Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Superliga starti kechikadi. O‘zbekistonda talabga javob beradigan 12 klub yo‘qmi?

Superliga starti kechikadi. O‘zbekistonda talabga javob beradigan 12 klub yo‘qmi?

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Rejaga ko‘ra, Superliganing 2019-yilgi mavsumi martning ilk kunidan start olishi kerak edi. Biroq futbol klublari litsenziyalash talablarini yakunlab ulgurmadi. Superligada klub soni 10 ta qoldirilishi mumkinligi borasida avval ham xabar berilgan bo‘lsa-da, bu holatdan ayrim jamoalar to‘g‘ri xulosa chiqarmagan, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

PFL komissiyasi 19-fevraldan boshlab futbol klublarini yakuniy tekshiruvdan o‘tkazadi hamda hafta yakunida Superligada to‘p suradigan klublar nomiga oydinlik kiritib oladi. 25-fevral kuni esa Superliganing yangi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. 8-mart sanasidan esa chempionat start oladi.

Mart oyidagi FIFA kunlari, shuningdek, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Tokio-2020 yo‘lidagi saralash uchrashuvlari tufayli klublar 29-martdan boshlab 2-tur uchrashuvlarini o‘tkazadi. Bunga qadar terma jamoalar futbolchilari argentinalik hamda serbiyalik murabbiylar ixtiyorida bo‘ladi. FIFA kunlari davom etayotgan bir vaqtda PFL kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur kubokda g‘olib chiqqan jamoaga «A» Pro-ligasi uchun imtiyozli yo‘llanma taqdim etish rejalashtirilgan.

PFL 2019-yilgi mavsum format qanday bo‘lishini 12 ta klubga moslab tuzib chiqqandi. Ammo yuqorida ko‘rsatilgan muddatlarga qadar klublar ishlarini yakunlab ulgurishmasa, ular avtomatik ravishda bitta quyi ligaga tushiriladi. Jamoaning xalqaro maydonda ishtirok etishi yoki sovrinli o‘rinlar uchun kurashish qudratiga ega ekaniga emas, litsenziyalash talablarining bajarilishiga birinchi galda e’tibor qaratiladi.

Ma’lumot uchun, fevral oyining so‘nggi kunida PFL vakillari OFK komissiyasi bilan uchrashish uchun Kuala-Lumpurga yo‘l oladi. Bunda litsenziyalash talablari, ulardagi barcha jihatlar OFK vakillari bilan muhokama qilinadi. Aynan 2019-yildan boshlab O‘FA klublarga qo‘yilayotgan talablarni oshirgan bo‘lib, bunda tashkilot Yaponiya tanlab olgan yo‘ldan yurishga qaror qilgan. Ya’ni, milliy litsenziyalash talablariga javob bera oladigan klublar OFK litsenziyalash komissiyasi talablariga hech bir qiyinchiliksiz mos kelishi shart.

Shu yilning 1-may kuniga qadar esa barcha futbol klublari uchun 2020-yilgi mavsum talablari aks etgan reglament rasman taqdim etiladi. Klublar yil davomida shuning ustida ishlashi kerak bo‘ladi. 31-oktyabr kuni esa PFL litsenziyalash jarayonini yakunlaydi. Mazkur muddatdan bir kun kech qolgan jamoalarning arizasi qabul qilinmaydi. Ya’ni, 2020-yil uchun qadam noyabr oyi boshlanmay turiboq qo‘yiladi.

Professional futbol ligasi qur’a va chempionat starti kabi marosimlar sanasi ochiqlanishi biroz kechikkani uchun futbol muxlislaridan uzr so‘raydi. Shuningdek, davlat korxonalari berayotgan tayyor pulga jamoa tuzayotgan klub rahbarlarini o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishga chaqiradi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring