Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

O‘zbek boksining siri (video)

Bokschining yutug‘i kuchli mushaklari emas, balki aqliy kuchidir

Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari tugadi, ammo hayajonlar hali bosilgani yo‘q. Avvaliga dzyudochimiz Diyora Keldiyorova o‘zining birinchi oltin medali bilan hammamizni xursand qildi. Kerakli joyda kerakli vaqtda bo‘lish, buyam bir yutuq aslida. Diyora bilan bog‘liq hayajonlarimiz bosilmasdan turib bizning bokschilarimiz yetti vazn toifasidagi janglardan beshtasini g‘oliblik bilan yakunladi. 

Ha, bugun o‘zbek boks maktabi haqida gapirmoqchimiz. Bunga esa bir qozoq bovurimizning o‘zbek bokschilari haqida aytgan iliq fikrlari bo‘ldi. U shunday dedi: «O‘zbeklar barakalla, nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun dunyoni qoyil qoldirdingizlar, bu bizning ham yutug‘imiz».

Umuman o‘zbek boksining yutuqlariga nima sabab bo‘layotgani haqida xorij ekspertlari, blogerlari juda ko‘p fikrlarni aytishgan. Hattoki, o‘zbek bokschilari nima uchun bu qadar ko‘p yutuqlarga ega bo‘lishmoqda degan savolga, ularga kubalik trenerlar saboq berishmoqda, deguvchilar ham bor. Keling moziyga qaytamiz.

«O‘zbekistonlik to‘rt nafar bokschining hammasi bugun jahon chempionligi uchun o‘zlarining final janglarini kubalik bokschilarga qarshi o‘tkazishadi. «Mening izimdan borib, hamma kubaliklarni yutib, jahon chempioni bo‘lishsin», – degandi 2017 yil Bi-bi-siga bergan intervyusida  afsonaviy bokschimiz Rufat Risqiyev.

Rufat aka Risqiyevning o‘zi esa, ikki karra Kuba Ochiq chempionatining chempioni bo‘ladi. «Men kubaliklar bilan sakkiz marta ringga chiqqanman. O‘shandan faqat bittasi ochkolar hisobiga, qolgan barchasini esa, nokaut bilan yutganman. Mendan boshqa kubaliklarni «urgan» odam yo‘q SSSRda. Faqat O‘zbekistondan, biz – o‘zbeklar yutganmiz. Shuning uchun ham bolalarga faqat omad tilayman», – deydi o‘sha intervyusida Rufat aka.

Boksdagi faoliyati orqali butun dunyoda «Toshkent yo‘lbarsi» nomi bilan dong taratgan afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev o‘z karerasi davomida 189 ta jang o‘tkazib, shundan 174 tasini g‘alaba bilan yakunlagan. Ilk bor 1972 yilda 75 kilogrammgacha vazn toifasida Sobiq ittifoq chempionligini qo‘lga kiritgan. O‘zbek boksi afsonasi 1974-76 yillarda qatorasiga uch bor yana mamlakatda tengsiz ekanligini isbotlagan.

U 1974 yilda Gavanada o‘tkazilgan boks bo‘yicha ilk jahon chempionatida barcha raqiblarini yengib oltin medalni qo‘lga kiritadi.

AIBA shu yili ya’ni 1974 yildan e’tiboran havaskorlar o‘rtasida jahon chempionati tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilgan va Rufat Risqiyev dastlabki chempionlardan biri sifatida tarixga kirgan.

Rufat Risqiyev 1976 yilda Monreal shahri mezbonlik qilgan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi sanalmish Olimpiya o‘yinlarida finalgacha yetib borib, musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘lgan. Ushbu Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng 27 yoshli Rufat Risqiyev faoliyati davomida orttirgan jarohatlari sabab katta sportni tark etishga qaror qiladi.

Rufat Risqiyev sobiq Ittifoq boks federatsiyasi tomonidan «Eng yaxshi bokschi» unvoni bilan taqdirlangan. Ushbu mukofot 1948 yilda Rossiyada boksning 50 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan bo‘lib, unvonga o‘z davrining yengilmas bokschilarigina sazovor bo‘lishgan.

Hatto Rufat Risqiyev o‘z hayotiga bag‘ishlab ishlangan «Ringga chorlamoqda... » filmida suratga tushgan.

1997 yilda Rufat Risqiyev WBAning hakamlar bo‘limiga a’zo bo‘ldi va Markaziy Osiyoda professional boks bo‘yicha xalqaro toifadagi birinchi hakamga aylandi.

Mana Rufat Risqiyevning duolari ijobatimi, 2016-2017 yillardan to shu kungacha bokschilarimiz boksda dunyo bo‘yicha oldinda.

«Oq Tayson» nomi bilan mashhur yana bir bokschimiz Ruslan Chagayev o‘zbek boksining tirik afsonasi. U havaskor boksda 2 karra jahon chempioni hisoblanadi. 19 yoshli hamyurtimiz 1997 yildagi chempionat finalida kubalik nomdor bokschi Feliks Savonni mag‘lubiyatga uchratadi. Ammo, keyinchalik u medaldan mahrum qilinadi. Chunki, Chagayev bu vaqtga qadar AQShda ikki bora professional jang o‘tkazib ulgurgandi. Shunday bo‘lsa-da, Ruslan Chagayev Feliks Savonni 2 marotaba mag‘lub etgan kubalik bo‘lmagan yagona bokschi sanaladi. Qolaversa, u bu ishni Savon muntazam jahon chempionatlarida g‘alaba qozonib kelayotgan vaqtda amalga oshirgan. Savonning yurtdoshimizdan qabul qilib olgan mag‘lubiyati faoliyatining oxirgi 10 yillikdagi mag‘lubiyatsiz janglariga nuqta qo‘ygandi. 2001 yilda havaskor boksda jahon chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, Ruslan Chagayev to‘laqonli professional boksda o‘tadi.

2007 yilda Ruslan Chagayev  jahon chempioni Nikolay Valuyev bilan 12 raundlik to‘liq jangda g‘alaba qozonib, o‘zining dastlabki jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi.

Shundan 2016 yilgacha bir necha janglarda g‘alaba qozonadi. Va o‘zbek boksi tarixidagi super og‘ir vaznda 2 karra jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan Ruslan Chagayev 37 yoshida o‘z faoliyatini yakunlaydi.

Keyin ular izidan Muhammadqodir Abdullayev tez orada yaxshi natijalar bilan o‘zbekistonlik bokschilarning yengilmas va unutilmasligini isbotladi.

Keyin esa Hasanboy Do‘smatov, Bahodir Jalolov... ular juda ko‘p.

Hasanboy Do‘smatovning ilk g‘alabasi haqida ilk maqolani hayajonlanib yozganim hamon yodimda.

O‘shandan beri Hasanboy Do‘smatov haqida necha necha maqolalar yozildi, ko‘rsatuvlar qilindi. Nafaqat O‘zbekiston uni dunyo tanidi, tan oldi. Olam sport nashrida kechagi olimpiya o‘yinlaridan keyin britaniyalik ekspert Teylor OXiggins o‘zbekistonlik bokschi haqida shunday deydi:  «Amaldagi jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov Parijda ikkinchi vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari chempionligini nishonladi. Bu gal u hakamlarning yakdil qarori bilan Bilol Bennamadan ustun keldi. O‘zbekistonlik bokschining fantastik g‘alabasi. U vazn toifasidan qat’i nazar havaskorlar o‘rtasida birinchi raqamli bokschi ekanini yana bir marta isbotladi.

Do‘smatov tabiatan kichik vaznli bokschi, bo‘yi hatto 51 kilogramm vazn toifasi uchun ham pastlik qilishi uning natijalari qiymatini yanada ko‘taradi. Hatto uning Bennama yonida turganidagi farqqa bir e’tibor bering».

Voxma yutub kanalida boks murabbiyi Sardor Toshxo‘jayev bilan ajoyib suhbat tayyorlashibdi. Murabbiydan o‘zbek boksining fenomeniga kuba trenerlarining qanday aloqasi borligini so‘rashganida u shunday javob berdi: «Poyezd tepaga chiqayotganda uni yaxshi mashinist boshqarishi kerak. Bizda ham xuddi shunday. Bizning boksimiz yanada ravnaq topishi, yanada mustahkamlanishi uchun kubalik mutaxassislarni federatsiyamizga taklif qildik. Kubaliklar fenomenini yanada chuqur o‘rganishimiz kerak. Chunki hamma gap murabbiyda. O‘zbek boks maktabini Alloh yaxshi murabbiylar bilan siylagan va yaxshi shogirdlar ham Allohdan. Murabbiyning uchinchi ko‘zi bo‘lishi kerak. Kas.D.Amatoning uchinchi ko‘zi bo‘lgan. Jahon chempioni bo‘la oladigan har qanday bokschini bir qarashda bundan chempion chiqadi, deb aytgan. Ya’ni ustoz qaysi boladan jahon chempioni chiqishinii bittada ko‘rib ayta olishi kerak. Mayk Taysonni uning ikki murabbiyi, ya’ni Kevin Runi va Teddi Atlas Mayk Tayson qildi, kashf etishdi, ular undan jahon chempioni chiqishiga aniq ishonch hosil qilishgan va murabbiylar shu bolaga kuchni yo‘naltirgan. Ya’ni, mutaxassislar kuchni to‘g‘ri yo‘naltira olish lozim. O‘zbekiston yaxshi murabbiylarni asrashi va ularni qo‘llab-quvvatlash kerak. Chunki ular haqiqiy olmoslardir. Murabbiy qachonki tartibli, to‘g‘ri so‘z, mehnatkash bo‘lsa, olmos shogirdlarni ko‘paytiradi».

Olimpiya o‘yinlaridan keyin ijtimoiy tarmoqlarda bokschilarimizning g‘alabalari bilan barcha tabrikladi. Ular orasida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi bizga havas qilgan qo‘shnilarimiz ham bor. O‘zbek xalqi bag‘rikeng, yutuqlari bilan havolanmaydi, balki barcha bokschilarimizni maqtayotgan qo‘shnilarimizga hali sizlarda ham yaxshi bokschilar chiqadi, hali sizlar ham oldinga o‘tib ketasizlar deya ruhlantirishmoqda.

Baribir o‘z yurting, alp o‘g‘lonlaring haqida maqtov eshitish boshqacha. Qarang ular nima deyishmoqda: «Bosh murabbiyning mazasi bo‘lmay qoldi. O‘zbek bokschilari shunchaki g‘alaba qozongani yo‘q, shunaqa yutuqlarga erishish uchun yuragi to‘xtab qoladigan darajada chin yurakdan ishlaydigan murabbiylar kerak».

«Ularning muxlislariday muxlislar kam, muxlislari ham qattiq tayyorlanishgan... shunday muxlislar uchunam g‘alab qozonsang arziydi...»

Ular haqida nafaqat qo‘shnilarimiz balki xorij matbuotida ham maqolalar chiqarishmoqda, Amerikaning mashhur nashri shunday yozmoqda: «O‘zbekistonlik bokschilar hammadan oldinda, biz umuman boshqa darajadagi boksni ko‘rdik...»

Bugun o‘zbek bokschilari butun dunyoni lol qoldirmoqda. Albatta bu ularning nafaqat yengilmasligi, kuchliligidan, balki irodasi, ruhiyati yengilmasligini ham ko‘rsatmoqda. Amerikalik boks murabbiyi Kas D.Amato aytganidek: «Boks mushaklarning kuchi emas, boks aqliy kuchdir. Agar siz ruhiy jihatdan kuchli bo‘lmasangiz, buyuk bokschi bo‘lolmaysiz.»

Nafaqat bilagi kuchga to‘la, balki aqliy va ruhiy tomondan irodali bo‘lgan alp o‘g‘lonlarimizga esa hamisha omad yor bo‘lsin.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring