Shavkat Mirziyoyev sportga oid yangi qarorga imzo chekdi
O‘zbekiston Prezidentining «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra gimnastikani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.
Jumladan, gimnastika sport turlarining aholi o‘rtasida ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
- maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratish va ularning ushbu sport turlari bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarini shakllantirish;
- umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni bosqichma-bosqich ko‘paytirish hamda mashg‘ulot va to‘garaklarni tizimli yo‘lga qo‘yish;
- gimnastika sport turlari bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda videomateriallar ishlab chiqish;
- sport-ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, respublikada gimnastika sport turlari uchun zarur bo‘lgan sport jihozlari va inventarlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- qizlar o‘rtasida erta yoshdan gimnastika sport turlarini rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlariga gimnastika sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa sportchilarini tayyorlash dasturlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Gimnastika sport turlarini ommalashtirish maqsadida bog‘chalarda «Gimnastikaga ilk qadam» dasturi, umumta’lim maktablarida esa «Gimnastika bolalar uchun» dasturi joriy qilinadi.
Iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish va ularni xalqaro standartlar asosida professional tayyorlash maqsadida Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda.
Oliy ma’lumotli trenerlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilish kvotalarini 2 baravarga oshirish nazarda tutiladi.
Shuningdek, milliy terma jamoalar gimnastlarini Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha 1 oy muddatda qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter