O‘zPFL xodimi tamagirlik qilgani uchun qo‘lga olindi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi o‘zbek futbolida korrupsiya, poraxo‘rlik va tamagirlik kabi illatlarni yo‘qotish va ularga qarshi kurashish yo‘lida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda, deb xabar berdi O‘FA matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, mana shunday noqonuniy harakatlar bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va tegishli huquq-tartibot organlariga topshirish maqsadida muntazam ravishda tekshiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday tekshiruv ishlari natijasida PFL Sport bo‘limi mutaxassisi R.K. tamagirlik bilan shug‘ullanayotganlikda ayblanib ushlangan.
U Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani «Yoshlar Ittifoqi»ning «Ittifoq» jamoasini Pro-liganing «V» ligasida ishtirok etishi uchun litsenziyalashdan o‘tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari miqdorida pora so‘ragan.
Bu haqida xabar topgan O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir o‘tkazdi. Ana shu tadbir natijasida bugun, 18-yanvar kuni R.K. O‘zbekiston davlat konservatoriyasining yonida 1 500 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter