, yangi partiya – Hindiston milliy kongressini shakllantirdi. O‘zlaricha yashayotganlar uchun mehmonxona uyi ochdi. Mamlakatdagi jamoa an’analari qat’iy nazorat ostiga olindi. Ayniqsa, guru – o‘qituvchiga nihoyatda hurmat bilan qaraydigan bo‘lishdi. Bu esa g‘alabaga bir qadam degani edi. Uch yildan keyin Gandi yana hokimiyatga qaytish uchun ana shunday odilona yo‘lni tanladi. Nima bo‘lganda ham mansabni qo‘ldan bermaslik uchun u shu yo‘lni tutgandi. Bu esa unga yaxshigina omab keltirdi.
1980-yilning boshlarida Indira Gandi bir qancha diniy va etnik mojarolariga to‘qnash keldi. Terrorchilar guruhi boshlig‘i o‘z tarafdorlari bilan sinx dini tabarruk joyining asosiy bir qismi – Oltin butxona ibodatxonasi va Amritsarini egallab olishdi.
1984-yili iyun oyida Indira Gandi Oltin butxonani olish uchun armiyaga buyruq berdi. To‘qnashuvlarda terrorchilar guruhi rahbarlari bilan birgalikda mingga yaqin odam halok bo‘ldi.
Indira shundan keyingina o‘zining hayoti ham xavf ostida ekanligini tushunib yetdi. O‘sha yili 31-oktyabr kuni bosh vazirning taniqli Angliya yozuvchisi, dramaturg va aktyor Piter Ustinov bilan telemuloqoti rejalashtirilgan edi. Indira Gandi teleekranga yaxshiroq ko‘rinish uchun uzoq vaqt kiyim tanladi. Ekranda xipcharoq ko‘rinish uchun o‘q o‘tkazmaydigan kiyimini yechib tashladi. Uzoqni o‘ylamay qilgan ishi unga so‘nggi marta pand berdi. Dushmanlari payt poylab yurishgandi. Ularga bu juda qo‘l keladi.
Indira sikxam qorovuli bilan kulib so‘rashdi. Ulardan biri Beant Singx tezda to‘pponcha chiqarib, bosh vazirga qarata uch marta o‘q uzdi. Boshqa bir sotqin Satvant Sinx avtomatdan o‘t ochdi... Shunday qilib yengilmas, shaddod, mard Indira Gandi fojiali ravishda o‘ldirildi.
Bosh vazir va Kongress rahbarligini uning o‘g‘li Radjiv Gandi egalladi. Biroq Rajiv Gandi bu lavozimda uzoq qololmadi. Uni ham terrorchilar o‘ldirishdi.
Izzat Ahmedov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter