Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun o‘zbek telekanallari vatanparvarlikni qanday targ‘ib qilmoqda?

Bugun o‘zbek telekanallari vatanparvarlikni qanday targ‘ib qilmoqda?

Fuqarolarimizda vatanparvarlik, vatan himoyasi tuyg‘ularini kuchaytirishda televideniye, radio va ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Ayniqsa, telekanallar bu borada alohida o‘rin tutadi. Biroq, bugun telekanallarimizda vatan himoyasi, vatanparvarlik mavzusiga yetarli darajada murojaat qilinmoqdami? Bu borada ahvol qanday? Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari bu boradagi monitoring tahlillari bilan o‘rtoqlashdilar. Ya’ni, tahlilchilar o‘zbek telekanallarining 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan efirga uzatilgan  bayram dasturlarini tahlil qilishdi. Afsuski...

«Zo‘r TV» telekanalining bir kunlik dasturlari ro‘yxati musiqiy dastur, kino, telenovella, informatsion va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni tashkil etadi. Xususan, 13-yanvar kuni quyidagi ko‘rsatuvlar efirga berilgan: «Ertalabdan salom», «Bu kun» (informatsion dastur), «Oshxona qirollari», «Zinama-zina», «Nasriddinning choponi», «Yor-yor», «Uzlywood» hamda taniqli xonanda O‘lmas Olloberganovning konsert dasturi. Shu kuni to‘rtta badiiy film namoyish etilgan: «Bahubali: Muqaddima» (hind filmi), «Perl Harbor», «Quyosh ko‘z yoshlari», «Omon qolgan». Shuningdek, «Qil ustidagi taqdir-2» o‘zbek seriali va «Ota» nomli turk seriali dasturdan o‘rin olgan. «Uzlywood» ko‘rsatuvining taqdim etilgan soni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayramona son ekan. Ko‘rsatuv musiqiy-ko‘ngilochar yo‘nalishda bo‘lgani uchun harbiy san’atkorlar ishtirok etishdi. Ko‘rsatuvning nomini ham o‘zbekcha atasa bo‘lardi. Chet va o‘zbek tili aralashgan gibrid nom topishga hech qanday zarurat yo‘q edi, bizningcha. Telekanalda ushbu sanada namoyish etilgan filmlar ham bayramga mos – vatanparvalik ruhidagi filmlar. Ushbu filmlarni ham badiiy saviyasi yuqori, mazmun jihatidan sanaga mos filmlar deyish mumkin.

«Sevimli» – aytish lozimki, kanalda yaxshi loyihalar efirga beriladi. Ammo 13-14-yanvar kungi dasturlarda vatanparvarlik ruhi unchalik sezilmadi. Telekanal dasturlari davlat tiliga hurmat, ma’naviyat, tarbiya, axloq va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan to‘yintirilishi maqsadga muvofiq.

«Milliy»nomidayoq o‘z konsepsiyasini tomoshabinga eslatib turadigan telekanalda ko‘rsatuvlar soni biroz kam ko‘rindi. Asosan filmlar va seriallar efir vaqtini egallagan. 14-yanvar kuni «Bunchalar zo‘rsan», «O‘tkir tergov», «Oshga marhamat», «O‘zbekning so‘zi qiziq», «M-kokteyl», «Baxtlimiz», «Gulkaram» kabi ko‘rsatuvlar telekanalning kunlik dasturidan o‘rin olgan. Dasturlarda Vatan himoyachilari kunining shukuhi unchalik sezilmadi. Ona tiliga hurmat, ma’naviy qadriyatlar, tarbiya, axloq va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga hissa qo‘shadigan biror ko‘rsatuvni alohida e’tirof etish mushkul.

«Kinoteatr»ning 13-14-15 yanvar kungi dasturlarini ko‘rish davomida ba’zi mulohazalar tug‘ildi. Ya’ni, dasturlar davomida vatanparvarlik, yurt himoyasi, tinchlikni asrash kabi mavzulardagi kinofilmlar deyarli efir yuzini ko‘rmadi. Faqatgina, 14-yanvar kuni «Sizga maktub» nomli milliy film efirga uzatildi. Lekin shu birgina film ham tonggi soat 6.20 da namoyish etildi. Yurtimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Vatan himoyachilari kunida vatanparvarlik haqida birgina milliy filmning aksariyat yurtdoshlarimiz uyquda bo‘lgan vaqti efirga berilishini adolatdanmi? Vaholanki, ayni paytda «Renessans TV» va «Dasturxon TV» kabi nodavlat telekanallarning bayram kunidagi dasturlaridan vatanparvarlik mavzusidagi bir nechta milliy kinofilmlar o‘rin oldi. Xususan, 14-yanvar kuni «Renessans TV» tomonidan «101-reys», «Tubanlik», «Dasturxon TV» tomonidan esa «Tinchlik ortida», «Vatan ostonasi», «Afv», «Baron» kabi vatan himoyasi mavzusidagi milliy filmlarimiz tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Nodavlat kanallar vatanparvarlik mavzusiga shunchalik e’tibor qaratayotgan bir paytda davlat kanali bo‘lgan «Kinoteatr»ning bu borada sustkashlik qilishi tushunarsiz.

Nomidan ham ma’lumki, kanal tomoshabinlarga asosan kinofilmlarni namoyish qilishga mo‘ljallangan. Shunday ekan, bu kanalda milliy va xorijiy kinolarning dolzarb mavzulardagi eng sara namunalari taqdim qilinishi kerak. Bizning nazdimizda telekanal namoyish qilinishi zarur bo‘lgan kinofilmlarni tanlashda ba’zi xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Yo‘qsa, Vatan himoyachilari bayrami kunida vatanparvarlik ruhidagi milliy filmlarimiz o‘rniga asosan jangari sahnalarni o‘z ichiga olgan xorijiy tomoshabop filmlarni efirga uzatmagan bo‘lar edi. Ikki soat uzluksiz efirga uzatilgan taqinchoqlar reklamasi – «Zargarshop» dasturidan zerikkan tomoshabin haqqi uchun ham reklama tugashi bilan yana soatlab davom etadigan hind kinosini berish o‘rniga birorta Vatan himoyachilari haqidagi filmni namoyish qilish adolatdan. Lekin bunday bo‘lmadi.

«Kinoteatr»da 13-14-15-yanvar kunlari asosan dunyo kinosining jangari, sarguzasht sahnalariga boy namunalari ko‘rsatildi. Ya’ni, milliy filmlarimizga kam murojaat qilindi. Albatta, bugun xorij kinosiga tomoshabinlar orasida qiziqish katta ekanligi bor gap. Lekin, bayram munosabati bilan milliy bo‘lmasa-da, dunyo kinosining vatanparvarlik, vatan himoyasi haqidagi tan olingan mashhur filmlarini ham namoyish etish mumkin edi.

Qolaversa, mustaqillik yillarida o‘zimizda vatanparvarlik, vatan himoyasi, jasorat mavzusiga bag‘ishlangan ko‘pgina kinofilmlar yaratildi. «Vatan», «Baron», «18-kvadrat», «Ostona», «Sardor», «Vatan ostonasi», «101-reys», «Ilhaq» kabi ana shunday milliy filmlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Bunday filmlarimiz ro‘yxatini yana uzoq davom ettirishimiz mumkin.

Bolalarga vatanni sevish bog‘cha yoshidanoq o‘rgatilishi shart. Bunda bog‘cha yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan «Bolajon» va «Aqlvoy» telekanallarining o‘rni katta.

Bayram kunlari «Bolajon» telekanali «Assalom bolajon» ko‘rsatuvi bilan boshlandi. Ko‘rsatuv davomida harbiy xizmatchilar bayrami munosabati bilan tabriklar va lavhalar berildi. Shundan so‘ng «Men harbiy bo‘laman», deb nomlangan 10 daqiqalik harbiylar mashg‘ulotiga bag‘ishlangan dastur efirga uzatildi. Ora-orada afsuski reklamalar juda ko‘p kuzatildi. Dudlangan go‘sht mahsulotlari va dori vositalarining reklamasi bolalarga nechog‘lik muhimligini o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi, kanal mas’ullari.

Kanalda bayram kunlari yana «Ayiqcha Bamsi sarguzashtlari», «Mio bolaginam Mio», «Changalzor qiroli», «Malika Emmi» va «Kunfu jangchisi» kabi multfilm va kinolar efirga uzatilgan bo‘lsa, «Aqlvoy» ijodkorlari «Oh bu bolakaylar, Teo va Leo», «Ajabtovur kashfiyot hamda Fiksiklar» kabi multfilmlardan uyog‘iga o‘tmadi. Yilda bir marotaba bo‘ladigan bayramda bolalarda vatanga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otishga qaratiladigan dasturlar orasida «Malika Emma»dan ko‘ra mard To‘maris yoki Oybarchin haqida ma’lumotga ega bo‘lishi hamda tasavvuri shakllanishi manfaatli, «Shrek»dan ko‘ra milliy qahramonimiz «Shiroq»ni tanishi muhim emasmi?

Ushbu kanalda qo‘yilgan  «Kunfu jangchisi» multfilmi e’tiborga loyiq. Sababi, ushbu multfilmda Xitoy jang san’ati, madaniyati, milliy qadriyatlari, obidalari aks ettirilgan bo‘lib, bolalarda Xitoy davlati madaniyati haqida tasavvurlar shakllanadi. Ammo bolajonlar o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatani, milliy o‘zligi, milliy qadriyatlari va madaniyati to‘g‘risida ma’lumotlar, taassurotlar bilan kamol topishi uchun o‘zimizning milliy multfilmlar yetishmayotgandek.

«O‘zbekiston» kanalida «Assalom O‘zbekiston» dasturi orqali harbiylar bilan suhbatlar, shuningdek, tabriklar, harbiylar hayotiga oid qisqa lavhalar va bayram tadbiri efirga uzatilgach ko‘ngillar yorishdi.

Hammasi ko‘ngildagidek, biroq yoshlarda vatanparvarlik ruhini oshiradigan va yurt oldida burch, sadoqat, mas’uliyat hissini oshiradigan «Vatan», «Ilhaq», «O‘qchi qiz» kabi filmlar afsuski bosh kanalimizda ham qo‘yilmadi. Uning o‘rniga «Ishq rishtasi» nomli hind ijodkorlari ijod namunalaridan bahramand bo‘ldik.

«Navo» musiqiy kanali ham kuzatishlarimiz doirasidan chetda qolmadi. Kanal orqali bayram kunlari efirga uzatilgan navo, lavha va ko‘rsatuvlarda Vatan himoyachilariga atab biror ko‘rsatuv qo‘yilmagani dilni xira qiladi. Biz bolalikdan tinglab katta bo‘lgan, eshitganimizda yuraklar entikadigan Sevara Nazarxon, Setora, Ravshan Sobirov, Yulduz Usmonova, Oybek Hamroqulov, Yulduz Turdiyevalarning Vatan himoyachilari haqidagi qo‘shiqlari, Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman o‘sha» qo‘shig‘i ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmadi, hech bo‘lmaganda harbiy orkestorlarning iste’dodli guruhlari bilan musiqiy ko‘rsatuv tayyorlab efirga uzatilganda ajoyib ish bo‘lar edi. Lekin va nihoyat tungi 23:00 dan so‘ng harbiy ijodkorlarimiz tomonidan tayyorlangan musiqiy dasturlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Shu o‘rinda, bir savol tug‘iladi: tungi vaqtda ushbu musiqiy dasturni qo‘yish qanchalik to‘g‘ri?

Xulosa o‘rnida, biz bolalar qalbida ona vatanga muhabbat, vatan oldidagi burch, ma’suliyat va sadoqat ruhida tarbiyalashni oddiy ko‘ringan narsalardan boshlashni hozirdan, ayni paytdan yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Yo‘qsa, vatanparvarlik degan tushunchalar shunchaki balandparvoz so‘zlar bo‘lib qolaveradi.

Avazbek Shermatov,

Nigora Husanova,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

instituti ilmiy xodimlari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring