Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osiyo chempioni bir oylik harbiy xizmatni o‘tadi

Osiyo chempioni bir oylik harbiy xizmatni o‘tadi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Indoneziyada bo‘lib o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida og‘ir atletikaning shtanga ko‘tarish bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yildagi «XVIII Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash to‘g‘risida»gi Farmoyishiga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridan 5 xonali uy bilan mukofotlangan Rustam Jangabayev Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonida xizmat burchini o‘tadi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining faxriga aylangan Rustam 25 yoshiga qadar ulkan va zalvorli yo‘lni bosib o‘tishga ulgurdi. 2016-yilning 14-17-dekabr kunlari Qatarning Doxa shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo Kubogi va IV Xalqaro Qatar Kubogida 105 kg dan yuqori vazn toifasida Rustam Jangaboyev uch oltin va bir kumush medalni qo‘lga kiritdi hamda Osiyo kubogi g‘olibiga aylandi.

2017-yil Ashxobodda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida va Ozarbayjonning Baku shahridagi Osiyo chempionatida yurtimiz sportini tanitgan Rustam Jangaboyevga chempionlik nasib qiladi. O‘sha yilda Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan yopiq inshootlardagi jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari sovrindori bo‘lgan Rustam hukumatimiz tomonidan «Nexia» avtomobili bilan taqdirlandi.

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

2018-yilning noyabr oyida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida 109 kg vazn toifasida 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Rustam hozirgi kunda 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan XXXII yozgi olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Harbiy xizmatdan so‘ng Rustam Jangaboyev O‘zbekiston Milliy gvardiyasi safida xizmat qilish niyatida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring