O‘zbekistonda tennis qanday rivojlanmoqda?
Dunyoda rivojlangan sport turlari talaygina — futbol, xokkey, voleybol, basketbol. Ular orasida tennisning ham o‘rni katta. Masalan, Rafael Nadal, Rojer Federer va Novak Jokovichlar o‘rtasida kechadigan bahslar ancha muncha futbol o‘yinidan kam shov-shuv ko‘tarmaydi. O‘zbekistonda ham bu o‘yinga qiziqish kattagina.
Har qanday sport turining rivoji unga beriladigan e’tibor bilan bog‘liq. Tennis — butun dunyoni o‘ziga rom etgan o‘yin. Hozirda ushbu sport turi yurtimizda ham jadal rivojlanmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bunga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Isbot esa shundaki, o‘tgan hafta yurtimizda o‘smirlar o‘rtasida ikkita muhim xalqaro musobaqa - G3 NBU CUP va ITF JUNIORS J2 turnirlari o‘tkazildi. Unda vakillarimizdan tashqari Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Tojikiston, Fransiya, Slovakiya, Buyuk Britaniya, Belarus, Isroil, Germaniya davlatlaridan tashrif buyurgan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar kortga chiqishdi.
Bu musobaqalar yurtimizda tennis rivojiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Avvalo shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, Respublika olimpiya zahiralari tennis maktabi kortlarida o‘tgan G3 NBU CUP xalqaro turniri o‘smirlar o‘rtasida ITF turkumiga kiradi.
— Ushbu musobaqa yosh sportchilarni kelajakda qanday yutuqlarga erishishida juda muhim imkoniyat yaratadi, — dedi musobaqa haqida Respublika olimpiya zahiralari tennis maktabi direktori Samug Obidov. — Ular mana shunday bellashuvlar orqali tajriba orttirishadi, Xalqaro federatsiya reytingini qo‘lga kiritishadi. Professional musobaqaga chiqqanda mana shu tajriba ularga yordam beradi.
Ushbu musobaqaning qizlar o‘rtasida kechgan bahslarida rossiyalik Aleftina Ibragimova, yigitlar o‘rtasidagi bahsda esa janubiy koreyalik Voo bin Shin g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, 7-12 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan ITF JUNIORS J2 musobaqasi ham qizg‘in bahslarga boy kechdi. Qur’a tashlash paytida barcha turnir o‘yinchilari xalqaro reytingdagi tasniflariga ko‘ra turnir jadvaliga biriktirildi.
Yakkalik asosiy tur bahslarida O‘zbekiston sharafini 14 nafar sportchi himoya qildi, shulardan 10 nafari yigitlar (ulardan to‘rt nafari musobaqaning asosiy o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi) 4 nafari esa qizlar.
Asosiy turdagi juftlik o‘yinlarda 14 ta sportchi o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa, shulardan 5 tasi qizlar 9 nafari esa yigitlardan iborat bo‘ldi. Musobaqa yuqori tashkilotchilik ruhiyatida o‘tdi va O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova yaratilgan sharoitlarga yuksak baho berdi.
— Eng avvalo bosh homiymiz O‘zmilliybankka minnatdorchilik bildirmoqchi edim. Yurtimizda bunday saviyadagi musobaqani tashkil etish uchun bank barcha sharoitni yaratib bermoqda. Xorijdan kelgan tennischilar juda mamnun, ular faqat bir narsadan — o‘ta jazirama issiqdan shikoyat qilishlari mumkin. Boshqa tomonlama hech qanday muammo yo‘q, — Iroda To‘laganova.
O‘zbekiston o‘z vaqtida tennis olamiga Iroda To‘laganova va Denis Istomin kabi iqtidorlarni yetkazib bergan. Hozir O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabining umidi yosh tennischilarga qaratilgan. Asosiy maqsad esa 2025 yilda yurtimizda bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish. Buning uchun lozim bo‘lgan barcha harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zmilliybank ko‘magida yosh tennischilar xorijda o‘tkazilayotgan musobaqalarda ishtirok etmoqda. Tojikistonda bo‘lib o‘tgan TTF Open 2021 turniri esa to‘lig‘icha o‘zbekistonlik tennischilarga bag‘ishlandi. Musobaqada barcha toifadagi sovrinlar hamyurtlarimizga nasib qildi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bundan so‘ng ham yurtimizda tennis rivoji uchun lozim bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter