Osiyoning eng yaxshi ayol kurashchisi O‘zbekistonga keldi
2017-yil yakunlari bo‘yicha Osiyo–Okeaniya kurash konfederatsiyasi yilning eng yaxshilari bo‘yicha qator nominatsiya g‘oliblarini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, «Yilning eng yaxshi ayol kurashchisi» nominatsiyasida Xitoy Taypeyi kurash federatsiyasi vakilasi YangHsiyen-tzu (Yang Hsien-tzu) g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ayni kunlarda ana shu sportchi yurtimizda bo‘lib turibdi.
Gap shundaki, shu yil 22-25-mart kunlari Hindistonning Puna shahrida kurash bo‘yicha Osiyo chempionati va 18-avgust — 2-sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Xitoy Taypeyi terma jamoasi Toshkent shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. Mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan birgalikda o‘tkazilmoqda. Mamlakatimiz vakillari ikkita tarkibda jalb qilingan. O‘quv yig‘in mashg‘ulotlari 20-mart kuni yakuniga yetishi va polvonlarimiz 21-mart kuni Hindistonga uchib ketishi rejalashtirilmoqda.
— Kurash vataniga kelganimdan mamnunman, — dedi Yang Hsiyen-tzu. — Kurash o‘zining jozibadorligi bilan meni o‘ziga rom etgan, ushbu sport turi irodamni sinovdan o‘tkazishga yordam beradi. Jamoamiz a’zolarining kurashni dunyoga taqdim etgan O‘zbekistonga hurmati juda baland.
Ma’lumot uchun, Yang Hsiyen-tzu 1985-yil 19-mart kuni Xitoy Taypeyining Tyunan shahrida tug‘ilgan. 5 yoshidan gimnastika mashg‘ulotlariga qatnagan. 11 yoshidan esa maxsus sport maktabiga qabul qilingan. Kurash, dzyudo bo‘yicha bir necha marotaba mamlakat chempioni. 2005 yildan kurash bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalar ishtirokchisi. Ikki karra jahon chempioni.
2017-yil Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan yopiq inshoatlar va jang san’atlari bo‘yicha V–Osiyo o‘yinlarida 78 kg vaznda barcha raqiblari ustidan sof g‘alabaga erishib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
KSAO matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter