Behzod Musayev o‘zlarini majruh qilayotgan «sportchi»lar haqida ogohlantirdi
So‘nggi paytlarda yurtimiz shifoxonalariga infarkt, insult, tomirlarda tromblar hosil bo‘lishi kabi xavfli xastaliklar bilan murojaat qilayotgan yoki og‘ir ahvolda olib kelinayotgan fuqarolar orasida yosh, jismonan baquvvat, tog‘ni ursa talqon qiladigan qaddi-qomatga ega bemorlar ham uchrayotgani juda achinarlidir, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Xo‘sh, bu qanday omillar bilan bog‘liq?
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu bemorlar tana mushaklari massasi va quvvatini oshirish maqsadida bodibilding, kulturizm, fitnes kabi sport turlari bilan shug‘ullanish davomida kukun, tabletka va in’yeksiya shaklidagi turli biologik faol, xususan, proteinli qo‘shimchalardan muntazam foydalanib kelgan.
Hatto ular orasida haftasiga bir-ikki marotaba turli ko‘rinishdagi preparatlarni tizimli ravishda qo‘llaganlar ham uchrab turadi.
Oqibatda qondagi gemoglobin, eritrotsit, trombotsitlar miqdori o‘zgarib, qon quyuqlashishi yuzaga kelgan. So‘ngra tomirlarda tromblar hosil bo‘lishi hisobiga yuqoridagi singari xavfli asoratlar paydo bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, foydalanilayotgan bu singari steroid preparatlar va anabolik komplekslarning aksariyati tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va tibbiyot xodimlari nazoratisiz qabul qilingan...
Behzod Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri:
— Yoshlarimiz sport bilan shug‘ullanayongani, albatta, quvonarli holat. Ammo uni sog‘lik uchun ziyon yetkazadigan mashg‘ulotga aylantirib qo‘ymasligimiz kerak.
Afsuski, bugun ayrim yoshlarimiz bilak va mushaklarim yanayam baquvvat, qomatim kelishgan bo‘lsin, deb, mutaxassislar bilan maslahatlashmay, palapartish, nazoratsiz turli zararli vositalar, oqsil va gormonlarni qabul qilayotgani juda achinarli. Bu sog‘lom turmush tarziga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shunday ekan, yoshlar, ota-onalar va jamiyat faollari, sog‘lom turmush targ‘ibotchilari, tibbiyot xodimlarini bu borada yanada xushyor va e’tiborli bo‘lishga chaqiramiz.
Baquvvat bilak va mushaklar, chiroyli qomat uchun sog‘lom va o‘ktam yigitlarimizning o‘z hayotini xavf ostida qoldirishiga hech birimiz befarq bo‘lmasligimiz shart.
O‘z navbatida, sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, ayniqsa, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini xodimlari, oilaviy shifokor va hamshiralarning targ‘ibot va profilaktika dasturlaridan ana shu masalalar yanada qat’iy o‘rin olishi choralarini ko‘ramiz.
Qolaversa, tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tmay realizatsiya qilinayotgan yuqoridagi singari preparatlar savdosi tegishli davlat organlari tomonidan qat’iy nazorat ostiga olinishi va davolash standartida ko‘zda tutilmagan dori-darmonlarning ishlatilishiga chek qo‘yish zarur, deb hisoblayman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter