Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishki sport qiroli

Qishki sport qiroli

Foto: «NHL.com»

Xokkey asrlar osha muxlislarni o‘ziga rom etib kelmoqda. Qishki olimpiya o‘yinlarining gultoji xokkey ekanligi shubhasiz. Ayniqsa, Kanada, Rossiya, AQSh kabi jamoalar bir-birlari bilan to‘qnashib qolsa bormi. Quyida e’tiboringizga xokkey tarixiga oid qiziqarli faktlarni havola etamiz.

* Dastlabki xokkey o‘yini 1875-yilning 3-martida Monrealda o‘tkazilgan. Bu haqda mahalliy «Montreal Gazette» nashri xabar bergan;

* Xokkeychilar 1879-yilga qadar yog‘och shaybalarda o‘ynashgan;                                        

* Dastlab xokkey jamoalari 9 kishidan iborat bo‘lgan. Keyinchalik tarkib 7 nafargacha kamaytirilgan. 1904-yildan boshlab 6 kishilik jamoalar shayba surishmoqda;

* Xokkeyning eng nufuzli «Stenli» kubogi lord Frederik Artur Stenli tomonidan 10 funt sterlingga xarid qilingan;

* Muz saroylaridagi maydonga muz qoplama tayyorlovchi qurilmani kaliforniyalik Frenk Zamboni 1945-yilda yaratgan;

* Qalin muz qatlami yaxshi sirpanishga xalaqit beradi. Shuning uchun muz o‘rtacha 7,6-10 sm. qalinlikda quyiladi;

* Kanada va sobiq SSSR jamoalari 1954-yilda ilk bor uchrashishgan va Kanada 7:2 hisobi bilan mag‘lub bo‘lgan;

* Kuchli zarbalar ta’sirida shayba 193 km/soatgacha tezlikda uchadi;

* Shaybalar rezinadan tayyorlanadi va 200 gramm vaznga ega bo‘ladi. Sakrab ketmasligi uchun o‘yin oldidan yaxshilab muzlatiladi;

* Milliy Xokkey Ligasida o‘yinchilarga spirtli ichimlik ichishga ruxsat beriladi;

* Xokkey juda tezkor o‘yin hisoblanadi. Darvozaabonda 20 metrdan berilgan zarbani qaytarish uchun 0,45 soniyagina muddat bor;

* Eng katta hisob 2008-yilning 7-sentabrida Slovakiya va Bolgariya ayollar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda qayd etilgan. Slovakiya termasi raqiblarini 82:0 hisobi bilan dog‘da qoldirib, saralash turnirlari g‘olibi bo‘lgan. Eng qizig‘i, shu o‘yinni bor-yo‘g‘i 37 nafar muxlis bevosita tomosha qilgan. Erkaklar o‘rtasidagi rekord 1987-yilning 15-martida qayd etilgan. Avstraliya terma jamoasi Yangi Zelandiya xokkeychilarini 58:0 hisobida mag‘lub etgan;

* 1990-yilning 14-yanvarida Daniyaning Xersolme shahrida «Rungsted» jamoasi xokkeychisi Per Olsen «Odense» jamoasiga qarshi kechgan o‘yinda o‘yinning ikkinchi soniyasida darvozaga gol urgan;

* Yorgen Palmgren Eriksen 1991-yilning 17-martida 10 soniya ichida 3 ta, «Vernoy Kugars» jamoasi 56 soniyada 5 ta, «Kamlups Nayts of Kolambus» jamoasi esa 1980-yilning 25-yanvarida 2 daqiqa 22 soniya ichida 7 ta gol kiritgan;

* 1980-yili «Stenli» kubogini qo‘lga kiritgan Brayan Trotte kubokni quchoqlab uxlaganini «Men uyg‘onganimda kubokni ko‘rishni xohlaganman», – deya izohlagan;

* Mashhur xokkeychi Boris Mayorov futbol bo‘yicha oliy ligada, «Spartak» jamoasi safida ham o‘ynagan. To‘p unga tushganida muxlislar «Shayba! Shayba!» deb olqishlaganlar;

* Futbol bo‘yicha mashhur darvozabon Lev Yashin xokkeyda ham darvozabonlik qilgan. 1953 yili u xokkey bo‘yicha SSSR kubogini qo‘lga kiritgan. Uni terma jamoaga taklif qilishganida o‘zini bundan buyon to‘liq futbolga bag‘ishlashini ma’lum qilgan;

* 1917-yili MXL qoidalarga o‘zgarishlar kiritdi va darvozabonga shaybani qaytarish chog‘ida yiqilishga ham ruxsat berdi. Bunga qadar darvozabon yiqilsa jarimaga tortilar va kamiga maoshidan 2 dollar ushlab qolinardi. U paytlarda jarima sifatida 2 dollardan 15 dollargacha bo‘lgan jarimalar keng qo‘llanilar va bu anchagina katta pul edi;

* Mashhur xokkeychi Ueyn Gretski 21 million dollarga transfer qilingan yillarda biror futbolchi 10 million dollarga ham baholanmagandi.

Abror tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring