Shomurodovning sobiq jamoasi Shevchenkoga qancha maosh to‘lashi ma’lum bo‘ldi
Ukraina terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Andrey Shevchenko Italiyaning «Jenoa» klubiga o‘tishga yaqin turibdi. Nikolo Skira «Twitter»da yozishicha, ukrain mutaxassisi va genuyaliklar o‘rtasidagi muzokaralar qizg‘in pallaga kirgan va natijasi yaqin soatlarda rasman e’lon qilinadi.
«Jenoa» rahbarlari Shevchenkoga yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati bilan ikki yillik shartnoma taklif etishyapti. Agar u jamoa bosh murabbiyi bo‘lsa yiliga 1,8 mln. yevro maosh va turli bonuslarga ega bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, Shevchenkoning murabbiylik shtabiga u bilan birga Yevro-2020 da faoliyat olib borgan italiyalik mutaxassislar — Andrea Maldera va Mauro Tassotti kiritiladi.
Genuya jamoasining amerikalik yangi egalarini italiyalik mutaxassis — Davide Ballardini faoliyati qoniqtirmayapti: «Jenoa» 11 o‘yindan so‘ng 8 ochko bilan Italiya A Seriyasining 17-pog‘onasini egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Andrey Shevchenko Ukraina terma jamoasini 2016—2021-yillarda boshqargan va so‘nggi Yevropa chempionatida (Yevro-2020) jamoasini chorak finalga qadar olib chiqqandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter