Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sharofiddin To‘laganov

Chatalxyoyuk – insoniyat yashagan ilk shahar(mi?)

Chatalxyoyuk – insoniyat yashagan ilk shahar(mi?)

Zamonaviy Turkiyada «Tarixga sadoqat» loyihasi hayotga tatbiq qilib kelinmoqda. Gap shundaki, mamlakat hududlarida har bir qadimiy obida davlat muhofazasiga olingan. Mana shunday tarixiy yodgorliklardan biri ibtidoiy odamlarning Chatalxyoyuk (Çatalhöyük) turargohi hisoblanadi.1993-yilda qazishma ishlarida ishtirok etgan arxeolog Ien Xodderning fikricha, qo‘rg‘on eramizdan avvalgi 7100-5600 yillarga oid deb qaraladi. Neolit davriga oid mazkur turargoh 1956-yilda ingliz arxeologi Jeyms Mellart tomonidan topilgan. Gap shundaki, 1956 yilda professor Jeyms Mellart (o‘sha paytda u aspirant edi) tomonidan topilgan Chatalxyoyuk turargohi neolit davridagi odamlar hayoti borasidagi tasavvurlarni butunlay o‘zgartirib yubordi. Tarix haqidagi fikrlar ham o‘zgardi. Mellartning tan olib aytishicha, o‘shanda u shov-shuvli topilma kashf qilishini kutmagan edi. Shunchaki, u bir o‘qituvchining taklifi bilan Hojilar qishlog‘i yaqinidagi atrofi tekislik bo‘lgan ikkita tepalikni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lgan. Chunki mahalliy dehqonlar bu tepalikdan vaqti-vaqti bilan turli topilmalarga duch kelib turgan.

Anatoliya qadimiy sivilizatsiyalarni o‘rganuvchi olimlarning e’tiboriga tushmagan edi, ammo ingliz arxeolog olimi  J.Mellart ilk kashfiyotidan besh yil o‘tib, ya’ni 1961-1963-yillarda olib borgan qazishma ishlari tufayli bu yerda Chatalxyoyuk deb atalmish qadimiy odamlarning turargohlari topildi. Ko‘plab olimlar bu qo‘rg‘onni insoniyatning birinchi shahri degan fikrni o‘rtaga tashlagan. Ayrim olimlar esa ilk sivilizatsiya deydi. Chunki, shu kunga qadar Yer yuzidagi ilk sivilizatsiya shumerlarga tegishli deya tan olib kelinardi. Ya’ni, Mesopotamiyada tashkil topgan dehqonchilik madaniyati avvaliga Yaqin Sharq, so‘ng Turkiya va Yevropaga tarqalgan degan qarashlar mavjud edi. Zamonaviy Turkiyaning markaziy va janubiy mintaqasi bo‘lmish Anatoliya o‘sha davrda «yovvoyi chekka o‘lka» sifatida ko‘rilib kelinardi. Endi esa aynan Anatoliya insoniyat tamaddunining ilk o‘chog‘i sifatida ko‘rila boshlandi.

Chatalxyoyuk turkchadan tarjima qilinsa, «Sanchqi ko‘rinishidagi qabrlar qo‘rg‘oni» degan ma’noni anglatadi. Jahon sivilizatsiyasining qadimiy yodgorliklari sirasiga kiruvchi mazkur turargohdan 13 ta madaniy qatlam topilgan.

Olimlarning so‘zlariga qaraganda, qo‘rg‘onda ko‘chalar bo‘lmagan, uylar bir-biriga bog‘lanib ketgan. Shu sababli ham olimlar «odamlar o‘z uylariga tomdan tushgan bo‘lishi kerak» degan fikrga keldilar. Uylarning devorlariga odamlar, hayvonlar aks etgan suratlar chizilgan.

Bu yerdan topilgan «Hosil ilohi» statuetkasi ayni damda Anqaradagi Anatoliya sivilizatsiya muzeyida saqlanmoqda ekan. Majmuaga kiraverishda haykalning nusxasini ko‘rishimiz mumkin.

Chatalxyoyuk qo‘rg‘onida odamlar bundan ikki ming yil avval ham istiqomat qilgani aytiladi. U ikkita qo‘rg‘ondan tashkil topgan. Sharqiy qo‘rg‘on katta va qadimiy bo‘lsa, G‘arbiy qo‘rg‘on sal kichikroq. Ayni paytda har ikki qo‘rg‘onda qazishma ishlari olib borilmoqda (qish fasli bo‘lgani bois qazishma ishlari vaqtincha to‘xtatilgan). Olimlarning fikricha, qadimda bitta uy odamlarga 60-70 yil xizmat qilgan. Shundan so‘ng asta-sekinlik bilan eski uylar ustiga yangi uy qurilgan. Shu tariqa tepalik hosil bo‘lgan. Arxeologlarning fikricha, ikkita qo‘rg‘onda 10 ming odam istiqomat qilgan. Ular tomonidan 2 mingga yaqin uy qurilgan.

Eski uylar ustiga yangilari qurilavergan. Uylarda eshik-deraza bo‘lmagan. Faqat tomga chiqish tuynugi va narvon bo‘lgan. Mana shu tuynuk orqali uydan tashqariga chiqilgan va uyga kirilgan. Tuynuk ventilyasiya vazifasini ham bajargan. Olimlarning fikricha odamlar tomma-tom yurgan. Devorlar loydan qurilgan. Tomga esa yog‘och ishlatilgan. Bitta uyda o‘nlab kishilar istiqomat qilgani taxmin qilinadi. Uylar qabriston vazifasini ham bajargan – kimdir vafot etgudek bo‘lsa, shu yerning o‘ziga ko‘milgan. Olimlarning fikricha, avvaliga jasad bir necha kun ochiq havoda qoldirilgan. Uyga esa faqat inson suyagini ko‘mishgan.

Qo‘rg‘ondan birorta ustaxona, kattaroq maydon, ma’muriy bino topilmadi. Shu sababli ham tarixchilar Chatalxyoyukda markaziy boshqaruv bo‘lmagan degan fikrni o‘rtaga tashladilar. Shuningdek, olimlar bu yerda matriarxal jamiyat hukmronlik qilgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Ammo qo‘rg‘onda patriarxal va matriarxal jamiyat bo‘lmagan. Odamlar teng huquqli bo‘lgan deguvchilar ham topiladi.

Qo‘rg‘onlar maydoni 13 dan 20 gektargacha. Ayni damda atigi 5 foiz hududda qazishma ishlari olib borilmoqda. 1958 yilda boshlangan tadqiqot vaqtida 200 taga yaqin uy qazilgan bo‘lib, keyinchalik ishlar to‘xtatib qo‘yildi. Faqat 1990 yillarda qazishma ishlari qayta tiklandi. Ammo sekinlik bilan olib borildi. Yangi tadqiqot guruhi qazishma ishlariga mas’uliyat bilan yondashdi. 2000-yillar boshlarida qazishma ishlarida turli mamlakatdan kelgan va mahalliy aholi vakillaridan iborat 200 dan ortiq kishi – olimlar, volonterlar qatnashdi.

Qazishmada ishtirok etgan olimlarning fikricha, Anatoliyada qishloq xo‘jaligiga moslashgan odamlarning turargohlari mavjud bo‘lgan. Odamlar chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Ammo Chatalxyoyuk aholisi yozma quroldan foydalanmagan, shu sababli ham o‘zlaridan birorta ham yozma manba qoldirishmagan. Yozma manbalarning yo‘qligi sababli ham qo‘rg‘on aholisining nimalar bilan shug‘ullagani, diniy qarashlari haqida ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Arxeolog qazishmalar vaqtida topilgan barcha artefaktlar hamon o‘rganilmoqda. Biroq qo‘rg‘onning sirlari sirligicha qolmoqda. Masalan, nima uchun uylarning eshigi yo‘q, odamlar uyga nima uchun tom oshib kirgan, nima uchun uylar devori buqalarning gipsdan qilingan boshlari bilan bezatilgan?

Qazishma ishlarida qatnashgan hamda inson va hayvon qoldiqlarni o‘rganib chiqqan osteologlar (antropologiyaning suyaklarni o‘rganuvchi yo‘nalishi olimlari)ning fikricha, odamlar mol, qo‘y va echkilar boqqan. Bug‘u, yovvoyi eshak, yovvoyi buqa, to‘ng‘iz va leopardlarni ovlagan.

Chatalxyoyukka borib, u yerdagi sharoit bilan tanishgan har bir sayyoh ibtidoiy odamlarning san’atiga qoyil qoladi. Ibtidoiy odamlar tomonidan ishlangan statuetkalarda o‘tirgan va turgan insonlar, hayvonlar (qo‘y, buqa, leopard) aks etgan.

Ma’lumki, odamlar bir joyda uzoq asrlar mobaynida istiqomat qiladigan bo‘lsa, yer sathi asta-sekin balandlab boraveradi. Shu tariqa, tarixchilar tili bilan aytganda, madaniy qatlam paydo bo‘ladi.

Xonalardan topilgan inson suyaklari o‘rganilganda, erkaklar o‘rtacha 35 yil, ayollar o‘rtacha 30 yoshgacha yashagani ma’lum bo‘ldi. Ammo uzoq umr ko‘ruvchilar ham bo‘lgan.  Oqsoqollar 60 yoshgacha yashagan bo‘lishi mumkin. Bolalar o‘limi yuqori bo‘lgan.

Qo‘rg‘on aholisi to‘q yashagan. Tosh asri bo‘lgani uchun ham odamlar boy va kambag‘alga bo‘linmagan edi. Ma’lumki, odamlar bronza asridan boshlab tabaqalana borgan.

Bugungi kunda neolit davriga oid eng yirik va yaxshi saqlangan qo‘rg‘on deya tan olingan Chatalxyoyukda arxeologik tadqiqotlar xalqaro tashkilotlar, jumladan Turkiya Milliy geografiya jamiyati, Britaniya arxeologiya Instituti ko‘magida olib borilmoqda.

Chatalxyoyukdagi qazishma ishlari  ibtidoiy odamlarning o‘ziga xos shahar hayotiga o‘ta boshlaganidan dalolat beruvchi  anjomlar topilgani bois qo‘rg‘on insoniyat yashagan ilk shahar sifatida tan olingan. Shu sababli ham bugungi kunda Chatalxyoyuk YuNESKOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Sharofiddin  TO‘LAGANOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring