Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo qo‘rquv iskanjasida. «Sovuq urush» yangi shaklda qaytmoqda (1-qism)

Dunyo qo‘rquv iskanjasida. «Sovuq urush» yangi shaklda qaytmoqda (1-qism)

Foto: «rusvesna.su»

AQSh joriy yilning 1-fevralida «O‘rta va yaqin uzoqlikdagi raketalarni yo‘q qilish haqidagi bitim»dan chiqishga qaror qildi. Bu hujjat «Raketaga qarshi mudofaa tizimi bo‘yicha shartnoma, Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma»ning biri va yaxlit qismi sanaladi. Ta’kidlash kerakki, mazkur hujjat yadro bombasi yoki kallaklarini ishlab chiqarishni emas, uni yetkazish vositalarini yo‘q qilishni nazarda tutadi.

AQSh va Rossiya tarixiy bitimdan chiqdi

Kelishuv 1987-yil 8-dekabrda Sovet Ittifoqi va AQShning o‘sha vaqtdagi yetakchilari M.Gorbachyov va R.Reygan o‘rtasida Vashingtonda imzolangan edi.

Foto: «MediaSole»

1988-yil 1-iyundan kuchga kirgan shartnoma yerdan uchiriladigan o‘rta (1000-5500 km) va qisqa (500-1000 km) masofadagi ballistik va qanotli raketalarning barcha majmualarini yo‘q qilish, kelgusida bu kabi raketalarni ishlab chiqarmaslik, sinovdan o‘tkazmaslik va rivojlantirmaslik majburiyatlarini yuklaydi.

Bu vaqtga qadar qisqa masofaga uchuvchi SSSRning OTR-22 «Temp-S», OTR-23 «Oka», AQShning «Pershing-1A» raketalari bo‘lgan. O‘rta masofada sobiq SSSRning RSD-10 «Pioner», «R-12», «R-14», yerda joylashtirilgan RK-55 qanotli, AQShning esa «Pershing-2» va «BGM-109G» («Tomahawk») raketalari «ko‘hna qit’a»da mavjud bo‘lgan edi.

Shundan keyin «sovuq urush» davrida Yevropaning har ikki blokiga kiruvchi mamlakatlar hududlaridagi ushbu toifaga mansub va yadro kallaklariga ega raketalar olib chiqib ketildi va xalqlar erkin nafas ola boshladi.

1991-yil iyunga kelib SSSR 1846 ta, AQSh esa 846 raketa kompleksini, mos ravishda 825 ta va 289 ta raketalarni ishga tushiruvchi qurilmalarni, 69 va 9 ta raketa bazalarini yo‘q qildi. 2001-yil 31-mayda tomonlar qilingan barcha ishlarni nazorat qilish faoliyatini ham tugatdi.

Bu bashariyat tarixida qurolsizlanish yo‘lida qo‘yilgan mislsiz yangi qadam edi. Aslida o‘rnatilgan mazkur minglab raketalar SSSRga sanoqli daqiqalarda NATOning G‘arbiy Yevropadagi barcha harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish, o‘z navbatida AQSh tomonidan SSSRning Yevropa qismiga o‘nglanib bo‘lmas zarba berish imkonini yaratar edi.

Shartnomaning amal qilishi muddatsiz cheklanmagan bo‘lib, undan chiqish uchun tomonlardan biri ishonarli faktlarni taqdim etishi zarur. AQShning raketaga qarshi yangi mudofaa tizimlari Sharqiy Yevropaga joylashtirish bo‘yicha fikrlarni bildira boshlaganida Rossiya buni dastak qilib qoldi va hujjatdan bir tomonlama chiqishini eslata boshladi.

Moskvaning nuqtai nazariga ko‘ra, AQShning Yevropada ehtimoliy raketa hujumlariga qarshi o‘rnatajak qurilmasi nazariy tomondan faqat himoya maqsadida emas, balki hujumkor qanotli raketalarni uchirishda foydalaniladi.

Qolaversa, Rossiya sobiq mudofaa vaziri Sergey Ivanov aytib o‘tganidek, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya, Xitoy, Eron va Isroil kabi davlatlar bunday turdagi raketalarga ega bo‘lgani holda ruslar undan voz kechishi xato bo‘lar edi.

RS-24 «Yars» qit’alararo ballistik raketasi. Foto: «MilitaryRussia.Ru»

2014-yil iyulda AQSh prezidenti Barak Obama o‘z hamkasbi Putinni shartnomani buzib, o‘rta masofaga yerdan uchiriladigan qanotli raketalar sinovini o‘tkazganlikda aybladi. Jumladan, 500 kmgacha masofaga uchadigan 9M729 raketasi, R-500 qanotli raketasi, RS-24 «Yars» qit’alararo ballistik raketasi sinovlarini keskin tanqid qildi.

2019-yil 15-yanvarda Jenevada shartnomadagi muammolar bo‘yicha Rossiya va AQSh o‘rtasida kechgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugadi. Shu yilning 1-fevralida esa AQSh Prezidenti Donald Tramp shartnomadan uzil-kesil chiqish jarayonlari boshlanganini rasmiy ma’lum qildi. Eski bitim o‘rniga AQSh va Rossiyadan tashqari boshqa ishtirokchilarni ham qo‘shib, yangi shartnomani imzolash taklifini ilgari surdi.

2-fevralda prezident V.Putin ham AQSh harakatiga javob tariqasida shartnomadagi ishtirokini to‘xtatishga qaror qildi.

Foto: «Vesty»

Tomonlar nimalar qilishi mumkin?

Hozircha tomonlar olti oydan keyin shartnomadan to‘liq chiqib ketgach, bu raketalarni qayerga joylashtirishi bo‘yicha rejasini oshkor qilmadi. Ammo hamonki, AQSh ularni ishlab chiqarishni boshlasa, o‘zida saqlab turishda mantiq yo‘q.

NATOning Sharqqa kengayishi bilan bunday raketalarni AQSh Rossiya chegarasiga juda yaqin keltirishi va ustunlik mustahkamlash ehtimoli oshadi. Rossiyada esa AQShga chegaradosh davlatlar bilan harbiy ittifoqchilik munosabatiga ega bo‘lmagani sababli bunday raketalarni uning chegarasiga yaqin hududda o‘rnata olmaydi. Natijada jo‘g‘rofiy olislik qimmatli vaqtdan yo‘qotishga olib keladi, bu esa taktik va strategik yutqazishga teng.

Shu sababli hozir Kreml nima qilib bo‘lsa ham Yevropaga bunday turdagi raketalarni keltirmaslikka intilmoqda.

Rasmiy Moskva amerikaliklar yaratayotgan Ruminiya va Polshadagi «Idjis» majmualarida rus raketalarini urib tushirish niqobida yadro kallagik bilan jihozlangan 48 ta «Tomagavk» qanotli raketalarini joylashtiriladi, deb bong urayotgani bejiz emas, albatta.

RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu bu raketalar Rossiyaning butun Yevropa qismiga real xavf solishidan tashvishga tushgan va munosib javob qaytarish choralarini ko‘rmoqda.

O‘z navbatida, aksariyat yevropaliklar qit’aning quruqlik qismida bunday raketalarni ham AQSh, ham Rossiya tomonidan o‘rnatilishiga norozi bo‘lmoqda.

AQSh ham buni hisobga olib, hozirgi bosqichda quruqlikdan ko‘ra dengizdagi kuchlari harbiy salohiyatini mustahkamlaydi. Masalan, Ispaniyadagi Rota bandargohidagi 4 ta esminetsida 120 ta qanotli raketa mavjud. Bundan tashqari, «Tomahawk» raketalarini modernizatsiya qilishni allaqachon boshlagan.

«Tomahawk» raketasi. Foto: «forums.airbase.ru»

O‘z navbatida, AQShning Yevropaga suqulib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Rossiya Kaliningradga yanada ko‘proq raketalar keltiradi. Hozir bu yerda navbatchilikda turgan «Iskandar» raketalari soatiga 2100 km tezlikda uchib, 50-500 kilometrdagi nishon yo‘q qila oladi. Ularga texnik ishlov berib, 2000-5000 kmgacha uchirishga moslashtirish ham mumkin.

Rossiyaning o‘ziga chegaradosh, lekin AQShga xayrixoh siyosat yuritayotgan Yevropa davlatlariga yaqin o‘z hududlarida o‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni joylashtira boshlaydi.

Misli ko‘rilmagan xarajat talab qilsa-da, «Avangard» kabi 20-25 maxgacha (soatiga 25 ming km.gacha) tezlikka ega raketalarni rivojlantirishni boshlaydi. Yaqinda «Xanjar» giperraketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan edi. 

«Sirkon» kemalarga qarshi giper ovozli qanotli raketasi 350-500 km masofada suvdagi mo‘ljalni bexato uradi. U 2018-yil 10 dekabrdagi sinovlarda soatiga 8 maxgacha (yoki 9600 km) tezlik bilan harakatlandi.

«Sirkon» giper ovozli qanotli raketasi. Foto: «Svobodnaya Pressa»

Bu degani 500 kilometrgacha bo‘lgan nishon bir necha daqiqa ichida yakson qilinadi. Hozircha jahonning hech bir qudratli davlatining mudofaa tizimlari 5 maxgacha bo‘lgan tezlikdagi raketani ushlab qolishga qodir emas. Shuni hisobga olsak, Yevropa uchun naqadar tahlikali vaziyat vujudga kelayotgani oydinlanadi.

RFning strategik vazifalarni bajaruvchi raketa qo‘shinlariga qo‘shimcha mablag‘ va ko‘proq kuch-e’tibor ajratilishi mumkin. 60 ming harbiyga ega bu qo‘shinlar yadroviy tiyib turish vazifasini bajarmoqda va Rossiyaning yerdagi barcha yadro shaxtalari hamda harakatdagi qit’alararo ballistik raketalari bilan qurollangan. 

Yoki Suriyada jangarilar bilan urush chog‘ida dengizdan uchirilgan o‘rta masofadagi «Kalibr» raketalarini oz fursatlarda yerdagi bazalarga ko‘chirish boshlanadi. 500 kmgacha uchadigan zamonaviy 9M729 raketasining masofasi uzaytirilishi, 5000 kmgacha yetib boradigan X-101 aviatsiya qanotli raketalari soni ko‘paytirilishi ham mumkin.

AQSh hududidagi strategik muhim ob’yektlarni ishdan chiqarish muddatlarini qisqartirish maqsadida Arktikaga hujum qurollarini joylashtirish ehtimoli ham ekspertlar tomonidan qayd etilmoqda. Qo‘shimchasiga harbiy-dengiz kuchlari kemalari, harbiy kosmik kuchlar uchoqlari ham kuchaytiriladi. Moskva AQSh qirg‘oqbo‘ylariga yaqin joylarda o‘z suvosti atom kemalarini ko‘paytirishga intiladi.

Hech shubhasiz, bu kabi qurollanish va giperkalibr yadro qurolining (100 megatonna trotil ekvivalentidan ortiq) ishlab chiqara boshlanishi bir kun kelib, insoniyat taqdiri uchun falokatli bo‘lishi bashorat qilinmoqda.

Laziz Hasan o‘g‘li

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring