Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Eng ilg‘or jangchi»: o‘zbekistonlik harbiylar AQShdan g‘alaba bilan qaytdi

«Eng ilg‘or jangchi»: o‘zbekistonlik harbiylar AQShdan g‘alaba bilan qaytdi

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Abdullayev Alishox va 3-darajali serjant Jovkashev Shoxruh joriy yilning 17–20 mart kunlari AQShning Missisipi shtati «Camp Shelby» harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan «Eng ilg‘or jangchi–2025» musobaqasida ishtirok etishdi.

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSh Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.

Musobaqa davomida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.

Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs — 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajardi. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda 3-darajali serjant Jovkashev Shoxruh 3 kilometr 219 metr masofani 11 minut 18 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Abdullayev Alishox 250 metr masofaga yugurish davomida majmuaviy mashqlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajarib, 5 kilogram og‘irlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirishga muyassar bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi.

Yakunda harbiy xizmatchilar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlanishdi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.

23 mart kuni g‘oliblar Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro ayeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring