«Devis kubogi»: O‘zbekiston – Bosniya va Gersegovina terma jamoalari bahsi uchun qur’a tashlandi
Toshkent shahridagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi yopiq kortlarida 31 yanvar — 1 fevral kunlari O‘zbekiston terma jamoasi tennis bo‘yicha «Devis kubogi»ning I Jahon guruhi uchun pley-off bosqichida Bosniya va Gersegovina bilan raqobatlashadi.
Ushbu uchrashuv oldidan poytaxtimizda matbuot anjumani va qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoasi a’zolari, musobaqa bosh hakami va bir qator mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Shuningdek, musobaqa reglamenti va o‘tkaziladigan o‘yinlar haqida to‘liq ma’lumot berildi.
– «Devis kubogi» musobaqasida uzoq yillardan beri ishtirok etib kelmoqdamiz va bu safargi bahsda raqib kuchli bo‘lishiga qaramasdan faqat g‘alaba uchun kortga chiqamiz, – deydi mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Humoyun Sultonov. – Raqib jamoa a’zolarining o‘yinini ko‘p kuzatganmiz va ular qanday o‘ynashini yaxshi bilamiz. Umid qilamizki, jahon ligasiga yo‘l olamiz.
Qur’a natijalari bilan quyida tanishasiz:
31 yanvar:
Humoyun Sultonov – Mirza Basich
Sergey Fomin – Damir Jumhur
1 fevral:
Sergey Fomin/ Humoyun Sultonov – Mirza Basich/ Nerman Fatich
Humoyun Sultonov – Damir Jumhur
Sergey Fomin – Mirza Basich
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, jamoalar o‘z o‘yinchilarini natijaga qarab almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur bahsda terma jamoamiz sharafini Humoyun Sultonov, Sergey Fomin, Maksim Shin va Rahimbek Ibrohimov himoya qiladi. Denis Istomin jamoa sardori sifatida tennischilarimizga yordam beradi.
Bosniya va Gersegovina termasi esa mazkur bellashuvga Tomislav Brkich sardorligida Damir Jumhur, Nerman Fatich, Mirza Basich va Andrey Nedich kabi tennischilar bilan o‘z tarkibini to‘ldirgan.
31 yanvar kungi uchrashuvlar soat 13:00da, 1 fevraldagisi esa 11:00 da boshlanadi. Ikki terma jamoa o‘rtasidagi bahs g‘olibi I Jahon guruhiga yo‘l oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter